Iroqning janubida, Bag‘doddan 160 kilometr uzoqlikda joylashgan Najaf shahrida dunyodagi eng katta va eng qadimgi musulmonlar qabristoni – Vadi as-Salam (Tinchlik vodiysi) joylashgan bo‘lib, u yerga 1400 yildan beri musulmonlar dafn etib kelinmoqda. Bugungi kunda qabriston maydoni 600 gektardan oshadi.
Bu yerga ko‘plab payg‘ambarlar, ulamolar va hukmdorlar dafn etilgan. Odam (a.s.) va Nuh (a.s.)lar ham “Tinchlik vodiysi”da qo‘nim topgan. Bundan tashqari, bu yerda musulmon olamining to‘rtinchi solih xalifasi Imom Ali (r.a.) maqbarasi joylashgan.
“Tinchlik vodiysi”da olimlar, diniy va siyosiy arboblardan tashqari Afg‘oniston, Hindiston, Iroq, Quvayt, Livan, Pokiston va boshqa mamlakatlardan kelgan oddiy musulmonlarning qabrlari bor.
Ayni paytda Vadi as-Salam qabristoniga dunyoning besh milliondan ortiq musulmonlari dafn etilgan. Qabrlar bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lib, bir kishi uchun taxminan 1 kvadrat metr joy ajratiladi. Qabrlarning zichligiga qaramasdan ular orasida tor yo‘llar bor va ba’zi joylarda hatto to‘siqlar ham bo‘lishi mumkin.
Qabr toshlari, asosan pishiq g‘isht yoki gipsdan iborat. Oddiy va katta oilaviy dafn marosimlari uchun gumbazli dahmalar ham bo‘lib, ular odatda uzoqdan ko‘rinib turadi. Bu kabi dahmalar XX asrning 30-40 yillariga to‘g‘ri keladigan dafnlarga xosdir.
2010-yil o‘rtalarida “Tinchlik vodiysi” YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 2012-yilda Najaf shahri ISESCO tomonidan Islom madaniyatining poytaxti sifatida tanlangan.
Eslatib o‘tamiz, har yili an’anaga ko‘ra Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqdan uchta shahar islom madaniyatining poytaxti sifatida tanlanadi. 2007-yilda Toshkent shahri ham ushbu maqomga loyiq topilgandi. Nominatsiyada shaharlarning madaniyati, arxitektura va san’at sohasidagi zamonaviy-tarixiy ahamiyati hamda ularning Islom diniga qo‘shgan hissasi e’tirof etiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!