Yillik inflyatsiya iyul oyi yakunlariga ko‘ra 11 foiz atrofida qoladi – Markaziy bank

  • 17:14 / 29.07.2021
  • 293

Bugun, 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishida inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar haqida ma’lumot berildi.

Unga ko‘ra, 2021-yilning iyun oyi yakunlari bo‘yicha yillik inflyatsiya darajasi may oyida kuzatilgani kabi 10,9 foizni tashkil etib, so‘nggi to‘rt-besh oydan beri deyarli o‘zgarishsiz shakllanmoqda. 

Iyun oyi yakunlari bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik o‘sishi 14,7 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qo‘shdi. 
Ta’kidlanishicha, may-iyul oylarida ushbu guruhdagi meva va sabzavotlar narxlarida kutilganidek mavsumiy pasayish sur’atlari kuzatilmadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘suvchi dinamikasi ko‘proq ishlab chiqarish, ob-havo sharoitlari, hosildorlik darajasi, umuman olganda, taklif bilan bog‘liq omillar ta’siri bilan izohlanadi.

Inflyatsiyaning barqaror komponentlaridan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar narxlarida iyun oyida yillik o‘sish sur’atlari mos ravishda 8,2 va 8,1 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyani prognoz doirasida sekinlashishiga xizmat qilmoqda.   

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar hamda tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) o‘zgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi iyun oyida umumiy inflyatsiya darajasidan pasayib, 10,2 foizni tashkil qildi.

Iyun oyida o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 16,3 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga o‘sdi.

Kutilmalarning kelgusi dinamikasi ko‘proq asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashuvi va almashuv kursi dinamikasiga muvofiq tarzda shakllanib boradi.