Uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng Kiyev va Vashington Ukrainani tiklash uchun investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu hujjatga AQSh Moliya vaziri Skott Bessent va Ukraina Iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko imzo chekdi.
“Bugun Qo‘shma Shtatlar va Ukraina o‘rtasida iqtisodiy sheriklik to‘g‘risidagi tarixiy bitim imzolanganini e’lon qilishdan mamnunman. Bu bitim Ukraina iqtisodiyotini tezroq tiklashga ko‘maklashish uchun “AQSh–Ukraina” investitsiya fondini tashkil etadi. Iqtisodiy xavfsizlik – bu milliy xavfsizlik”, — deya ma’lum qildi Bessent hujjat imzolanganidan so‘ng.
Mazkur bitim haqida matbuot relizi AQSh Moliya vazirligining veb-saytida e’lon qilindi. Ammo hujjat matni hali e’lon qilinmadi.
Ukraina Iqtisodiyot vaziri o‘zining Facebook sahifasida bitimning asosiy shartlarini bayon qildi. Unga ko‘ra, fond “50/50” tamoyili asosida, ya’ni Kiyev va Vashington tomonidan teng ulushda boshqariladi.
“Mazkur bitimning amalga oshirilishi har ikki davlatga iqtisodiy salohiyatini oshirish imkonini beradi. Bu teng sheriklik va sarmoyalar hisobiga yuzaga keladi”, — deya qayd etdi Yuliya Sviridenko.
Uning so‘zlariga ko‘ra, imzolangan bitim Ukrainaning AQSh oldida qandaydir qarzdorlik majburiyatlarini nazarda tutmaydi.
“Bizning hududimiz va hududiy suvlarimizdagi barcha resurslar Ukrainaga tegishli. Qayerda va nimani qazib olishni Ukraina davlatining o‘zi belgilaydi. Yer osti boyliklari ukrain xalqiga tegishli bo‘lib qoladi”, — deya aniqlik kiritdi u.
Sviridenkoning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina-AQSh fondi faoliyatining dastlabki 10 yili davomida daromadlar faqat yangi loyihalarga yoki mamlakatni qayta tiklashga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!