Finlyandiya poytaxti aholisi Yevropadagi eng g‘aroyib kutubxona ochilishini uch yil kutishdi.
Library Oodi’da hamma narsa bepul: kitoblar, kinoteatr, turli ko‘ngilochar mashg‘ulotlar, 3D-printer va boshqa ko‘p narsalar.
Finlyandiyada o‘qishni juda yaxshi ko‘rishadi, har bir bolaning mutolaa chiptasi mavjud.
Mahalliy hukumat kutubxonalarga katta ko‘mak ko‘rsatadi. Oodi («Qasida») ham davlat mablag‘lari hisobidan ochilgan. Keling, undagi g‘aroyib jihatlarni ko‘zdan kechiramiz.
Kutubxona Finlyandiya parlamenti ro‘parasida qurilgan. Qurilishda eng ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda po‘lat va shishadan foydalanilgan.
Bino shaharning haqiqiy bezagiga aylandi. Kutubxona majmuasi 3 qavatdan iborat. Bino ichkarisiga yog‘och bilan ishlov berilgan, panoramali oynalar esa tabiiy yorug‘likni ta'minlaydi.
Loyiha ijodkorlari mutolaa uchun qulay hudud yaratishgan, biroq unga mehmonxona ko‘rinishi berilgan. Binoning birinchi qavatida kinoteatr, ma'ruza va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun zallar joylashgan. Shuningdek, u yerda o‘zingiz bilan olib kelgan yeguligingizni iste'mol qilish mumkin bo‘lgan qahvaxona ham bor.
Ikkinchi qavatda mashg‘ulotlar uchun ustaxonalar, kompyuterlar, nusxa ko‘chirish qurilmalari, 3D-printerlar, tikuv mashinalari, elektr anjomlari mavjud. Agar musiqani yoqtirsangiz, zamonaviy studiyada ovoz yozishingiz ham mumkin.
Majmuaning uchinchi qavatida barchamiz uchun odatiy ko‘rinishdagi, kitob jamg‘armasiga ega katta kutubxona joylashgan.
Xonani bezatish uchun tabiiy palmalardan foydalanilgan. Ular betakror qulaylik va ekzotik muhitni bergan holda yog‘och bochkalarda o‘sadi.
Bolalar uchun bino ichki qismida nafaqat o‘yin xonalari, balki divan, kreslo, mikroto‘lqinli pech va yo‘rgaklash stollari qo‘yilgan maxsus burchaklar ham bor.
Binoda chekish, texnika yonida ovqatlanish va yotib uxlash mumkin emas. Binoda turli tadbirlarni o‘tkazish mumkin.
Kitoblar kitobxonlarga 5 ta robot yordamida yetkaziladi.
Kutubxona shtati 54 kishidan iborat. Bundan tashqari, shtatda olim itlar ham bor. Jonivorlar endigina o‘qishni o‘rganayotgan bolalar oldida sabr bilan o‘tiradi. Ruhshunoslar fikricha, bu kabi ko‘mak bolalarga o‘qishni tezroq o‘zlashtirishda yordam beradi.
Kutubxonada ryukzak, ustara, tish pastasi, yig‘iladigan pichoqlar, ta'mirlash uchun anjomlar, durbinlar, bolalar kreslolari, stol o‘yinlari, avtomobil, chang‘i uchun tovarlarni ijaraga olish mumkin. Bu ro‘yxatni cheksiz ravishda davom ettirish mumkin.
Kutubxona boshqaruvchisining aytishicha, bu kabi xizmatlar tashrifchilar uylarini keraksiz buyumlarga to‘ldirmasliklari va zaruriyat tug‘ilganida barcha buyumlarni bepul olishlari uchun yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!