Yevroparlament rahbari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi

  • 10:15 / 30.05.2021
  • 74

Yevropa parlamenti raisi Devid Sassoli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish kerakligini aytdi.

“Biz rossiyalik amaldorlarga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishimiz, aholi va fuqarolar jamiyati bilan esa aloqalarni mustahkamlashimiz kerak”, dedi Sassoli.

U Yevropa Ittifoqi va Rossiya oʻrtasidagi munosabatlar katta bosim ostida ekanligini aytgan. Siyosatchi bu oʻrinda Aleksey Navalniy bilan bogʻliq vaziyat hamda Ukrainaning shimoli-sharqiy qismidagi mojaroni ham tilga olgan.

Soʻnggi vaqtlarda Moskva hamda Bryussel oʻrtasidagi munosabatlarda keskinlik kuzatilmoqda. Mart oyida Yevropa ittifoqi Aleksey Navalniyning qoʻlga olinishi sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalar eʼlon qilgandi. Rossiya esa bunga javoban 8 nafar yevropalik amaldorga, jumladan Devid Sassoliga ham mamlakatga kirishni taqiqlab qoʻygan.