$
12634.34 UZS
-18.98
162.37 UZS
0.48
14821.34 UZS
-0.76
36° Kechasi 23°

Juma mav’izasi: shukr va sabrning fazilati

12:27 / 16.08.2019

Alloh taolo insonni mukarram qilib yaratib, unga son-sanoqsiz ne’matlar va tuganmas yaxshiliklarni ato qildi. Bu ne’mat va yaxshiliklari bilan insonni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyoda qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligining kafolatini berdi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi:

“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shukr haqida shunday deganlar:

“Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga tashakkur aytmasa, ulardan minnatdor bo‘lmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi. Ne’matlar haqida gapirish – shukrdir. Uni gapirmaslik esa –noshukurlikdir. Jamoat bilan yurish – rahmatdir.  Yolg‘izlik esa – azobdir”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa, rizqi yanada ziyodalashadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar:

 “Ne’mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog‘langandir. Modomiki, banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo‘ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barcha go‘zal amallarni o‘zlarida mujassam etgan zot edilar. Shukr qilishda ham U Zotga yetadigan biror bir kishi topilmasligiga shubha yo‘q. Sababi, Alloh taologa duolari ijobat bo‘ladigan kishi bo‘la turib, Alloh taolodan ko‘p mol-dunyo berishini so‘ramagan edilar. Balki, Alloh bergan rizqqa qanoat qilib yashaganlar. Ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlarini bilamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday holatda shukr qilgan bo‘lsalar, hozirgi to‘kinlik-farovonlik davrida biz faqat shukrimizni ziyoda qilishga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.

Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh shunday deganlar: “Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki, bu hayotni unga Alloh subhonahu va taolo ravo ko‘rdi va shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi – katta marhamat, shuning o‘zi – katta bir ne’mat! Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qiladi. Ammo noshukurlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin”.

Said ibn Jubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi shunday deganlar:

“Bandalarni Alloh taologa eng yaxshisi – musibat kelganda, sabr qilguvchi va ne’mat berilganda, shukr qilguvchisidir” (Imom Tabariy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Sa’diy Sheroziy “Guliston” asarlarida quyidagi hikoyani keltirgan: Uzoq yo‘l bosib kelayotgan musofir kishi o‘zining oyoq kiyimi eskirib ketganidan nolib, o‘z-o‘ziga “shunaqa ham nochor odam bo‘lamanmi?” deya holining xarobligidan afsuslandi. Shu noliganicha shahar darvozasiga yaqinlashar ekan, darvoza tagida odamlardan biror narsa berishlarini tilanib o‘tirgan tilanchiga ko‘zi tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tilanchining ikki oyog‘i ham yo‘q edi. Bu holni ko‘rgan musofir: “Men-ku, poyabzalim yo‘qligi uchun noshukurlik qilibman, oyoqlarim yo‘q bo‘lsa, nima qila olardim, mendan ham nochorroq odamlar bor ekan-da!”, – deb shukronalik yo‘lini tutdi.

Demak, biror narsaga yetisha olmagan odam, avvalo, o‘zidagi mavjud narsalarga nazar solishi va boriga shukr qilishi lozim.

Shukr qiluvchi kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat, qanoat, sabr kabi axloqlar mavjud bo‘ladi. Bu axloqlar esa insonni dunyo va oxirat saodatiga boshlaydi. Ma’lumki, Alloh taolo bir qancha oyati karimalarida sabrli kimsalarni maqtagan. Jumladan, Baqara surasi, 155-157 oyatlarda shunday deydi:

“Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, mol-u jon va mevalar (hosil)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)! Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular hidoyat topuvchilardir”.

Bu dunyoda bandaga yetgan musibat Alloh taoloning bandasiga yaxshilikni ravo ko‘rishi hisoblanadi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

 “Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko‘rsa, unga shu dunyoning o‘zida jazo va uqubat beradi. Yomonlikni ravo ko‘rsa, gunohini  qiyomatga qoldiradi” (Imom Termiziy rivoyati).

Sabr – har qanday holatda inson o‘zini ushlab va to‘xtatib turishidir.

Ulamolarimiz sabrning uch xil bo‘lishini aytganlar:

Musibatlarga sabr qilish.
Ma’lumki, inson hayoti tinimsiz kurashlardan iborat. Bu dunyoda biz behisob va turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ushbu kurashlarda kishining zafar quchishi uning sabr-matonatiga bog‘liq bo‘ladi.

Mashhur sahoba Ato ibn Raboh raziyallohu anhu aytadilar: “Ibn Abbos raziyallohu anhu menga shunday dedi: “Sizga jannat ahlidan bo‘lgan bir ayolni ko‘rsataymi?” Men: “Ha”, – dedim. U: “Mana bu qora tanli ayol”, – dedi va so‘zida davom etib aytdiki:

“Bu ayol Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga borib: “Mening tutqanoq kasalim bor. Tutqanoq vaqtida avratim ochilib qolyapti, Allohga duo qiling (menga shifo bersin)”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar xohlasangiz, sabr qiling, jannatga erishasiz. Agar xohlasangiz, Allohga duo qilaman, sizga shifo beradi”, – dedilar. Shunda ayol: “Men sabr qilaman, lekin tutqanoq vaqtida avratim ochilib qolyapti, Allohga duo qiling, ochilmasin”, – dedi. Rasululloh duo qildilar. Ayolning tutqanog‘i tutganda avrat a’zolari ochilib qolmaydigan bo‘ldi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilganlar).

Boshqa hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Nabiy alayhissalom bir qabr ustida yig‘lab o‘tirgan ayol oldidan o‘tib qoldilar va unga: “Allohdan qo‘rqing va sabr qiling!”, – dedilar. Shunda u ayol Nabiy alayhissalomga: “Nari tur! Zero, menga yetgan musibat senga yetmagan va mening musibatimni qay darajadaligini bilmaysan ham”, – dedi. U ayolga: “Bu kishi Payg‘ambar alayhissalom bo‘ladilar”, – deyishdi. Boyagi ayol aytgan so‘zlaridan pushaymon bo‘lib, uzr so‘rashga Nabiy alayhissalomning uylariga keldi va u kishining uyi oldida hech qanday soqchilarni ko‘rmadi. Bu ayol Payg‘ambarimizni podshohlardek yashaydi va eshigi oldida darvozabonlar turadi, deb o‘ylagan edi, ammo uylariga kelganda hech qanday eshik og‘alarini ko‘rmagach ajablanadi. Nabiy alayhissalom bilan ko‘rishgach: “Men Sizni tanimabman”, – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy sabr – birinchi zarbadagi sabrdir!”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, insonning boshiga kelgan musibat qanday bo‘lmasin, uning ilk daqiqalaridan sabr qilish – haqiqiy sabr ekan. Bunday sabrga Alloh taolo jannat va’dasini bergan. Bu haqda hadisi qudusiyda quyidagicha keladi:

Abu Umoma raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi, U Zot aytdilar: “Alloh taolo aytadi: “Ey Odam bolasi, Mendan savob umid qilib, musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilsang, u holda sen uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo‘lmayman”, – deydi” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Alloh taolo tomonidan “banda uchun jannatdan boshqa mukofotga rozi bo‘lmayman” deyilishi – juda katta gap. Bu sabrlilarga jannat vojib bo‘lishiga dalolat qiladi. Zero Alloh bandaning jannatga kirishiga amr etar ekan, bunga hech kim va hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi.

Sabr-toqat tufayli jannatga kirishning bir nechta shartlari bor. Bular:

–  musibatning ilk daqiqalaridan sabr qilish;

–  sabr qilgani uchun Allohdan savob umidida bo‘lish;

–  shikoyatni tark qilish.

Abdulqodir Jiyloniy: "Ey farzand, balo-musibat seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi",– deb aytganlar.

Gunoh-ma’siyatlardan tiyilishda sabr qilish.
Bunda inson nafsini harom so‘z va ishlardan tiyadi. Masalan, bir kishiga nafsi zino qilishni vasvasa qilsa, shunda u nafsini bu ishdan qaytarsa, mana  shu ish “gunohdan tiyilishdagi sabr” deyiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr hokimining xotini Yusuf alayhissalomni zinoga chorlaydi, eshiklarni berkitadi, “Beri kel!” – deb o‘ziga chaqiradi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Agar men xojamga (ya’ni sening eringga) xiyonat qilsam, zolimlardan bo‘lib qolaman”, – deb uning istagini rad etdilar, Allohdan panoh so‘radilar va sabr qildilar.

Nabiy sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida yetti toifa kishi Qiyomatda – hech qanday soya bo‘lmaydigan, faqat Allohning arshining soyasi bo‘ladigan kunda Allohning arshining soyasida bo‘lishini aytib, shularning qatorida: “Nasl-nasabli, chiroyli ayol zinoga chorlaganda, “Men Allohdan qo‘rqaman!” – deb, ayolning istagini rad etgan kishi”ni ham zikr qilganlar.

Alloh taolo Qur’oni karimda nafsini tiyib, sabr qilgan kimsaga jannat va’dasini bergandir:

“Bas, kimki (dunyoda) haddan oshgan va dunyo hayotini (oxiratdan) ustun qo‘ygan bo‘lsa, u holda, faqat jahannamgina (unga) makon bo‘lur. Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur” (Noziot surasi, 37-41-oyatlar).

Toat-ibodatlarga sabr qilish.
Bunda inson o‘z nafsini toatga undaydi, majbur qiladi. Masalan, bir kishi namoz o‘qimoqchi, ammo nafsi uni dangasalik va yalqovlikka undab turibdi. Ana shu paytda nafsidan g‘olib kelib, Alloh taolo farz qilgan ibodatga tursa, mana shu “ibodatga sabr” deyiladi.

Umar ibn Xattob raziyallohu anhu tunning yarmida turib, namoz o‘qirdilar. Bomdoddan sal oldin ayoli va bolalarini uyg‘otar va quyidagi mazmundagi oyatni o‘qirdilar:

“Ahlingizni namoz (o‘qish)ga buyuring va (o‘zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo‘ling! Sizdan rizq so‘ramaymiz, (aksincha), Biz sizga rizq berurmiz. Oqibat (yaxshiligi) taqvo (ahli)gadir” (Toha surasi, 132-oyat).

Hazrati Umar raziyallohu anhuning bu odatlari har birimizga dars va o‘rnak hisoblanadi.

Hozirgi kunda er yuzining ba’zi joylarida bo‘lib turgan turli xil ofat va balolar haqida eshitib, ko‘rib turibmiz. Har kuni har xil qo‘poruvchilik voqealari sodir bo‘layotgan joyda insonlar uy qurarmidi, to‘y qilarmidi yoki xalqining ko‘ngliga xursandchilik sig‘armidi?! Shunday yurtlar borki, uzoq yillardan beri xali hanuz u yurtlarda tinchlik yo‘q. Tug‘ilgan farzand urush o‘chog‘ida tug‘ilib, katta bo‘lmoqda, uylanmay turib vafot etayotganlar qancha?!

Ibrohim Adham g‘am chekib o‘tirgan kishini ko‘rib, unga: “Nima uchun g‘amginsiz? Sizdan uch narsani so‘rayman menga javob bering”, – dedilar. U kishi rozi bo‘ldi. Ibrohim Adham: “Ushbu borliqda Alloh taolo xohlamagan biror narsa bo‘ladimi?” – deb so‘radilar. “Yo‘q”, – dedi boyagi kishi. Ibrohim Adham yana “Alloh taolo taqdir qilib qo‘ygan rizqingizdan biror narsa ozayadimi?” – deb so‘radilar. “Yo‘q”, – deb javob berdi. Ibrohim Adham: “Alloh taolo yozib qo‘ygan hayotingiz borasidagi biror narsa siz sababli o‘zgaradimi?” – deya so‘radilar. U kishi yana: “Yo‘q”, – deb javob berdi. Ibrohim Adham: “Unday bo‘lsa nega g‘am chekyapsiz?” – dedilar.

Alloh taolo barchamizni boriga shukr qiluvchi va har qanday holatda sabr qiluvchi bandalaridan aylasin, boshiga bir mashaqqat yo musibat tushganida O‘ziga yolvoruvchi va O‘zidan yordam kutuvchi taqvoli bandalari safidan joy bersin, O‘zi va’da qilganiday sabrlarimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin! Omin!

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb-portali – http://www.muslim.uz saytidan olindi.


Bu ham qiziq

13-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

13-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

Kechasi 20–23 daraja iliq, kunduzgi harorat esa 35–38 daraja bo‘ladi
23:13 / 12.07.2025
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etiladi

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishda xususiy ayblov instituti joriy etiladi

Qonun (O‘RQ–1075-son, 10.07.2025 y.) bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritil…
16:19 / 11.07.2025
Toshkent va Farg‘onada OTMga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar ushlandi

Toshkent va Farg‘onada OTMga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan o‘qituvchilar ushlandi

Hozirda mazkur o‘qituvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
09:16 / 12.07.2025
Putin AQShdan sanksiyalar kutmoqda

Putin AQShdan sanksiyalar kutmoqda

Amerikaning The New York Times nashri yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning Moskvag…
12:22 / 12.07.2025
Toshkentda YPX xodimi xizmat avtomobilida mototsiklchi bilan poyga uyushtirdi

Toshkentda YPX xodimi xizmat avtomobilida mototsiklchi bilan poyga uyushtirdi

Ammo, Xudoyberganov YPX xodimining xizmat mashinasida poytaxtning markaziy ko‘chasida katta tezlikda harakatlanib, mototsikl…
14:59 / 12.07.2025
Toshkent shahri markazidagi bir qancha ko'chalarda harakat qilish vaqtincha cheklanadi

Toshkent shahri markazidagi bir qancha ko'chalarda harakat qilish vaqtincha cheklanadi

Poytaxt hokimligi noqulayliklar uchun uzr so‘ragan
22:22 / 11.07.2025
Tennis. Karlos Alkaras Uimbldon finaliga yo‘l oldi

Tennis. Karlos Alkaras Uimbldon finaliga yo‘l oldi

Londonda davom etayotgan tennis bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Uimbldon turnirining erkaklar o‘rtasidagi bahsl…
13:13 / 12.07.2025
Prezident profilaktika inspektorga muddatidan oldin kapitan unvonini berdi

Prezident profilaktika inspektorga muddatidan oldin kapitan unvonini berdi

Prezident bu borada mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berdi
18:58 / 11.07.2025
12-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

12-iyul kuni kutilayotgan ob-havo ma’lumoti

Kechasi 19-21 daraja iliq, kunduzi 35-37 daraja issiq bo‘ladi
18:27 / 11.07.2025
Islom merosining bebaho xazinasi Londonda namoyish etildi

Islom merosining bebaho xazinasi Londonda namoyish etildi

Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi
18:16 / 11.07.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!