Bugun Qoʻqon shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan I Xalqaro hunarmandchilik festivali oʻz ishini boshladi. 12-sentyabr kuni Xudoyorxon oʻrdasi maydonidan markaz yoʻnalishida I Xalqaro hunarmandchilik festivali qatnashchilari tantanali yurishni amalga oshirishdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov hamda Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev ishtirok etdi.
Xudoyorxon oʻrdasi hududida joylashgan Hunarmandlar shaharchasi xalq sayllari, qoʻgʻirchoqbozlik, dorbozlar folklor jamoalari, viloyatlar madaniyat boshqarmalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari bilan bayramona qiyofa kasb etmoqda. Qiziqchilar, jarchilar hamda xon saroy ayonlari libosidagi aktyorlarning ishtiroki tadbirga koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Shu bilan birga, bugunning oʻzida shu yerda Jahon hunarmandlar kengashining Osiyo va Tinch okeani mintaqasi boʻyicha Prezidenti Kadda Kadumi xonimning kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bundan tashqari, mohir ustalar amaliy sanʼat buyumlarini oʻz qoʻli bilan yasashni istaganlarga mahorat darslari va treninglar oʻtkazishmoqda. Mahorat darslari Rishton, Gʻijduvon, Urgut, Toshkent, Kattabogʻ, Madir, Samarqand, Andijon, Gʻurumsaroy, Shahrisabz kulolchilik maktablari namoyondalari tomonidan oʻtkazilmoqda.
Festival ishtirokchilarini kun davomida shuningdek Fargʻona viloyatining diqqatga sazavor qadimiy va zamonaviy maskanlariga sayyohat kutmoqda. Margʻilon shahriga sayohat, Said Ahmadxoʻja eshon madrasasida joylashgan Hunarmandlar markazi, Yodgorlik korxonasi hamda kandakor Abdulhamid Madaliyev, toʻquvchi Rasuljon Mirzahmedov va Abdunabi Toshtemirov ustaxonalari shular jumlasidandir. Madrasai Mir, Xoʻjaxon qozi, Xaziniy madaniy meros obyektlari, Rassomchilik va miniatyura maktablari vakillarining mahorat darslari mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirishi shubhasiz.
Shuningdek, festival doirasida mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda OAV ishtirokidagi matbuot anjumani ham oʻtkazilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!