Ayollar gullarni juda ham sevadi, ayrimlari esa uyining hamma burchaklariga gullarni joylashtirishni istaydi. Biroq uyning hamma qismi ham bunga to‘g‘ri kelmaydi, interyerni buzishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun gullarni ayrim qoidalarga asoslangan holda to‘g‘ri joylashtirish kerak. O‘shanda uyingiz juda ham fayzli bo‘lib, gullaringizdan ko‘zlaringiz quvnaydi. Biroq hamma gullar ham agar unga ma’qul sharoit yaratib berilmasa, yashnab turmaydi.
Deraza tokchasi
Bekajonlar, ayniqsa, deraza tokchalarini gullar bilan to‘ldirib qo‘yishni xush ko‘rishadi. Buni tushunish mumkin. Birinchidan, gullar zarur darajada yorug‘lik oladi va ochilib dilni yayratadi. Qolaversa, deraza orqali uyga kiradigan changlarni ushlab qolib, havoni tozalaydi. Hatto deraza tokchasiga qo‘yiladigan gullar ham ichki interyerga mos tushishi lozim.
Pol
Pol baland bo‘lib o‘suvchi va bevosita tushuvchi nurni yoqtirmaydigan gullarga juda ham mos joy. Bu borada bir necha muhim qoidalar borligini ham esda tutish lozim. Gultuvaklarni pala-partish, to‘g‘ri kelganini olish yaramaydi. Guldon katta, sopol bo‘lishi va umumiy dizaynga yarashib turishi kerak. O‘shanda o‘ziga xos fayz beradi.
Tokcha
Tokcha barcha o‘simliklaringizni chiroyli qilib joylashtirishga ko‘maklashadi. Qolaversa, istalgan materialdan tayyorlangan tokchalarni turli usullarda, turli shakllarda qoqish mumkin. Tashqaridan juda ajoyib ko‘rinadi. Asosiysi, interyeringizga mosini tanlab, joylashtirish kifoya. Yana bir afzalligi shundaki, tokchalar yordamida tirik burchak hosil qilish mumkin. Bu mehmonlar va yaqinlarning e’tiboridan chetda qolmaydi.
Balkon
Bu yerga endi bir necha guldongina qo‘ymasdan, butun boshli oranjereya yoki qishki bog‘ yaratish mumkin. Balkonning qanday qiyofa kasb etishi endi o‘zingizning didingizga bog‘liq. Faqat derazasi yo‘qligi yoki isitilmasligi noqulaylik paydo qilishi mumkin. Yil davomida gullarni parvarishlash imkoni bo‘lmaydi. Kunlar soviy boshlaganida ichkariga olib kirilmasa, muzlab qoladi.
Devorlar
Devor masalasida imkoniyatlar cheksiz. Tokchalarni istalgan joyga mahkamlash mumkin. To‘g‘ri, umumiy interyerga mos kelishini hisobga olish shart. Shu sababdan tokchani qanday qilib o‘rnatishni oldindan rejalab olish kerak. Shu bahonada devordagi ta’mir vaqtida yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarni ham berkitib ketish mumkin. Shuningdek, suratlar, soatlar, turli o‘yinchoqlar yordamida o‘ziga xos kompozitsiya ham yaratish ehtimoli bor. Bu endi fantaziyangizga bog‘liq.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!