JSST yana bir bor dunyo hamjamiyati e’tiborini ortiqcha vazn salomatlik uchun zarar ekanligiga qaratdi.
Semirish — murakkab surunkali kasallik bo‘lib, tanada yog‘ to‘qimalarining ortiqcha to‘planishi salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada 2-tur qandli diabet va yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortib, tayanch-harakat apparati hamda reproduktiv funksiya uchun salbiy oqibatlar kelib chiqadi.
Shuningdek, semirish sababli saratonning ayrim turlari rivojlanish xavfi ortib, bu — hayot sifati, uyqu va harakatchanlikka ta’sir qiladi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda dunyo bo‘ylab har sakkiz kishidan biri semirishdan aziyat chekkan. 1990-yildan beri kattalar orasida semirish darajasi ikki baravardan ko‘proqqa, o‘smirlar orasida esa to‘rt barobar oshdi. 2022-yilda 2,5 milliard (bu katta yoshli aholining 43 foizi degani) kattalar, 5 yoshgacha bo‘lgan 37 million bola ortiqcha vaznga ega edi.
Ortiqcha vazn va semizlik energiya iste’moli (ovqatlanish) va uning sarfi (jismoniy faollik) o‘rtasidagi nomutanosiblik natijasida kelib chiqadi.
Aksariyat hollarda semirish ko‘p omilli kasallik bo‘lib, u ekologik, psixo-ijtimoiy sabablar va irsiy moyillik tufayli yuzaga keladi. Qolaversa, u ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish, ayrim xastaliklar mavjudligi, harakatning pasayishi, tibbiy muolajalar, monogen kasallik/genetik sindrom tufayli paydo bo‘lishi mumkin. Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanmaslik, jismoniy harakatning cheklanganligi ham semirish ehtimolini oshiradi.
JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, 2019-yilda me’yordan yuqori tana vazni indeksi yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, saraton, nevrologik xastaliklar, surunkali respirator va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklaridan dunyoda 5 million o‘lim holatiga olib kelgan.
Bolalik va o‘smirlik davridagi ortiqcha vazn sog‘liqqa katta zarar keltiradi: 2-tur diabet va yurak-qon tomir kasalliklari kabi turli yuqumli bo‘lmagan xastaliklar xavfining ortishi va erta rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Bolalikdan semirish insonning katta yoshda ham ortiqcha vaznga moyilligini oshiradi.
Semirish xavfini kamaytirishga bolaning ona qornidagi davridan ilk yillarigacha profilaktika choralarini ko‘rish orqali erishish mumkin.
Masalan:
- homiladorlik davrida vazn yig‘ish normasiga amal qilish;
- bolani 6 oygacha faqat ona suti bilan oziqlantirish va bu jarayonni imkon qadar 2 yosh yoki undan ko‘proqqa cho‘zish;
- farzandni sog‘lom ovqatlanishga, jismoniy faollikka, yaxshi uxlashga odatlantirish;
- televizor oldida o‘tkaziladigan vaqtni cheklash;
- tarkibida shakar bo‘lgan, yuqori kaloriyali mahsulotlar iste’molini kamaytirish.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!