Muqaddas zam-zam bulog‘ining sirlari o‘rganilmoqda, bu esa dunyo olimlarini hayratga solmoqda
XABARDOR.UZ - Dunyoda muborak narsalar ko‘p. Ular Alloh tomonidan uning o‘ziga xos ilm ila yaratilgan bo‘lib, mana qancha davrlar o‘tsa hamki, bu ne'matlar inson uchun xizmat qilib kelayotir, ammo ayrimlarining siri hali hamon mavhum. Biz bu muborak ne'matlarning faqat Allohdan ekanligiga iymon keltirishimiz, ularning xizmatidan foydalanganimiz uchun Yaratganga shukr qilishimiz, tarixi va insoniyatga ularning yana qanday foydasi borligini o‘rganishimiz lozim.
Yuqorida aytib o‘tganimiz bunday muborak ne'matlar sayyoramizda bisyor. Ana shulardan biri muqaddas zam-zam bulog‘idir. Cho‘lning o‘rtasida 4000 yildan beri buzilmasdan, ifloslanmasdan, suvo‘tlari bosmay oqayotgan ilohiy chashma har yili haj va umra uchun kelgan millionlab musulmonni suv bilan ta'minlamoqda. Uning paydo bo‘lish tarixi, necha yuz yillardan beri hojilar chanqog‘ini qondirib kelayotgani, manbasining asli qayerdan ekanligi va shunga o‘xshash bir qancha siru sinoatlari bugun G‘arb va Sharq olimlari tomonidan o‘rganilmoqda, ilmiy yo‘llar bilan asoslanmoqda, Allohning yana bir mo‘jizasi haqida insonlarga hikoya qilinmoqda. Keling, avvalo, bu buloqning tarixiga qisqacha nazar tashlasak.
Zam-zam tarixi
Bu ne'mat Alloh taolo o‘z halili va payg‘ambari Ibrohim (a.s.)ning o‘g‘li Ismoil (a.s.)ning chanqog‘ini qondirish uchun o‘z mo‘jizasi ila yerdan suv chiqarilgan quduqdir. Ibrohim (a.s.) ga payg‘ambarlik martabasi berilganidan so‘ng, u kishining yagona vazifasi to‘g‘ri yo‘ldan adashgan va osiy bo‘lgan qavmlarini to‘g‘ri yo‘lga boshlash, but-sanamlarga emas, yagona Allohga ibodat qilishga chaqirish bo‘ldi. Qavmlari u zotning so‘zlariga kirmadi va hatto otasi Ozar unga g‘azab qilib: “Meni tinch qo‘y, bu cho‘pchaklaringni menga aytma. Agar yana qaytib meni bezovta qiladigan bo‘lsang, seni kaltaklayman”, dedi.
Shunda Ibrohim (a.s.) mahzun bo‘ldi va xotini Hojar va o‘g‘li Ismoil (a.s.) ni olib, Makka shahri tomon yo‘lga tushdi. U yerga yetib borishgach, Ibrohim alayhissalom xotini va o‘g‘lini shu yerda qoldirib, o‘zlari qaytib ketmoqchi bo‘ldilar. Shunda xotini Hojar: “Ey Allohning payg‘ambari, bu joyda suv ham, biror yegulik ham bo‘lmasa, bizlarni tashlab qayerga ketmoqchisiz yoki Rabbimiz shunga buyurdimi?”, deb so‘radi. Ibrohim (a.s.) u kishiga tasdiq javobini berdilar. Zero haqiqatda Alloh shuni istagandi. Albatta, bunda ham bir hikmat yashirin edi. Shunda rafiqalari: “Unday bo‘lsa ketavering, Allohning o‘zi bizni xor qilib qo‘ymas”, deb u kishining ketishlariga rozi bo‘ldi.
Makka shahrida biror daryo yoki anhor yo‘q edi. Jazirama bois yosh Ismoil chanqadi. Onasi suv qidirib, Safo tog‘idan Marva tog‘i tomonga qarab yo‘lga tushdi. Suv yo‘q edi... Hech qayerda yo‘q edi. Onaizor suv topilib qolarmikan, degan umidda yetti bor ikki tog‘ orasida u yoqdan-bu yoqqa borib keldi. Shunda mehribon va rahmli Alloh ona-bolaga yordam qilib, go‘dak Ismoil yotgan joydan, uning oyoqlari ostidan suv chiqarib berdi. Onasi kelib qarasa, o‘g‘lining oyog‘i ostidan suv chiqib, jilg‘a bo‘lib oqib yotibdi. Shunda Hojar onamiz suvga qarab: “Zam-zam” ya'ni, “To‘xta, to‘xta”, dedi. Shu sabab bu suvning nomi “zam-zam” bo‘lib qoldi. Cho‘lning o‘rtasida joylashgan bu buloqning atrofida Makka shahri qurildi. Biroz vaqt o‘tib, hazrati Ibrohim alayhissalom ayolini va o‘g‘lini ziyorat etishga kelganida, ularni mo‘l-ko‘llik va barakat ichida ko‘rdi.
Ko‘mib tashlangan zam-zam
Oradan yillar o‘tib, bu yerlarga turli qabilalar ko‘chib kelishdi. Ismoil (a.s.) hayotlik chog‘larida zam-zamning tasarrufi u kishining qo‘llarida bo‘lgan. U zot vafot etgach, uning o‘g‘li Nobit, undan keyin esa Jurhum qabilasi egalik qildi. Vaqt o‘tishi bilan Jurhum qabilasi odamlarga yomonlik qiluvchi, zulm egalariga aylanishdi. Ularning bu yovuzligini ko‘rgan Kinona va Xuzo'a qavmlari ularga qarshi birgalikda kurashib, Jurhum qabilasini Makkadan chiqarib yubordilar. Jurhumliklar mag‘lub bo‘lgach, bizdan so‘ng zam-zamni hech kim topa olmasin deb, hajarul-asvadni ham, maqomi Ibrohimni ham, zam-zam bulog‘ini ham ko‘mib, so‘nggi g‘alamisliklarini ham amalga oshirib, so‘ngra shahardan chiqib ketishdi.
Ulardan keyin Xuzo'a qabilasi ma'lum muddat Baytullohga boshchilik qildi. Bu qabilaning so‘nggi vakili Xulayl ibn Ka'b ibn Amr al-Xuzo'iy edi. Keyinchalik payg‘ambarimz (s.a.v) ning beshinchi bobolari Qusoy ibn Kilob Xulaylning qizi Hubboga uylanadi va undan to‘rtta farzand ko‘radi. Shundan so‘ng, Qusoyni mol-davlati va obro‘si, martabasi ortib, qaynotasi Xulaylning vafotidan so‘ng, Baytullohga boshliq etib tayinlanadi.
Bu mutasaddilik uning bolalari Abdumannof, Hoshim, Abdulmuttoliblarga o‘tib keladi. Bu muborak zotlarning barilari Baytulloh ziyoratiga keluvchi hojilarga mislsiz xizmatlar ko‘rsatishgan. Suv va yegulik borasida yordamlarini ayashmagan. Shu o‘rinda, “Ular hojilarga beriladigan suvni qayerdan olishgan, zam-zamdanmi?”, degan o‘rinli savol tug‘ilishi tabiiy. Yo‘q albatta. Chunki Jurhum qabilasi zam-zam qudug‘ini ko‘mib tashlagandan, to Abdulmuttolib uni topib, qayta chiqargunicha bo‘lgan muddat orasidagi hojilarga Makkaning mahalliy suvi berilgan. Alloh bu mo‘jizaviy quduqni qayta ochishni Abdulmuttolibga nasib etdi. Darhaqiqat, Abdulmuttolib bu sharafli xizmatga, ta'bir joiz bo‘lsa, bunday ulkan mukofotga loyiq zot edi.
U o‘zining kuchliligi, husni-xulqi bilan Quraysh qabilasi ichida e'tibor qozongandi. Kunlarning birida u Ka'bai muazzamaning soyasida uxlab yotgan edi. Tushida birov kelib, unga zam-zamning ko‘milgan joyini ko‘rsatadi va uni kavlashga buyuradi. U bu tushni to‘rt bor takror ko‘rganidan so‘ng, uni Rahmoniy tush ekanidan hech shak qilmay, o‘sha joyni kavlab, zam-zam qudug‘ini topishdek baxtga sazovor bo‘ladi. Shu bilan IV asr davomida nom-nishonsiz yo‘qolgan va Jobir raziyallohu anhudan imom Ahmad va Ibn Mojjalar rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam u haqida: “Zam-zam suvi nima niyatda ichilsa, xuddi shunday bo‘ladi”, deb marhamat qilgan muborak va shifobaxsh suv qudug‘i qayta topiladi.
Zam-zamning sirlari
Ancha yillardan beri ushbu muqaddas buloq suvi va uning tarkibi borasida izlanish olib borgan musulmon tadqiqotchilari bilan bir qatorda yapon va nemis mutaxassislari zam-zam suvining sirlarini hujjatli film vositasida odamlarga ma'lum qilishdi.
Uzoq yillardan beri zam-zam suvi va kristallari ustida tadqiqot olib borgan fan odamlari buloqning ayrim sirlaridan birin-ketin voqif bo‘lishmoqda. Nemis mutaxassisi doktor Knut Pfayfer ana shunday olimlardan biri hisoblanadi. Reyn daryosining suvidan ichgan kishining quvvati kamayishini aniqlagan Pfayfer suvlar ustida tadqiqot o‘tkazarkan, uning qo‘liga tasodifan zam-zam suvi tushib qoladi. Musulmonlar e'zozlaydigan va bir-biriga hadya etadigan bu suv ustida tajribalar o‘tkazadi. Tajribalar so‘nggida kishining zam-zam suvini ichgandan 35 daqiqa o‘tib, rohatlanishini isbotlaydi. Tadqiqotini davom ettirib, hayratlanarli haqiqatga duch keladi. Zam-zamning uyutuvchi xossasi bor ekanligini, bir piyolasi bir chelak texnik suvni tozalashini, bu xossasiga qaramay quvvat va shifo manbai ekanligini isbotlagan nemis mutaxassisi quyidagi fikrlarni bildiradi: “Juda ajoyib bir tajriba o‘tkazdim. Bir tomchi zam-zam suviga yuz tomchi oddiy suv aralashtirdim. Natijada ko‘rdimki, suvning hammasi zam-zamga aylanibdi. So‘ngra bir tomchi zam-zamga ming tomchi oddiy suv aralashtirdim. Bu suvning ham zam-zamga aylanganiga guvoh bo‘ldim. Buning sababi nima? Zamzamda shunday bir quvvat borki, boshqasini o‘zgartiradi, lekin o‘zi o‘zgarmaydi”.
Mo‘jizaviy kristallar
Tadqiqotlarga ko‘ra, zam-zam suvining yer yuziga ilk chiqqan joyidagi harorati 37 daraja. Qanday niyat bilan ichilsa, shu dardga davo bo‘ladigan va 66 nomi bo‘lgan zam-zam suvi atrofdan kelgan turli ovozlar qarshisida farqli shakllarga aylanmoqda. Buni isbotlagan esa yapon olimi doktor Masura Yamotodir. Zam-zam kristallarini ilk bor mikroskop ostida tadqiq etgan olim suvni turli ovoz chastotalarida sinab ko‘radi. Suvning molekulyar (kristal) strukturasining turli chastotalarga ko‘ra o‘zgarishini kuzatgan yapon mutaxassisi cherkov qo‘ng‘irog‘i ovozida zamzam kristallarining qorayishini, Qur'oni karim va azon ovozlarida esa porlashini aniqladi. Tadqiqotda har bir kristallning xuddi Ka'bai muazzamaga o‘xshaydigan bir to‘qima tashkil qilishi aniqlandi. Yaponiyada eng ko‘p sotilgan kitoblar qatoridan joy olgan doktor Yamotoning zam-zam bo‘yicha yozilgan kitobida bu tabarruk suv fizikaviy va kimyoviy xossalari jihatidan yer yuzidagi barcha suvlardan farqlanishini aytib o‘tgan.
Yoshligidan hayotini zam-zam tadqiqotlariga bag‘ishlagan turk nasabli saudiyalik muhandis Yahyo Hamza Kochak Ka'baning tomchilarda yashiringan hayratda qoldiruvchi sirni yapon mutaxassisidan qanday o‘rganganini shunday aytadi: “12 yil avval Los Anjyelesda bir konferensiyada yapon olimi Masura Yamoto bilan tanishdim. U suvning o‘ziga xos esda saqlab qolish xossasi, ya'ni xotirasi borligidan gapirar, bir ovozdan boshqasiga o‘tganida suvning qanday o‘zgarishini tushuntirardi. Konferensiya tugagandan keyin u bilan gaplashdim. Biz musulmonlar bir piyola suvga Qur'oni karim o‘qib, uni xastaga ichiramiz. Bundan tashqari zam-zam suvimiz ham bor. Qanday niyatda ichilsa, foydasini beradi. Shularni tadqiq eta olasizmi, deb so‘radim. Mendan Qur'oni Karimni kim o‘qiydi, deb so‘radi. Los Anjyeles va Tokiodagi Islom markazlaridan iltimos qilishi mumkinligini aytdim. 10 yil so‘ngra menga ustida azon o‘qilgan suv va kristallar bo‘yicha tajribalari yozilgan bir kitobni yuborib, hayratga soldi. Tadqiqotni o‘tkazgan va bu bo‘yicha mustaqil bir kitob yozgan ekan. Suv kristallari bismilloh, Qur'oni Karim va azon o‘qilganida shaklini o‘zgartiradi. Kristallarning ko‘rinishi aynan Haramning sputnikdan olingan rasmiday. Zamzam kristali dunyodagi suv kristallarining barchasidan farqli. Ba'zi fan olimlari buning sababini haliyam tushuna olmayapti”.
Hujjatli film suratga olindi
Zam-zam suvining izini suratga tushirgan operatorlar ilk bor buloq chiqqan qoyalarni suratga oldi. Butun dunyo sog‘likni saqlash tashkiloti, Zam-zam tadqiqot va mukammallashtirish instituti, Saudiya gidrogeologik tashkiloti mutaxassislari, Jidda Qirol Abdulaziz universiteti domlalari va Zamzam loyihasida ishlayotgan tadqiqotchilar hujjatli filmda mehmon bo‘lishdi. “Muqaddas suv Zamzam / Zubayda suv yo‘li” nomli bu hujjatli filmga Dursun O‘zden rejissyorlik qildi.
Zamzam suvini ichganda aytiladigan zikrlar
Musulmonlar har bir ishni go‘zal odob-ahloq ko‘rsatib qilishadiki, chetdan qaragan insonning ko‘zi quvnaydi, ularga o‘xshagisi keladi. Ne'matlarning odobi, ularni yaratgan Allohga shukr aytish bilan boshlanadi. Ana undan so‘ng isrof etmaslik, o‘zgalarga ham ulashish va undan foydalangandan so‘ng Yaratganga hamd aytish kabilar yuksak ahloq namunalaridir.
Xuddi shunday zam-zam suvi iste'molida ham aytilishi kerak bo‘lgan zikrlar, niyatlar va duolar mavjud.
Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shunga bo‘ladi”, dedilar. Ya'ni, nima niyat ila ichilsa, o‘sha niyatiga yetadi. Imom Muslim rivoyatlari.
Zamzam suvini ichayotib, ulug‘ maqsadlarni ko‘zlash ulamo va solih kishilarga xos ishdir. Ba'zi ulamolar, Zamzam ichayotganda gunohlari mag‘firat bo‘lishini va kasaldan shifo topishini so‘rab ichish hamda quyidagi duolarni o‘qish mustahabdir, deyishgan:
“Allohumma va inniy ashrabuhu litag‘firo liy va litaf'ala biy kaza-kaza fag‘fir liy”.
“Allohumma inniy ashrobuhu mustashfiyan bihi fashfiniy”. (Ma'nosi: Allohim, bildimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zamzam suvi nima uchun ichilsa, shunga bo‘ladi”, deb aytganlar. Allohim, bu suvni men gunohlarim mag‘firat bo‘lishi va mana shu-mana shular bo‘lishi uchun ichyapman. Allohim, meni mag‘firat qil yoki mundoq qil. Allohim, u suv shifo bo‘lishini niyat qilib ichyapman, menga shifo ber).
Ibn Abbos (r.a.) agar Zamzam suvini ichsalar: “Allohumma inniy as`aluka 'ilman nafi'an va rizqon vasi'an va shifaan min kulli dain”, deb aytardilar. (Ma'nosi: Allohim, men Sendan foydali ilm, keng rizq va har dardga shifo berishingni so‘rayman.) Imom Hakim rivoyatlari.
Har bir insonning eng muhim vazifalaridan biri, aqli kamolga yetgani hamonoq, yon-atrofidagi borliq haqida tadabbur yuritmog‘idir. Quyosh nega chiqadi, kunlar nega almashadi, yomg‘ir, qor, insonlar taqdiri, tarix va yana bir qancha ishlar xususida chuqur tafakkur yuritmog‘i va muhim bir narsani hech qachon unutmasligi darkor. Butun borliq Hazrati Inson xizmatida. Nega? Chunki Alloh har bir bandasini, u kim bo‘lishidan qat'i nazar, har bir tirik jonni, azizu mukarram etib yaratgan. Bizning maqsadimiz ham, niyatimiz ham ana shu nomga munosib bo‘lish, Inson degan ulug‘ sharafga dog‘ tushirmaslikdir.
XABARDOR.UZ / Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!