Kecha, 31-may kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikalari chegarasida joylashgan Chashma qishlog‘ining “Chashma” bulog‘i oldida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida mojaro chiqqanligi xabari berilgan edi.
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmatiga ko‘ra, chegaraoldi aholining bir-birlarini toshbo‘ron qilishlari natijasida ko‘p kishi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ayni damda tuman markaziy shifoxonasida 187 nafar yaralangan bemor davolanayotgani va sanaviatsiya xizmati orqali bemorlarning 15 nafari viloyat markaziga yetkazilgani aytilmoqda.
“Vaziyatni o‘rganish maqsadida shu kunning o‘zida So‘x tumaniga O‘zbekiston bosh vaziri A.Aripov tashrif buyurdi. 1-iyun kuni ertalab A.Aripov So‘x tumani markaziy shifoxonasiga borib, bemorlar va jarohat olganlar holidan xabar oldi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, kunning birinchi yarmida bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘iziston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan Botken viloyatidagi “Chechme-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktida uchrashdi. Uchrashuvda DXX raisi Abdusalom Azizov va Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev ham ishtirok etdi. Uchrashuv chog‘ida kecha ikki mamlakatning chegaradosh qishloqlari aholisi o‘rtasida yuz bergan mojaro muhokama qilindi.
Shundan so‘ng, ikki mamlakat vakillari voqea sodir bo‘lgan joyga tashrif buyurishdi. Janjal natijasida O‘zbekiston Respublikasi hududidagi uchta xonadonda yong‘in kelib chiqqan.
– Zarar ko‘rgan oilalar xonadonlarini qisqa muddatda tiklab beramiz” dedi Abdulla Aripov. – Chashma bulog‘i bu mo‘jiza, insonlarga Yaratgan tomonidan berilgan ne’mat. Shuning uchun, bu muqaddas chashmadan ham bizning fuqarolar, ham qo‘shni respublika fuqarolari birdek foydalanishadi.
Kelishuvga binoan, chashma bulog‘ining atrofi panjara bilan ihotalanib, uning hududida zamonaviy dam olish maskani barpo etiladigan bo‘ldi.
So‘ngra “Chechme-Avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktida ikki davlat fuqarolarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga A. Aripov va K. Boronovlar boshchilik qilishdi. Uchrashuvda ikki xalq va millatning do‘stligi, o‘zaro hamjihatlik rishtalari asrlarga tatigulik ekanligi qayd etildi.
“Bizning do‘stligimiz ming yillardan sarchashma oladi. Bizning bozorimiz ham, mozorimiz ham bir. Bo‘lib o‘tgan voqealardan zaruriy xulosa chiqarib, do‘stligimizni mustahkamlashga albatta erishamiz”, deyishdi ikki xalq namoyondalari.
O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov qo‘shni respublika vakillari bilan o‘zaro muzokaralardan keyin mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda So‘x tumani aholisi A. Aripovga ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar haqida gapirib, ularning yechilishida amaliy yordam ko‘rsatishni talab qilishdi. O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri A.Aripov tashabbusi bilan yaqin kunlarda tumanda obodonchilik ishlari olib boshlanishi ma’lum qilindi. Obodonchilik ishlariga 1 000 nafar yoshlar jalb etilishi ta’kidlandi. Qo‘shni respublika bilan kelishilgan holda yaylovlardan foydalanish, suv muammosini hal etish, tumanda joylashgan Qayroq, Javpaya, Toyon massivlarini o‘zlashtirish va shu yo‘l bilan aholi o‘rtasida ishsizlik muammosini hal etilishiga erishish qayd etildi.
Mahalliy aholini qiynayotgan eng asosiy masala – yo‘l muammosi ham o‘rtaga tashlandi. So‘x – Rishton yo‘li ikki davlat hukumatining o‘zaro kelishuviga binoan ochilishi ta’kidlandi. So‘x tumaniga koridor ochib berish masalasi ham uchrashuv davomida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi hal etilmagan hududlar bo‘yicha ham delimitasiya va demarkasiya ishlari bir vaqtda amalga oshirilishi alohida aytib o‘tildi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli Farg‘onada qolgan 300 nafardan So‘xlik fuqarolarning So‘x tumaniga olib kelinishi ham uchrashuv davomida A.Aripov tomonidan ta’kidlandi.
Ma’lumot o‘rnida, So‘x tumaniga turli yumushlar bilan Farg‘ona viloyatining boshqa shahar va tumanlardan kelgan 110 nafar fuqarolar ham qolib ketishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston tomonidan jabr ko‘rgan fuqarolar haqida ma’lum qilingan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!