Zangiotada yangi universitet ochiladi

  • 13:26 / 22.07.2021
  • 70

Zangiota tumanida joylashgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterida Farmasevtika texnik universiteti tashkil etiladi. 

Bu haqdagi qaror loyihasiga ko‘ra, kelgusida universitetda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarish, farmatsevtika, biotexnologiya, tibbiyot, kosmetologiya, menejment, biznes boshqarish va boshqa tarmoqlarda xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq malakali kadrlar tayyorlanadi.

Universitetning ta’lim dasturi va o‘quv jarayoni Buyuk Britaniyaning oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda xalqaro miqyosdagi oliy ta’lim standartlari asosida shakllantiriladi.  

Universitetning ma’muriy-o‘quv binolari, o‘quv-ilmiy laboratoriyalari, boshqa moddiy-texnik bazasi bazasi va o‘quv faoliyatini tashkil etish Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot jamg‘armasi (EDCF) liniyasi bo‘yicha Koreya Respublikasi Hukumatining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb qilish yo‘li bilan, O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar orqali yaratiladi.

2022–2023-o‘quv yilida talabalarni o‘qishga qabul qilish va o‘quv jarayonini boshlash uchun Universitet Klaster hududidagi yangi qurilayotgan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti (TVZITI) binosida vaqtincha joylashadi.