Yerdan foydalanishda yozma ko‘rsatmalarni bajarmaganlar jarima to‘laydi 

  • 12:40 / 13.11.2019
  • 370

O‘zbekiston “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksi 68-2-modda bilan to‘ldirilishi mumkin. 
Bu o‘zgarish “Ma’muriy javobgalik to‘g‘risida”gi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonuni loyihasiga binoan amalga oshirilishi mumkin.  

O‘zgarishda quyidagilar aks etgan:

68-2-modda – “Yer xususidagi qonunbuzilish holatlarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni bajarmaslik”.
Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradigan davlat organlarining o‘z vakolatlari doirasida yerga oid qonun hujjatlari buzilishini bartaraf etish va yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaslik fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.