Zamonaviy shahzodalar qanday hayot kechirishadi?

  • 13:25 / 29.07.2021
  • 397

Zamondoshlarimiz orasida shahzodalar soni yetarlicha. Ular tashqi koʻrinish jihatidan ertaklardagi shahzodalarni yodga solmasalar-da, hayot tarzi koʻpchilik uchun qiziq.

Iordaniya shahzodasi Husayn

Husayn bin Abdulla – Iordaniya qiroli Abdulla II va qirolicha Raniyaning toʻngʻich farzandi. U kelgusida Iordaniya taxtini egallaydi. Shahzoda 20 yoshlik paytlarida BMT Xavfsizlik kengashining eng yosh aʼzosiga aylangan, 2016-yili esa Jorjtaun universitetida xalqaro tarix yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan. Husayn Buyuk Britaniyadagi Sendxerst harbiy akademiyasini ham tamomlagan.

Gretsiya va Daniya shahzodasi Konstantin Aleksios

Konstantin – qirol Konstantin IIning katta oʻgʻli, shahzoda Pavelning toʻngʻich farzandi hisoblanadi. Shahzoda Jorjtaun universitetida oʻqiydi, Instagram sahifasini yuritadi. Qizigʻi, Konstantinning choʻqintirgan otasi – Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam hisoblanadi.

Belgiya shahzodasi Ioaxim

Belgiya taxti vorislari roʻyxatida oʻninchi oʻrinda turuvchi shahzoda Ioaxim Angliya va Milanda iqtisodiyot va menejment yoʻnalishlarida tahsil olgan. U bugungi kunga qadar Belgiya dengiz piyoda qoʻshinlari ofitseri hisoblanadi.

Bruney shahzodasi Abdul Matin

Bruney sultoni Xasan al Bolkiaxning 10 nafar farzandi bor, shahzoda Abdul Matin taxtga daʼvogarlar roʻyxatidagi oltinchi oʻrinda turadi. U 2016-yilda London universitetida magistratura bosqichini tamomlagan. Abdul Matin Instagram sahifasini yuritib boradi.

Daniya shahzodasi Nikolay

Daniya shahzodasi Nikolay Buyuk Britaniya qirollik oilasi bilan ham qarindoshchilik aloqalariga ega. U ayni vaqtda model sifatida faoliyat olib boradi. Nikolay ilk marta 2018-yilda Londondagi modalar haftaligida chiqish qilgan edi. 2019-yilda esa “Vogue” jurnalining Ukrainada chop etiluvchi versiyasi muqovasida koʻrinish bergan.