Yevropa ittifoqi hududida bir martalik plastik idishlardan foydalanish taqiqlandi

  • 19:45 / 04.07.2021
  • 272

Yevropa ittifoqi hududida bir martalik idishlardan foydalanishni taqiqlash haqidagi qaror kuchga kirdi. Taqiqlangan mahsulotlar orasida plastik likopchalar, sharbat uchun moʻljallangan naycha, qoshiq hamda sanchqilar ham bor.

“Yevropa bir martalik plastik likopchalar, oshxona jihozlari, ichimlik naychalari, havo pufaklari va shirin paxta uchun moʻljallangan plastik tutqichlar, taom va ichimliklar uchun moʻljallangan penopolistirol idishlar bilan xayrlashmoqda”, deb yozdi bu haqida atrof-muhit boʻyicha yevrokomissar Virginiyus Sinkyavichyus. Yevroparlament ushbu qonun loyihasini 2019-yilda maʼqullagan edi.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda dengizlardagi chiqindilarning 80 foizini plastik tashkil qiladi. U okean va sohillarda toʻplanib qolmoqda, suv ostida hayot kechiruvchi jonivorlarning oʻlimiga sabab boʻlyapti. Plastik boʻlaklari baliqlar orqali odamlar organizmiga ham tushib qolmoqda.

Rivojlanayotgan mamlakatlarda plastik chiqindilar har 30 soniyada bitta odam oʻlimiga sabab boʻlyapti.