1849-yilning 23-yanvar kuni AQShda Elizabet Blekuellga shifokorlik diplomi berilgan. U bunday diplomni qo‘lga kiritgan dunyodagi birinchi ayol edi. Uning diplom ishi tif kasalligi bilan bog‘liq bo‘lib, uning klinik amaliyotiga asoslangan edi. Elizabetning dekani doktor Charlz Li yosh ayol shifokorga ilmiy daraja berayotib ta’zim qilgan ekan. Chunki uning ishi o‘sha yilgi bitiruvchilar orasida eng yaxshisi deb topilgan.
Keling endi bu ayolning hayot yo‘liga bir nazar tashlasak…
Elizabet Blekuell 1821-yil 3-fevralda Angliyaning Bristol shahrida tug‘ilgan va hayotining birinchi yillarini Uilson ko‘chasida o‘tkazgan. Uning laqabi “Bess” edi, lekin otasi qizini “Little shay” (so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “biroz uyatchan” degan ma’no kelib chiqadi) deb chaqirardi. U 9 nafar farzandning uchinchisi bo‘lgan. Ota-onasi janob Samuel Blekuell va Xanna Leyn xonim nafaqat o‘g‘il farzandlari balki qiz farzandlari ham o‘qishi uchun sharoit yaratib berishga harakat qilishardi.
Biroq Elizabet 11 yoshga to‘lganida otasi o‘z biznesidan ayriladi. Shuning uchun 1832-yilda ular oilaviy AQShning Nyu-York shahriga ko‘chib kelishadi. Blekuellar dindor oila bo‘lib, erkaklar va ayollar Xudo oldida teng ekanligiga iymon keltirishardi. Ularning bu e’tiqodi AQShda hukm surayotgan qullikka qarshi turishga yordam berdi. Ma’lum bir vaqt o‘tgach Elizabetning otasi shakar ishlab chiqariladigan zavodni boshqara boshlaydi. Keyinchalik Samuel Blekuell Sinsinnati’ga borishni rejalashtiradi. Biroq, shunday qarorga kelishidan uch hafta o‘tgach, Samuel o‘t pufagidan hastalanib vafot etdi. Beva ayol va bolalarning moliyaviy ahvoli juda yomon holatga kelib qoladi.
Otasining o‘limidan so‘ng, Blekuell ro‘zg‘or va tibbiyot maktabida o‘qish uchun pul to‘plash maqsadida o‘qituvchi bo‘lib ishlashga qaror qildi. Bu ish unga zavq bermadi. Chunki u tibbiyot sohasida oliy darajada o‘qishni istardi. Shu istaklari bilan u bir shifokorning uyiga joylashib, uning tibbiy kitoblarga to‘la kutubxonasidan foydalana boshladi. Shu bilan birgalikda u aka-ukalarining ishlarini ham qo‘llab-quvvatlab turdi. Bir akasi Genri Braun Blekuell turmush o‘rtog ‘i Lyusi Stoun bilan qullikka qarshi kurashgan bo‘lsa, yana bir akasi Samuel Charlz Blekuell ayoli Antuanet Broun bilan ayollar huquqlarini himoya qilish uchun kurashgan. 1845-yilda Elizabet Shimoliy Karolina’ga yo‘l oldi, u yerda doktor Jon Dikonning uyida tibbiyot ilmini o‘rganadi.
Oxir-oqibat u Nyu-York’dagi Jeneva Tibbiyot kollejida o‘qishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha vaqtda bironta ham ayol kishi o‘qimagan kollej talabalariga ma’ruzalarda ayol kishi qatnashishiga to‘sqinlik qilinmasin, degan shart qo‘yiladi. Talabalar yangi kelgan talabani mamnuniyat bilan kutib olishga rozi bo‘lishadi.
Elizabet Blekuell o‘qigan Jeneva tibbiyot kolleji
Mana shunday qiyin jarayonlarni boshidan kechirgan Elizabet 1849-yil 23-yanvar kuni diplom olishga sazovor bo‘ladi.
1857-yilda Elizabet singlisi Emili va doktor Mari Zakrzevska bilan birgalikda Nyu-Yorkning kambag‘al ayollari va bolalari uchun shifoxona tashkil etdi. AQSh fuqarolik urushi vaqtida Blekuell ko‘plab ayollarning hamshira bo‘lishiga yordam berdi. Urushdan so‘ng, 1868-yilda Elizabet ayol-shifokorlar tayyorlaydigan kollej ochadi.
Shifokor-ayollar kolleji o‘quvchilari
Mana shunday jasoratlar bilan tarixdagi birinchi diplomli ayol shifokor bo‘lib qoladi.
Nozima RAHMATOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!