$
12831.81 UZS
-25.54
163.75 UZS
0.3
14606.45 UZS
-66.36
38° Kechasi 25°

“Laykomaniya” pandemiyasi yoxud “yoqdi” tugmasini bosish shart emas...

17:18 / 20.05.2017

Juda g‘aroyib zamonda yashayapmiz. Agar ona tomondan katta bobom shu kunlarni ko‘rganida bormi, muborak dahanlari lang ochilib, aniq — “fashist gazandalarini o‘ldirmasdan, masalan, internetda qandaydir hunar ko‘rsatib ham “qahramon” bo‘lish mumkin ekan-ku”, degan xayolga borgan bo‘lardilar.

Otangizga rahmat. Angladingiz. Hozir odamlarning ta'siri, obro‘-e'tiboriga baho berishning yangi, o‘ta zamonaviy bosqichiga ko‘tarilyapmiz. Agar bundan o‘n yil oldin ham insonlar mavqeyi — tafakkur, jasorat, aql-idrok, fahm-farosat yoki odob-axloq kabi fazilatlar bilan belgilangan bo‘lsa, hozir kimning qandayligini bilish uchun, eng avvalo, “Feysbuk” yoki “Odnoklassniki”da qoldirgan posti uchun nechta “layk” yig‘ishi, “Tvitter”da qancha “o‘quvchisi” borligi, “Instagram”dagi “obunachilari” soniga qaralyapti.

Deylik, mashhur yoki “avtoritet” bo‘lmoqchisiz. Hamma sizni bilishi, e'tirof etishini xohlaysiz. Ammo buning uchun sizda muayyan iqtidor yoki layoqat yo‘q. Sira tushkunlikka tushmang. Kallangizga kelgan birinchi axmoqona g‘oya, masalan, shartta itingizni cho‘chqaga unashtiringu, “dabdabali” marosimni lavhaga olib, “Yutub” tarmog‘iga joylashtiring. Millionlab odam “prosmotr” qilmasa, peshanamdan otib tashlaysiz.

Yoki kimdir cho‘milish havzasida cho‘kayotgan bo‘lsa yoxud qayerdadir yong‘in chiqsa ham, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang, tezda baxsiz fojia fonida selfi tushing. Mana ko‘rasiz, bir kunda O‘zbekistonning yangi “yulduzi”ga aylanasiz! Suratingiz “hurmat” taxtachasidan tushmaydi. Hammasi — oppa-oson.

Umuman, keyingi paytlarda butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda ham kasallik o‘chog‘i ijtimoiy tarmoqlar bo‘lgan xavfli virus — “laykomaniya” vasvasasi avj olayapti. “Leykemiya”, ya'ni oqqon haqida eshitganmanu, lekin bunaqasini... deyishga shoshilmang. Tushuntiraman.

Har bir kasallik, shu jumladan, “Laykomaniya”ning ham kelib chiqish sabablari bor. Quyidagilar “layk”ka vos-vos bo‘lishning birlamchi belgilari hisoblanadi: ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik-qullik, real hayotdan uzoqlashish, har qanday “g‘aroyibot”, masalan, o‘lib yotgan kaltakesak bilan ham suratga tushish va eng asosiylari — “virtual avtoritet” hamda mashhurlikka intilish... 

Boshqacha aytganda, Ronaldu yoki Messining ijtimoiy tarmoqlarda millionlab obunachilari bor, ularning birgina “selfi”si yoki har qanday maza-bemaza gaplari uchun son-sanoqsiz “layklar” yog‘iladi. Chunki ular real hayotda ham taniqli, chin ma'noda “yulduz”. Yuksak iste'dodi, san'ati bilan erishgan bunga. Biroq,ijtimoiy tarmoqlar va “layk”lar qudrati iqtidorsiz, haqiqiy dunyoda e'tiborsiz qolgan kishilarni ham mashhurlik vasvasasiga solib qo‘yayapti. “Xastalik” tobora pandemiya, ya'ni ommaviy tus olayapti.

“Laykomaniya” virusi haqida birinchi bo‘lib rus patriarxi Kirill gapirdi. “Ko‘pchilik yoshlarning “layk” uchun har qanday tentaklikdan tap tortmayotgani — zamonaviy jamiyatning eng katta muammolaridan biriga  aylandi. Umuman, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy kasallik tarqalgan. Odamlar kimdir — “e, boplapsan” degan ma'noda belgi qo‘yishlari uchun hatto, o‘z joniga qasd qilishgacha yetib boryapti”, dedi patriarx. Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi yillarda bu hayotda “layk” to‘plashdan boshqa “fazilat”ni ko‘rmaydigan, mabodo yetarlicha yig‘a olmasa, buni — o‘zi uchun dunyodagi eng katta “fojia” deb biladigan yoshlar toifasi shakllandi.

Haqiqatda, bugun sher bilan “selfi” tushib, keyin unga yem bo‘layotganlar ham, o‘sha la'nati “Ko‘k kit” o‘yini qurbonlari ham, o‘zini eshikka skotchlab, keyin uni tarmoqqa joylayotganlar ham, aslida mana shu toifa vakillari — “laykomaniya”ga chalingan bemorlar, haqiqiy hayotda hech narsaga erisha olmagan internet qullari,  chin ma'noda xasta odamlardir.

Ularga tez yordam kerak. Vaksina kerak. Zudlik bilan. Real hayot bilan virtual hayot farqini anglab yetishiga ko‘maklashish zarur. Aks holda “pandemiya” men bilan sizni ham ayamaydi, farzandlarimiz ongiga chang soladi, jamiyatda haqiqiy insonlar emas, “qullar” yetishib chiqaveradi...  “Mashhur”, “avtoritet” zombilar ko‘payaveradi!

O‘tkir Qalamtebratar

O‘z hayotimiz haqida yana bir marta o‘ylab ko‘rishga majbur qiladigan hazil rasmlar


Bu ham qiziq

O‘zbekiston va Xitoy mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlaydi

O‘zbekiston va Xitoy mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlaydi

Tomonlar savdo, transport, logistika, sanoat, madaniyat, gumanitar va ilmiy sohalarda hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini ba…
20:21 / 03.06.2025
Toshkentning 122 ta masjidida hayit namozi o‘qiladi

Toshkentning 122 ta masjidida hayit namozi o‘qiladi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Qurbon hayiti kuni 6-iyunga to‘g‘ri kelishi haqidagi qarorini inobatg…
10:00 / 05.06.2025
Rim papasi Putinni Ukrainada tinchlikka chaqirdi

Rim papasi Putinni Ukrainada tinchlikka chaqirdi

Vatikan 4-iyun kuni Rim papasi Lev XIV va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tganini…
13:07 / 05.06.2025
4-iyun uchun ob-havo ma’lumoti

4-iyun uchun ob-havo ma’lumoti

Harorat kechasi 19-21 daraja, kunduzi 35-37 daraja bo‘ladi.
22:44 / 03.06.2025
Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik holatlari fosh etildi

Elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanganlik holatlari fosh etildi

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari…
18:47 / 03.06.2025
UzAuto Motors yangilangan UzAutoSavdo saytini ishga tushirdi

UzAuto Motors yangilangan UzAutoSavdo saytini ishga tushirdi

O‘zbekistonda UzAutoSavdo avtomobillarini sotish bo‘yicha yangilangan sayt ishga tushirildi. Bu haqda UzAuto Motors kompaniy…
18:32 / 04.06.2025
Tramp AQShga kirishga 12 ta davlat fuqarolari uchun taqiq joriy etdi

Tramp AQShga kirishga 12 ta davlat fuqarolari uchun taqiq joriy etdi

Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi 12 ta davlat fuqarolarining AQShga kirishini t…
08:49 / 05.06.2025
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11,5 yillik qamoqqa hukm qilindi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev 11,5 yillik qamoqqa hukm qilindi

Atambayev noqonuniy boylik orttirish, yer uchastkalarini egallab olish va 2019-yil Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi ommaviy tartibsiz…
10:23 / 04.06.2025
Bugun O‘zbekiston MTJ Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin

Bugun O‘zbekiston MTJ Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqishi mumkin

Uchrashuv BAAda Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.
10:39 / 05.06.2025

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!