24-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidentining “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 1-noyabrga qadar AT Xalq banki ustav kapitalini 250 milliard so‘mga, “Mikrokreditbank” ATB ustav kapitalini 170 milliard so‘mga va “Agrobank” ATB ustav kapitalini 290 milliard so‘mga oshirish uchun mablag‘lar ajratish belgilandi.
Mazkur mablag‘lar mamlakat Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun sarflanadi.
Shuningdek, qarorga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
– kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining o‘zini o‘zi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni kreditlash Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, “Mikrokreditbank” ATB va “Agrobank” ATB (vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi;
– kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi;
– mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun tegishli jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan resurslarning 2020-2022-yillarda so‘ndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi, bunda resurslar bo‘yicha foiz stavkasi qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra barcha hududlarda “bank xizmatlari ofislari”ning keng tarmog‘i yaratiladi, axborot texnologiyalarini qo‘llash orqali yangi bank xizmatlari hamda “modulli” kreditlash asosida yangi kredit turlari joriy qilinadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!