Zangiotadagi Covid-markazda kelib chiqqan ziddiyatli vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot berildi

  • 13:43 / 03.08.2021
  • 283

Milliy gvardiya Matbuot xizmati joriy yil 2-avgust kuni Zangiota tumani ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bemor olib kelgan fuqaro va MG xodimi o‘rtasida ziddiyatli vaziyat kelib chiqqani aytilgan videolavha bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, o‘sha kuni soat 23:00 larda fuqaro Elmuradova Zamira Soliyevna onasi L.E. ni Zangiota tumani ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga (Zangiota-2) yotqizish uchun olib kelgan. Ushbu kasalxona nazorat o‘tish joyida xizmat olib borayotgan Qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan navbatchi shifokorga xabar berilgan.

Navbatchi shifokor chiqquniga qadar fuqaro Z.Elmuradova shifoxona xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha xizmat vazifasini bajarayotgan Qo‘riqlash bo‘linmasi xodimlariga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, xodimlarning xizmat vazifalarini bajarilishiga to‘sqinlik qilib, atrofdagilar e’tiborini o‘ziga jalb qilib janjal keltirib chiqargan holda shifoxonaning taqiqlangan hududiga kirmoqchi bo‘lgan. 

Keyinchalik shifoxonada bo‘sh joy yuzaga kelishi bilan boshqa bemorlar qatori Z.Elmuradovaning onasi ham navbat bilan ushbu shifoxonaga yotqizilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur muassasaga kelgan barcha bemorlar shifoxonadagi mavjud bo‘sh joylardan kelib chiqqan holda qabul qilinishi va joylashtirilishi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bunda kasallarni qabul qilishda sub’yektiv omillarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, fuqaro Z.Elmuradovaning xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilganligi sababli, hozirda Toshkent viloyati Zangiota tumani ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ushbu holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. 

“Surishtiruv yakuni bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sud idoralariga taqdim etiladi.

Qolaversa, huquqni muhofaza qilish organlari va tibbiyot xodimlari tomonidan qonunga zid hatti-harakatlar sodir etilsa, ularga nisbatan ham o‘rnatilgan tartibda qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qilamiz”, – deyiladi Milliy gvardiya rasmiy ma’lumotida.