Oilada ikki yoki undan ko‘p farzand bo‘lsa, onalar iloji boricha barcha farzandlariga e’tibor berishga harakat qiladi. Lekin ularni birdek nazorat qilish qiyin. Qulay vaqt tug‘ilishi bilan katta farzandlar kichiklari ustida turli “tadqiqot”lar o‘tkazishni boshlaydi. Siz ham ukangiz yoki singlingizga bir nimalar qilishga uringan bo‘lsangiz kerak. Keling, bugun ana o‘sha sho‘xliklarni bir eslaymiz.
1. Rassomlik iste’dodi
Chizish judayam quvonchli mashg‘ulot. Flamaster bilan nafaqat rasm daftariga balki bola badaniga ham chizish mumkin. Bunda o‘zingizni huddi professional tatu ustasidek his qilasiz. Bunday rasmlar juda chiroyli chiqishi bilan birga, bir necha kun saqlanib turadi. Shuningdek, bu rasmlarni “zelyonka” bilan ham chizsa bo‘ladi. Faqat bunda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Biror joyga to‘kib yuborganingizda oyingizdan qanday dakki eshitganingizni bir eslab ko‘ring-a…
2. Sartaroshlik
Qo‘g‘irchog‘ining sochini kesib ko‘ngli to‘lmagan qizlar, albatta, singlisining sochini ham kesib ko‘radi. Natijada o‘zga sayyoralik qizaloq paydo bo‘ladi.
3. Moda namoyishi
Qizlar kiyinishni yaxshi ko‘radi. Lekin kiyimlarni o‘zi kiyganda qanday ko‘rinishini bilmaydi va singillariga har xilini kiydirib tomosha qilishadi. Esimda, opam oyimning yubkalarini menga ko‘ylak qilib kiydirib qo‘yar edilar. Bunday voqealar sizda ham bo‘lgan bo‘lsa kerak.
4. Mayda detallar
Mozaikani bir o‘zi o‘ynash juda zerikarli. Uni mazza qilib o‘ynash uchun, albatta, uka-singillar kerak bo‘ladi. Chiroyli suratning mayda bo‘laklarini gilamga sochib, kichkinalar bilan talashib, tortishib o‘ynashning zavqi boshqacha-da.
5. Kim balandroq baqiradi?
Bolakay o‘yinchog‘ingizni olib ketsa, albatta, undan zudlik bilan qaytarib olish kerak. Bu masalada tuganmas serenada hammasiga yechim bo‘la oladi. Buni amalga oshirish uchun esa chaqaloqning yumshoq joyidan chimchilab qo‘yishning o‘zi kifoya. Ha, nima bola hali gapira olmaydi, hech kim bu qilmishingizni bilib qolmaydi. Eng muhimi, esa o‘yinchoq o‘zinizga qaytib keladi.
6. Jasoratini tekshirib ko‘rish
Katta bolalar o‘zlarini kuchli his qilishlari uchun kichiklarni qo‘rqitishadi. Buni xontaxta tagida yoki javon ortida qoyilmaqom qilib bajarish mumkin.
Bular hali hammasi emas, har biringizning hayotingizda turli tajribalar bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ularni eslab kulishamiz. Lekin, afsuski, oxirgi vaqtlarda bolalar qo‘rqinchli seriallar ko‘rib, xavfli kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, uka-singillari bilan o‘ta xavfli ishlarni qilishga urinishmoqda. Hurmatli ota-onalar farzandlaringizga e’tiborni kuchaytiring. Beparvolik qilib o‘yindan chiqqan o‘qqa nishon bo‘lib qolmang.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!