Barchamizda muhabbat yoki muloqotga nisbatan ehtiyojimiz bo‘lgani singari – shaxsiy makonga nisbatan ham ehtiyojimiz bor. Kimdadir u kengroq, kimdadir torroq. Aqldan ozmaslik yoki insoniy qiyofamizni yo‘qotmasligimiz uchun bizga tegishli bo‘lgan qanchadir masofa bo‘lishi lozim. Shaxsiy makon, hattoki, mahbuslarda ham bor.
Gap shundaki, bizning nazoratimizda bo‘lgan va boshqarishimiz mumkin bo‘lgan shaxsiy hududimiz “men”imizning bir qismi sifatida idrok qilinadi. Nafaqat idrok qilinadi, balki rostdan ham shunday. Shuning uchun shaxsiy makonimizga bostirib kirishlarini instinktlarimiz “men”imizga hujum sifatida qabul qiladi va himoyalanish pozitsiyasiga o‘tadi.
Bundan tashqari, “men” – boshqalardan ajralib turuvchi o‘ziga xoslilik, shaxslilikdir.
Shu tariqa, shaxsiy makon o‘z individualligimizni saqlab qolishimiz uchun zarur. Ijtimoiy antiutopik asarlar – Oruellning “1984”, Zamyatinning “Biz”, Xakslining “O, ajib dunyo!” asarlarida odamlar o‘zining shaxsiy makonini – demak shaxsini ham butunlay yo‘qotgani tasvirlanadi.
Odatda shaxsiy makon deganda kommunikatsion masofa yoki moddiy makon nazarda tutiladi – uning ichida odam o‘zini erkin his qiladi va vaziyatni boshqara oladi.
Shaxsiy moddiy makonning ichida bir necha zonalar bor. Bular:
1. Intim zona – 50 santimetrgacha, bu qo‘l cho‘zganda hosil bo‘ladigan masofa. Intim zonaga faqat juda yaqin odamlar kiritiladi, boshqalarning kirishi esa darhol noqulaylik va xavotir uyg‘otadi.
2. Personal zona – 50 sm.dan 1,5 metrgacha, bu o‘zaro ishonchli muloqot o‘rnatiladigan masofa. Bu makon oval ko‘rinishga ega desak bo‘ladi: yon tomonlar old va orqa tarafdan ko‘ra qisqaroq.
3. Ijtimoiy zona – 1,5 metrdan 3,5-4 metrgacha. Bu begona odamlar bilan muloqot olib boriladigan masofadir.
4. Ommaviy zona – 7 metrgacha. Bu odam o‘ziniki deb hisoblashi mumkin bo‘lgan eng olis masofa. Ommaviy zonada, masalan, auditoriya qarshisida so‘zlayotgan notiq joylashishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan raqamlar shartli. Aslida, bu masofalar har bir odamning o‘ziga, shuningdek, u o‘sgan madaniy muhitga ham bog‘liq.
Shaxsiy makonning boshqa ko‘rinishlari ham mavjud. Masalan:
• Shaxsiy predmetlar makoni – faqat siz foydalanishingizga da’vogarlik qiladigan buyumlaringizdir. Bu aynan sizning mulkingiz bo‘lishi shart emas: ofisdagi ish stoli va kompyuter sigza tegishli emas, ammo ularni so‘ramasdan ishlatgan hamkasbingiz jahlingizni chiqarishi tayin. Yoki do‘stona yordam sifatida idish yuvishga yordam bermoqchi bo‘lgan mehmonni uy bekasi rakovina oldidan quvishga tayyorligi – mochalka yoki idish yuvishga muhabbat tufayli emas: u shunchaki o‘zining predmetli makonini himoya qilayotgan bo‘ladi. Chunki, mehmon yuvilgan idishlarni noto‘g‘ri joyga joylashtirishi mumkin.
• Shaxiy yashash makoni – siz yolg‘iz qolishingiz mumkin bo‘lgan hudud. U kvartira bo‘lishi shart emas, xona yoki burchak bo‘lishi ham mumkin. Yevroremont yoki xonalar o‘rtasidagi devorni olib tashlashni rejalashtirishdan oldin o‘ylab ko‘ring: balki shart emasdir?
• Shaxsiy axborot makoni – bu avvalambor sir saqlash huquqingizdir. Ba’zida qandaydir uyatli narsani sir saqlash kerakligi haqidagi fikrga duch kelamiz. Ammo odam shaxsiy hayotiga oid istagan ma’lumotni sir tutishi mumkin.
• Shaxsiy emotsional makon – o‘zimiz istaganday his qilishni ma’qul ko‘radigan kechinmalarimizdir. Qanday paytda xursand bo‘lish, qanday paytda qayg‘u chekish, nima sababdan jahl qilishni kimdir belgilab bersa – hech kimga yoqmasligi tayin. OAVning falokatlarga oid batafsil fotoreportajlari, ko‘z yosh oqizishga mo‘ljallangan arzon melodramalardan odamlarning bezor bo‘lgani sababi ham shu.
• Shaxsiy vaqt – nafaqat ishdan bo‘sh vaqt, balki hech qanday majburiyatlar bo‘lmagan vaqt hamdir. Uni o‘zingiz bilganday taqsimlashingiz, sarflashingiz mumkin – falsafa toshini qidirasizmi, divanda yotasizmi, birov buni belgilolmaydi. Agar ta’tilda ham har bir daqiqangiz ishga oid rejalar bilan bog‘liq kechsa, bunda o‘zingizni samarador his qilsangiz ham – bir kun boshi berk ko‘chaga kirib qolganday bo‘lishingiz tayin. Hayotiy makoningizni o‘zingiz qurbon qildingiz, axir.
Baxtning umumiy retsepti yo‘q. Ammo baxtsizlikning manbalarini aniqlash mumkin. Shulardan biri shaxsiy makonning buzilishiga yo‘l qo‘yib berishdir. O‘z shaxsiy makoningiz borasida sezgir bo‘ling va uni himoya qilishni biling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!