18 yanvar yakshanba kundan poytaxtimiz Toshkentda ilk ekskursion ikki qavatli avtobuslar doimiy ravishda harakatlanishni boshlaydi. Toshkentga bu avtobuslar yordamida boshqacha nazar bilan qarashni taklif etayotgan Aznur Travel kompaniyasi yakshanba kundan shahar bo‘ylab sayohat turlarini amalga oshirishni boshladi.
Poytaxtimiz bo‘ylab ikki nafar dabldekerda uyushtirilgan ilk tanishuv safari shanba kuni amalga oshirildi. O‘zbekistonning sayyohlik sohasi, xorijiy elchixonalar va turli tashkilotlar hamda OAVlar vakillari uning ilk yo‘lovchilariga aylanishdi.
Safardan oldin Aznur Travel vakillari, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va Xitoy elchixonasi vakillari ishtirokida tanishuv taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uning ishtirokchilari poytaxda ekskursion dabldekerlarning ishga tushirilishi Toshkentni boshqa dunyo davlatlari poytaxtlari bilan bir qatorga qo‘yishini va sayyohlarga xizmat ko‘rsatishning yangi bosqichiga ko‘tarilishini bildirishini ta'kidlab o‘tdilar.
Dabldekerlarda ekskursiya vaqti, poytaxtimizning xushmanzara joylarida amalga oshiriladigan bir necha to‘xtashlarni hisobga olgan holda, 2 yarim soatni tashkil etadi. 34 km masofaga ega bo‘lgan yo‘nalish “O‘zbekiston” mehmonxonasi yonidan boshlanib, shu yerning o‘zida tugaydi. Ekskursiya yo‘nalishi “Shahidlar xotirasi” maydoni, “Minor” masjidi, 1966 yildagi zilzila qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan “Jasorat” monumenti, Xazrati Imom majmuasi, Eski shahar, “Chorsu” bozori, “Istiqlol” san'at saroyi, O‘zbekiston Milliy bog‘i va Mustaqillik maydonlari orqali o‘tadi.
Safar chog‘ida poytaxtimiz tarixi haqida 8 tilda axborot berib boriladi. Ulardan nafaqat safar chog‘ida tashrif buriladigan diqqatga sazovor joylar haqida, balki poytaxtimiz va yurtimiz tarixidan ko‘plab qiziqarli ma'lumotlarni bilib olish mumkin bo‘ladi. Tanaffus paytida yoqimli milliy kuylardan namunalar yangrab turadi.
Avtobuslar dunyodagi eng yirik avtobus ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan hisoblangan Xitoyning Higer kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bahorda shunday avtobuslardan yana ikkitasi keltirilishi kutilmoqda, ularning umumiy sonini esa 15 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu avtobuslar qatnovi orasidagi intervalni qisqartirish va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha safarlar tashkil etish imkoni beradi. Kelgusida bunday avtobuslarning Samarqand va Buxoro shaharlarida ishga tushirilishi ehtimoli mavjud.
Avtobuslar har kuni soat 9:00, 10:00, 12:00, 13:00, 15:00 va 16:00 larda harakatlanishni boshlaydi. Biletlar narxi quyidagicha: yetti yoshgacha – bepul, 7 yoshdan 16 yoshgacha – 15 ming so‘m, kattalar uchun 25 ming so‘m, xorijlik fuqarolar Markaziy bank kursi bo‘yicha 20 dollar haq to‘laydilar. Bilet kunning oxirigacha amalda bo‘ladi: yo‘lovchilar bekatlardan birida tushib, yo‘llarini keyingi reysdagi avtobusda davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.
Biletlarni “O‘zbekiston” mehmonxonasi binosida joylashgan Aznur Travel kompaniyasi ofisida, yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan bekatlarda (hozirda ular ishlab chiqilmoqda) hamda haydovchilarning o‘zlaridan bevosita xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Manba: Gazeta.uz
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!