Oldingi noma’lum otliq chorbog‘ga kirdi-yu, otini bog‘lab mehmonxonaga qarab yurdi. Men ham otimni bog‘lab uning ketidan yurdim.
Bog‘ni Qahraton degan zanji boshchiligidagi qirq nafar qullarim qo‘riqlab yotar edilar.
Katta mehmonxonada Qahraton boshliq qirq nafar qullar ko‘zalarga sharoblarni to‘ldirib, Gulni poylab o‘tirgan ekanlar.
Gul mehmonxonaga kirishi bilan Qahraton qichqirib uni yomon so‘zlar bilan so‘kdi. Gul esa yalinib:
– Zo‘rg‘a Sanobarni uxlatdim, xayolimda xuddi orqamdan kelayotganga o‘xshaydi, – dedi. Shunda Qahraton:
– Sanobarning ko‘kragiga men bergan muhrani qo‘ygan bo‘lsang, badanini burda-burda qilib tilsang ham uyg‘onmaydi. O‘tir, sharobni quy! – dedi. Allaqanday shubhalarga tushgan Gul:
– Shu bugun xavotirdaman, Sanobar kelib qoladi deb qo‘rqayotirman, – dedi.
– Quy sharobni, Sanobaring kelsa, ming joni bo‘lsa ham tirik qolmaydi, agar kelsa, uni ajal haydab keladi.
– Qo‘rqayotirman, bahodir.
– O‘tir deyman senga, quy sharobni.
Gul to‘rga chiqib Qahratonning yoniga o‘tirdi-yu, sharobni quyib avval unga, keyin boshqalarga noz-u karashma bilan uzata boshladi.
Qilichimni yalang‘ochlab eshikda poylab tayyor bo‘lib turdim.
Gul har zamonda: “Bugun qo‘rqayotirman” deb qo‘yardi. Qahraton yigitlardan biriga: Eshikka chiqib kel, buni xotirjam qil, – dedi. Yigitlardan biri dahlizdan boshini chiqarishi bilan uning boshini kesib tashladim. Eshikka chiqqan qul qaytib kirmagani uchun Gulning qo‘rquvi oshdi:
– Chiqqan yigit kelmadi-ku? – dedi. Qahraton ikkinchi yigitni chiqardi, uning ham boshini kesdim, uchinchisi chiqdi, to‘rtinchisi chiqdi, beshinchi chiqdi, chiqqanining boshini kesaverdim va borib-borib Qahraton bilan Guldan boshqa mehmonxonada hech kim qolmadi. Faqat Gul emas, Qahraton ham mening eshikda turganimni bilgan edi. Uning ham kayfi tarqagan edi.
– Hoy Sanobar, qani kir, baxtimizni bir sinab ko‘raylik! – deb chaqirdi Qahraton. Men kirdim. Ikkalamiz talashib ketdik. Kurashimiz ancha davom etdi. Goho men uni surib borar edim, goho u meni surib kelar edi, ikkalamiz ham bir necha joyimizdan yarador bo‘ldik. Ko‘p olishuvlardan keyin men fursatni qo‘ldan bermay, Qahratonning boshini kesdim. Gulni shaharga olib keldim va temir qafasga solib qo‘ydim. Gulni qafasga solishimning sababi shu, qani endi dunyo bilan xayrlashgin, jallodni chaqiraman, – dedi.
Yigit cho‘ntagidan ro‘molchani olib duosini o‘qib, cholning hurmati, deb bir qoqqan edi, gilamchaga aylandi, gilamchaning ustiga o‘tirib:
– Ey gilamcha, cholning hurmati, meni egarchining oldiga yetkaz! – degan ekan, gilamcha havoga ko‘tarilib g‘oyib bo‘libdi. Yigit egarchining oldiga “Assalomu alaykum”, deb kirib kelibdi va u bilan ko‘rishibdi.
Egarchi yigitning oldiga dasturxon yozib, non qo‘yibdi va choy damlab kelibdi. U yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tiribdilar.
Yigit egarchiga Sanobar bilan Gul voqeasini aytib beribdi.
– O‘g‘lim, sen Sanobarning qo‘lidan qanday qilib qutulding, uni hech kimga sir aytmaydi, mabodo aytsa, eshitganning boshini o‘shal zamoniyoq kestiradi, – deyishardi-ku!
– Otajon, shartingizga muvofiq buyrug‘ingizni bajarib keldim, mening qanday qilib Sanobarshoh qo‘lidan qutulganim bilan ishingiz bo‘lmasin-u, o‘zingiznikini, ya’ni nima uchun egarni sindirishingizni aytib bering! – debdi.
– Xo‘p, o‘g‘lim, endi aytmasdan ilojim yo‘q, aytaman, siz bugun menga mehmon bo‘ling, hasratlashib yotamiz, – debdi. – Mening asli ota kasbim egarchilik, bu ishni otamdan o‘rganganman. Ota-onamdan bir singlim bilan qoldim, singlim uy ishini qilar, men egarchilik qilib, ro‘zg‘orimizni o‘tkazar edik. Ota-onamizdan keyin uch yil shu ahvolda kun kechirdik.
Kunlarning birida kechqurun uyga qaytsam, chiroyli, xushbichim, kelishgan odamlar bilan hovlimiz to‘la. Hayron bo‘ldim. Kimdan so‘rashimni bilmayman. Ichkari hovliga kirib xotinlar orasidan singlimni topib, undan: – Nima gap, bular kim, qayerdan kelishdi? – deb so‘ragan edim:
– Bugun sizning to‘yingiz, sizni uylantirishyapti, – dedi.
– Kimlar meni uylantirishadi?
– Bu yoqqa keling, – deb singlim meni bir uyga olib bordi, meni kiyintirishdi, to‘yxonaga olib kirdi, juda ham chiroyli kelinchak turgan edi.
Bu kelinchak shunday chiroyli ediki, uning ta’rifiga til ojiz edi, umrimda shunday chiroyli qizni ko‘rmagan edim. Ko‘zlarimga ishonmas edim, dunyoda shunday chiroyli qiz ham bo‘ladimi? – deb o‘zimdan o‘zim so‘rar edim.
Тo‘y marosimlari o‘tdi, hovlidagi odamlarning ko‘pchiligi ketdi, biz bilan xotinimning ikkita kanizi va bir quli qoldi. Shunday qilib, xotinim bilan yaxshi kun kechira boshladik.
Bir yildan keyin xotinim o‘g‘il tug‘di. Er-u xotin chaqaloqni qo‘yishga joy topolmas edik.
Тurmushimiz yaxshi o‘tar, urish-janjalimiz yo‘q, rohat va farog‘atda yashar edik. O‘g‘ilchamiz ikki yoshga to‘lganda xotinim yana bir o‘g‘il tug‘di.
Katta o‘g‘lim to‘rt yoshga, ikkinchisi ikki yoshga kirdi. Bir kun arzimagan narsa ustida er-u xotin urishib qoldik. Gapimni ko‘p qaytara berganidan jahlim chiqib ketdi-yu, bir tarsaki urib, chiqib ketdim.
Kechqurun hovliga kelsam, hech kim yo‘q, singlim uyning bir burchagida yig‘lab o‘tiribdi.
– Ha, nima uchun yig‘laysan, yangang qayoqda, bolalar qani, nima uchun uyda hech kim yo‘q? – deb so‘radim.
– Akajon, urib nima qilardingiz, qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha yoqqa ketdi, – deb ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
U qo‘shnidan so‘radim, bu qo‘shnidan so‘radim, mahallamizning oqsoqollaridan so‘radim, shaharning amaldorlaridan, yasovulboshilaridan so‘radim, xullas, birov ko‘rdim demaydi, shu yo‘q bo‘lganicha hozirgacha yo‘q.
Shundan buyon kunim o‘tsin, shu bilan ovunay, ermak bo‘lsin deb egar yasayman. Egarni sotib, pulni olishim bilan oilam bilan kechirgan kunlarim ko‘z oldimdan o‘ta boshlaydi-yu, yaram yangi bo‘ladi, yaraga tuz sepgandek bo‘ladi-yu, rangim o‘zgarib ketadi. Pulni egasiga qaytarib, egarni sindirib tashlaganimdan keyin hovurim bosilib, biroz tinchlanaman, – deb egarchi o‘z sarguzashtini tamom qilibdi.
Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga o‘tirib, novvoyning oldiga boribdi. Novvoyxona egasi bilan salomlashib, unga egarchining sarguzashtlarini aytib beribdi.
– Ukam, siz egarchini qanday eritdingiz, u juda o‘jar chol edi-ku? – debdi.
– Nima qilsam ham ayttirdim, endi siz ham ayting! – debdi yigit.
– Otam juda qashshoq yashar edilar, tirikchiligimiz juda ham qiyinchilik bilan o‘tar edi. Otam o‘lgandan keyin uyda hech narsa qolmadi. Hech qanday hunarim bo‘lmaganidan mardikorchilikdan boshqasiga yaramadim.
Bir kun ertalab mardikor bozorida turgan edim, bozorga qora qashqa ot mingan bir boyvachcha keldi. Boyvachchaning boshida suvsar telpak, egnida kimxob to‘n, belida oltin kamar, oyog‘ida yaxshi etik bor edi. Ot anjomlariga ham oltin-kumush va har xil javohirlar qadalgan edi.
(…davomi keyingi sonda)
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!