$
12006.39 UZS
-28.87
150.44 UZS
-1.02
13765.33 UZS
54.76
31° Kechasi 18°

Shavkat Mirziyoyev Koreyada: investisiyalar hajmi, infratuzilma ob’yektlari va yangi loyihalar muhokama qilindi

14:38 / 17.12.2021

2021-yil 17-dekabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining Seul shahridagi “Chong Va De” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oliy martabali mehmon va uning rafiqasi sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangragan. Shuningdek, tantanali marosimda Tonggi soflik mamlakatining qadimiy tarixi va yorqin zamonaviyligi o‘z aksini topgan.

So‘ng davlat rahbarlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdigan. Koreya Respublikasi prezidenti oliy martabali mehmonni qutlar ekan, Seul Toshkent bilan hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda yanada rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini ta’kidlab o‘tgan.

 

- Hurmatli Shavkat Mirziyoyev janoblarini, mening qadrli birodarimni qutlayman. Seulga xush kelibsiz. Shu yil yanvar oyidagi uchrashuvimizni yaxshi eslayman. O‘sha muloqotimiz joriy yilning birinchi oliy darajadagi uchrashuvim bo‘ldi. Bugun esa Siz bilan yil yakunida yuzma-yuz ko‘rishib turibmiz. Mening diplomatik tadbirlarim aynan Siz bilan boshlanib, yakuniga yetayotganidan ayniqsa mamnunman. Koreya va O‘zbekiston alohida strategik sheriklik munosabatlari bilan bog‘langan hamkorlardir. Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan qishloq xo‘jaligi uskunalari va elektr texnikasi ishlab chiqarish, energotexnika tarmog‘i va energetika, sanoat korxonalarini barpo etish kabi sohalarda turli loyihalar amalga oshirilmoqda. Sizning tashrifingiz doirasida qator muhim hujjatlarga imzo chekiladi. Biz O‘zbekiston bilan yelkama-yelka turib, global iqlim o‘zgarishlariga qarshi turishga, “aqlli” shaharlar, smart-fermalar, AKT va elektrik avtomobillar ishlab chiqarish kabi istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishga tayyormiz. Kelayotgan yilda biz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlaymiz. Umid qilamanki, yangi yilda biz birgalikda farovonlikning yangi sahifasini ochamiz.

Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirib, ochiqlik va o‘zaro ishonch ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib kelayotganini ta’kidlagan.

- Uchrashib turganimizdan juda mamnunman. Davlat tashrifi bilan go‘zal Koreyaga kelishga taklif qilganingiz va har doimgidek iliq mehmondo‘stlik uchun minnatdorman. Hozir ob-havo sovuq, lekin koreyalik birodarlarimizning qalbi qaynoq.  Biz mamlakatingiz va koreys xalqiga alohida bir samimiyat bilan qaraymiz. Mentalitetimiz, an’ana va ma’anaviy qadriyatlarimiz o‘xshash. Sizning “Yangi siyosat”ingiz yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, innovasion va “yashil” taraqqiyot sohalarida yurtingiz yetakchiligini mustahkamlash, iste’dodli koreys xalqining ulkan intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qildi, - dedi O‘zbekiston Prezidenti. 

Mana 15 yildirki, mamlakatlarimiz strategik sherikdir. Shavkat Mirziyoyev va Mun Je Inning do‘stligi va siyosiy irodasi esa O‘zbekiston-Koreya hamkorligiga yangi sur’at bag‘ishlashga kuchli rag‘bat bo‘ldi.

Davlat rahbarlari to‘rtinchi bor uchrashmoqda. 2017-yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida davlat tashrifi bilan bo‘ldi. 2019-yil aprel oyida Prezident Mun Chje Inning O‘zbekistonga javob tashrifi bo‘lib o‘tdi, uning doirasida Alohida strategik sheriklik to‘g‘risida qo‘shma deklarasiya qabul qilindi. 2021-yil yanvar oyidagi onlayn sammitda esa yetakchilar o‘zaro aloqalarni yanada faollashtirish bo‘yicha qator yangi va dolzarb tashabbuslarni ilgari surdilar.

Koreyaga bu galgi tashrif faol muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston yetakchisi uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqishni davrni o‘zi taqozo qilayotganini alohida ta’kidladi. Ikki mamlakat hamkorligi global iqtisodiyotning bugungi tahdidlariga to‘liq javob berishi kerak.

Koreya Respublikasi O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlaridan. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni qariyb ikki barobar ortdi. Pandemiya oqibatlariga qaramay, ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Koreya Erkin savdo to‘g‘risidagi bitimni tuzish masalasida ancha ilgariladi. Uchrashuvda ushbu hujjatning kelgusi yilda imzolanishi tufayli tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirish va muvozanatga keltirish imkoniyati paydo bo‘lishiga ishonch bildirildi.

Koreyaning O‘zbekistonga investisiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Joriy yilda 320 million dollar, ya’ni 2020 yilga nisbatan 20 foiz ko‘p o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar hisobiga kimyo, neft-kimyo, to‘qimachilik, qurilish, qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Koreya Eksimbanki hamda Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik fondi (EDCF) bilan ko‘p yillik samarali hamkorlik alohida diqqatga sazovor. Masalan, ushbu jamg‘arma doirasidagi moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollarga yetkazildi. 2023 yilga qadar O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirishga salmoqli mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Koreyaning xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan sermahsul sheriklik ham kengaymoqda.

O‘zbekiston prezidenti yaqin davrga mo‘ljallangan hamkorlikda uchta asosiy yo‘nalish: “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash masalalari kun tartibida turganini ta’kidladi. Istiqboldagi barcha qo‘shma loyihalar, dastur va harakatlar rejalarini shu asosiy ustuvorliklardan kelib chiqqan holda ishlab chiqish taklif etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning inson kapitali va tabiiy resurslari Koreya Respublikasining istiqbolli texnologiyalari va bilimlari bilan birlashsa, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun yaxshi zamin yaratish mumkinligini alohida ta’kidladi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari  Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashish fondini (EDPF) jalb qilgan holda Toshkent viloyatida yarimo‘tkazgich va elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Koreya klasterini tashkil etish taklifini bildirdi. Uning hududida fan-ta’lim muassasalari, ilg‘or texnologiyalar sohasidagi tadqiqot va ishlanmalar markazlarini joylashtirish mumkin bo‘ladi.

Tomonlar qayd etganidek, mamlakatimizda birgalikda tashkil etilgan To‘qimachilik texnoparki va Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi markazi faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish va rivojlantirish davom ettiriladi.

O‘zbekiston Koreyaning raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt, “aqlli shaharlar”, autsorsing, aloqaning yangi avlodi va internet-texnologiyalar borasidagi yutuqlaridan o‘z amaliyotida foydalanishdan manfaatdor.

Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, maktabgacha va oliy ta’lim sohalarida jiddiy hamkorlik qilmoqda. Tibbiyotda amalga oshirilgan ilk yirik qo‘shma loyiha natijasida o‘tgan yildan buyon Toshkent shahrida Bolalar ko‘p tarmoqli klinikasi faoliyat yuritmoqda.

Koreya ta’lim modeli dunyodagi eng namunali tajribalardan biridir. Aynan shu bois yurtimiz maktabgacha ta’lim tizimi Koreyadagi hamkorlarning ilg‘or tajribasi va bilimlari asosida to‘liq isloh qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti universitetlar o‘rtasidagi innovasion hamkorlikni rivojlantirish muhim ekanini ta’kidlab, ularning muntazam muloqoti uchun doimiy maydon yaratish, kelgusi yilda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumini o‘tkazishni taklif qildi.

Muzokaralar chog‘ida pandemiyadan keyingi davrda turizm sohasi iqtisodiy o‘sish lokomotivlaridan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mehmonxonalar va infratuzilma ob’yektlari qurilishi bilan bog‘liq loyihalardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Kelgusi yilda mamlakatlarimiz diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va koreys diasporasi O‘zbekistonda istiqomat qilishining 85 yilligini nishonlaydilar.

Davlatimiz rahbari 2022 yilni “O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilishni, Toshkentda Koreyslar tarixi muzeyi hamda Koreys madaniyat va san’at uyi qoshida kutubxona tashkil etishni taklif etdi.

Shuningdek, global va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Koreyaning ko‘plab masalalar yuzasidan qarashlari o‘xshashdir. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-biriga ko‘maklashmoqda. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishini, shuningdek, 2023 yilda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi 25-sessiyasini o‘tkazish joyi sifatida Samarqand nomzodini qo‘llab-quvvatladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, Koreyaning 2024-2025 yillarda BMT Xavfsizlik kengashi muvaqqat a’zosi bo‘lish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shavkat Mirziyoyev “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” forumining mintaqamiz barqaror taraqqiyotiga ko‘maklashishdagi o‘rni kuchayib borayotganini yuqori baholagan.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli loyiha va dasturlarini ilgari surish maqsadida parlamentlar va hukumatlar darajasidagi muloqotning yangi samarali mexanizmlarini joriy qilishni taklif etgan.

O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi, uning doirasida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga ko‘ra, alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada yuqori darajaga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratuvchi tarixiy voqea bo‘ldi.

 


Bu ham qiziq

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasida yer osti tunnel topildi

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasida yer osti tunnel topildi

Qirg‘izistonning Botken viloyatida O‘zbekiston bilan chegaradosh hududda kontrabanda maqsadida foydalanilgan bo‘lishi mumkin…
14:25 / 30.07.2026
Tojikistonda hijobga rasmiy taqiq qo‘yildi

Tojikistonda hijobga rasmiy taqiq qo‘yildi

Mamlakatda "MILLIY MADANIYATGA YOT" deb topilgan kiyimlarga, xususan hijob va arabcha uslubdagi kiyim-kechaklarga rasman taq…
17:01 / 29.07.2026
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tartibi tasdiqlandi

Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tartibi tasdiqlandi

O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi …
15:29 / 30.07.2026
Oʻzbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozogʻistonda boʻladi

Oʻzbekiston Prezidenti amaliy tashrif bilan Qozogʻistonda boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifig…
20:20 / 28.07.2026
Navoiyda 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborildi

Navoiyda 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq tabiatga qo‘yib yuborildi

Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlaridagi cho‘l hududlariga 778 ta yo‘rg‘a tuvaloq (hubara) qo‘yib yuborildi.
15:15 / 28.07.2026
29-iyul kungi ob-havo ma’lumoti

29-iyul kungi ob-havo ma’lumoti

Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kech…
22:54 / 28.07.2026
30-IYULGA OB-HAVO PROGNOZI

30-IYULGA OB-HAVO PROGNOZI

29-iyul soat 20:00 dan 30-iyul soat 20:00 gacha
17:41 / 29.07.2026
Sirdaryodan yana bir jasad topildi, qidiruv ishlari davom etmoqda

Sirdaryodan yana bir jasad topildi, qidiruv ishlari davom etmoqda

Namangan viloyati FVB Sirdaryoda sodir bo‘lgan fojiali hodisalar yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
14:43 / 29.07.2026
Bugun, 31-iyul kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

Bugun, 31-iyul kuni qanday ob-havo kuzatiladi?

31-IYULGA OB-HAVO PROGNOZI30-iyul soat 20:00 dan 31-iyul soat 20:00 gacha
17:37 / 30.07.2026
Ichimlik suvi tariflarini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi

Ichimlik suvi tariflarini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab ichimlik suvi va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati hokimliklar…
11:34 / 29.07.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!