Yil boshidan buyon O‘zbekiston 26 million dollarlik dasturiy mahsulotlar eksport qilgan

  • 20:48 / 10.09.2021
  • 128

Joriy yil 8 oyida ishlab chiqilgan dasturiy mahsulotlar hajmi 2,4 baravarga, ularning eksporti 3,3 baravarga oshib, 26 million dollarga yetdi.

Bu haqda bugun, 10-sentyabr kuni Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan IT sohasiga oid videoselektor yig‘ilish avvalida Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gergavi hamda Mirziyoyevning videokoferensaloqa shaklidagi uchrashuvida ma’lum qilindi.

Uchrashuvda, dastlab, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda salohiyatli kadrlar tayyorlash va iqtidorli yoshlar bilan tizimli ishlash bo‘yicha fikr almashildi.

Mirziyoyev O‘zbekistonda “raqamli iqtisodiyot” kelgusi besh yilda mamlakat taraqqiyotining asosiy drayveri sifatida belgilab olingani, bu borada barcha soha va hududlarda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boshlanganini ta’kidladi.

Jumladan, hozirga qadar hududlarda 89 ta, tarmoqlarda 200 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi. Yil boshidan buyon IT-park rezidentlari soni 35 foizga ko‘payib (482 ta), ularda 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Kelgusi 3 yilda iqtisodiyot sohalarida yana 300 ta yangi loyihani amalga oshirish belgilangan. Ushbu loyihalarni to‘liq amalga oshirish uchun sohada yuqori malakali kadrlarni tayyorlash eng dolzarb masala hisoblanadi.

Bu borada Dubay Kelajak Fondi ishtirokida “Bir million dasturchi” loyihasi boshlangan. Bugungi kunga qadar loyiha doirasida 567 ming yosh uchun bepul ta’lim olish imkoniyati yaratilib, ularning 217 ming nafari sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. E’tiborli jihati – loyiha ishtirokchilarining 446 ming nafarini (79 foiz) maktab o‘quvchilari tashkil etadi.

“Bir million dasturchi” loyihasini samarali amalga oshirishda, Birlashgan Arab Amirliklari ishtiroki katta ahamiyat kasb etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yana bir yorqin ifodasiga aylandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev zamonaviy IT, qayta tiklanuvchi energiya manbalari kabi eng ilg‘or yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shayotgan Birlashgan Arab Amirliklari hukumatiga, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari hukumat ishlari vaziri Muhammad Abdulla al-Gergavi janoblariga “Bir million dasturchi” loyihasini amalga oshirishda ko‘rsatayotgan shaxsiy ko‘magi uchun alohida minnatdorlik bildirdi.

Muhammad Abdulla al-Gergavi janoblari Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirib, kelgusida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilishini qayd etdi.