$
11809.19 UZS
18.4
₽
138.15 UZS
0.37
€
13206.22 UZS
-79.64
31° Kechasi 18°

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida katta intervyu berdi.

22:19 / 21.08.2026

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida katta intervyu berdi.

– Hurmatli Prezident janoblari, so‘nggi yillarda Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlari jadal rivojlanib, eng yuksak bosqich – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekistonga yaqin vaqtda kutilayotgan davlat tashrifingiz arafasida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini qanday baholaysiz?

– Ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mushtarak tarix, madaniyat, til va ma’naviy qadriyatlar, shuningdek, xalqlarimizning asrlar osha, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan birdamligi, hamjihatligi va chuqur o‘zaro mehr-oqibatiga tayanadi. Ana shu mustahkam poydevor asosida qurilgan davlatlararo munosabatlar so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan rivojlanish bosqichiga kirib, eng yuksak pog‘ona – ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi va mutlaqo yangi mazmun kasb etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, mening aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizdagi samimiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch Ozarbayjon – O‘zbekiston qardoshligini mustahkamlash, davlatlararo aloqalarni bugungi darajaga olib chiqish va ittifoqchiligimizni rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Prezident Mirziyoyevning mamlakatlarimiz qardoshligi, birligi va ittifoqchiligi yo‘lidagi tinimsiz va qat’iyatli faoliyati Ozarbayjonda unga nisbatan chuqur hurmat va mehr uyg‘otgan.

Aytib o‘tganimdek, davlatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy muloqot juda yuqori darajada. Shubhasiz, oliy darajadagi muntazam o‘zaro tashriflar – so‘nggi besh yilda ularning soni 15 tani tashkil etdi – va yaqin muloqotlarimiz ushbu aloqalarni jadal rivojlantirish hamda mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Oxirgi besh yilda bu mening qardosh mamlakatga uchinchi davlat tashrifim va umuman olganda yettinchi tashrifimdir. Go‘zal va betakror O‘zbekistonga har bir tashrifim men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, doimo katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. An’anaga ko‘ra, bu tashriflar yuksak mehmondo‘stlik, qardoshlik, samimiyat va o‘zaro anglashuv muhitida o‘tadi. Qardosh O‘zbekistonga har safar kelganimda, ayniqsa so‘nggi yillarda mamlakatning barcha sohalarda jadal rivojlanayotganini ko‘rib, quvonaman. Zamonaviy shaharlar barpo etilishi, iqtisodiyotning diversifikatsiya qilinishi, yirik infratuzilma loyihalarining amalga oshirilishi, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport sohalariga qaratilayotgan e’tibor mamlakatning yuksak o‘sish sur’atlarini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘zbekiston yetakchisi, mening aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dono rahbarligi ostida mamlakatni har tomonlama rivojlantirish va ravnaq toptirish yo‘lida izchil amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, O‘zbekistonning xalqaro nufuzi tobora yuksalayotgani va barcha asosiy tarmoqlarda erishilayotgan salmoqli yutuqlar samimiy hurmat va chuqur mamnuniyat uyg‘otadi. Bularning barchasi Prezidentning puxta o‘ylangan siyosati, strategik qarashlari, Vatanga muhabbati va samarali davlat boshqaruvining natijasidir.

2024-yil avgust oyida mening O‘zbekistonga davlat tashrifim, 2025-yil iyul oyida esa O‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ikki tomonlama tashriflar doirasida imzolangan ko‘plab hujjatlar, xususan, Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya va Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma ikki mustaqil, kuchli va suveren davlatimiz o‘rtasidagi tabiiy ittifoqchilikni rasman mustahkamladi. Ular mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning huquqiy va siyosiy asoslarini yanada kuchaytirib, kelgusidagi hamkorligimizni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Shu bilan birga, 2023-yil avgust oyida tashkil etilgan Oliy davlatlararo kengash Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini chuqurlashtirishning muhim institutsional mexanizmiga aylandi. Mazkur platforma davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, yangi tashabbuslarni ilgari surish va turli sohalardagi hamkorlikni samarali muvofiqlashtirishga xizmat qilmoqda. Kengashning Toshkent va Bokuda o‘tkazilgan ikki yig‘ilishi Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining yuksak sur’atlarda rivojlanayotgani, siyosiy muloqotning izchilligi va davlatlarimizning istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma faoliyatga qat’iy intilishini ko‘rsatmoqda.

Bugun siyosiy munosabatlarimiz iqtisodiyot, investitsiyalar, sanoat, transport, logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va gumanitar sohalardagi keng ko‘lamli amaliy hamkorlik bilan yanada boyimoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyatini birlashtirish bilan birga, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlamoqda.

Ishonchim komilki, bo‘lajak tashrif ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ittifoqchilik munosabatlarimizni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ozarbayjon – O‘zbekiston munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlikdir. Bu sohada erishilgan yutuqlar haqida nima deya olasiz?

– Savdo-iqtisodiy hamkorligimiz so‘nggi yillarda jadal rivojlanmoqda. 2025-yilda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi avvalgi yilga nisbatan 3 barobardan ziyod ko‘payib, 795 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu juda yaxshi ko‘rsatkich. Shuningdek, 2026-yil yanvar – may oylarida tovar ayirboshlash o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33 foizga o‘sib, 144 million AQSH dollariga yetdi.

Uch yil avval umumiy kapitali 500 million AQSH dollari bo‘lgan Ozarbayjon – O‘zbekiston investitsiya kompaniyasining tashkil etilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma yaratdi. Kompaniya Ozarbayjon va O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Bundan tashqari, Hukumatlararo komissiya iqtisodiy, savdo, investitsiya va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Bugunga qadar komissiyaning 15 ta yig‘ilishi o‘tkazildi. Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda Ozarbayjon – O‘zbekiston savdo-iqtisodiy hamkorligining bugungi holati, erishilgan natijalar va kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.

Energetika sohasidagi hamkorligimiz ham faol rivojlanmoqda. O‘zbekistonning «O‘ZLITINEFTGAZ» va «SOCAR»ning «NIPI Neftegaz» institutlari negizida tashkil etilgan «Neftgaztexnologiya» qo‘shma korxonasi 2016-yildan buyon neft-gaz sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 2024-yilda «SOCAR» va «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etilgan «Turan Energy APESCO» qo‘shma korxonasi «Azerikimya» ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlangan yuqori bosimli polietilenni O‘zbekistonga eksport qilmoqda.

«Yashil» energetika sohasidagi hamkorligimiz ham davom etmoqda. 2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonning tegishli energetika idoralari tomonidan Bokuda «Yaşıl Dəhliz Birliyi» mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sis etildi. Mazkur qo‘shma korxona Ozarbayjon – Markaziy Osiyo «yashil» energiya yo‘lagi loyihasini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, qayta tiklanuvchi energiyani eksport qilish va uni Kaspiy dengizi tubi orqali uzatish imkoniyatlarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi tranzit tashuvlari hajmi ham o‘smoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6,7 foizga oshib, 1,4 million tonnani tashkil etdi. Joriy yilning yanvar – iyun oylarida esa 12,2 foizlik o‘sish qayd etilib, tashuvlar hajmi 675 ming tonnaga yetdi.

O‘zbekiston tomoni bilan amalga oshirilayotgan qator qo‘shma loyihalar iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mamlakatlarimiz uchun yangi rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga muhim hissa qo‘shmoqda. Bu borada ozod etilgan Fuzuliy tumanida 100 gektar maydonda «Do‘stlik bog‘i» nomli anorzor barpo etilishi, shuningdek, Chevrolet avtomobillari va Isuzu avtobuslarini ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni alohida qayd etish mumkin. Ma’lumot uchun aytib o‘tsam, 2026-yil 13-iyul holatiga ko‘ra, jami 10 720 ta Chevrolet avtomobili va 275 ta Isuzu avtobusi ishlab chiqarilgan.

Ayni paytda mamlakatimizda O‘zbekiston investitsiyalari ishtirokidagi 130 dan ziyod tijorat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish kabi iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston kompaniyalarining Ozarbayjondagi faoliyati mamlakatlarimiz o‘rtasida shakllangan o‘zaro ishonch, qulay investitsiya muhiti va mustahkam iqtisodiy sheriklikning yaqqol ifodasidir.

Ozarbayjon va O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldiradi va bu hamkorlikning yangi shakllarini yaratish uchun keng istiqbollar ochadi. Biz Ozarbayjon kompaniyalarining O‘zbekistonda, O‘zbekiston kompaniyalarining esa Ozarbayjonda yanada faol ishlashini, shuningdek, qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya loyihalari sonining ko‘payishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ozarbayjon ham O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda. Bu borada «PASHA Holding» kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida «The Ritz-Carlton» brendi ostida qurilayotgan mehmonxona va turar joy majmuasi, shuningdek, Toshkent viloyatidagi «Sea Breeze Uzbekistan» yirik sayyohlik va turar joy majmuasi loyihalarini qayd etish mumkin.

– Sizningcha, madaniy diplomatiya Ozarbayjon – O‘zbekiston davlatlararo aloqalarini mustahkamlashda qanday o‘rin tutadi?

– Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik mushtarak ildizlar, til va madaniyat yaqinligi, shuningdek, asrlar davomida shakllangan ma’naviy qadriyatlarga tayanuvchi munosabatlarning ajralmas va muhim yo‘nalishlaridan biridir. Bu sohadagi hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv, ishonch, do‘stlik va qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shib, gumanitar aloqalarni yangi mazmun bilan boyitmoqda.

Xalqlarimizning o‘zaro intilishi va davlatlarimizning birgalikdagi qo‘llab-quvvatlashi tufayli madaniy-gumanitar aloqalar so‘nggi yillarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Birgalikda o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari, san’at festivallari, ilmiy anjumanlar, adabiyotlarni nashr etish va ta’lim dasturlari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar kun tartibini mustahkamlashda alohida o‘rin tutadi.

2023 va 2025-yillarda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024-yilda esa O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari o‘tkazildi. Shu yili Xiva shahrida «Shusha kunlari» ham bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning nufuzli delegatsiyasi Bokuda Birinchi turkologlar qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Turkiy dunyo haftaligida ishtirok etdi.

Qardosh mamlakatdagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti buyuk ozar shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy nomi bilan atalishidan faxrlanamiz.

O‘tgan yili Boku markazida men va aziz birodarim Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan poydevori qo‘yilgan, 5 gektar maydonni egallaydigan «O‘zbekiston» bog‘i qardoshligimizning yana bir ramziga aylanadi.

Haydar Aliyev jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalar ham ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Ta’lim sohasidagi hamkorlik Ozarbayjon va O‘zbekiston madaniy-gumanitar sherikligining yetakchi yo‘nalishlaridan biridir. 2025/2026 o‘quv yilida Ozarbayjonda O‘zbekistonning 67 nafar fuqarosi, O‘zbekistonda esa Ozarbayjonning 176 nafar fuqarosi tahsil oldi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida barpo etilgan va faoliyat yuritayotgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi umumta’lim maktabi ta’lim sohasidagi hamkorlikning yorqin namunalaridan va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarining yana bir ifodasidir. Ushbu ezgu tashabbus, shuningdek, ozod etilgan hududlarimizdagi tiklash va bunyodkorlik ishlariga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun butun O‘zbekiston xalqiga va shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Media sohasidagi hamkorlik ham muhim natijalar bermoqda. 2024-yil 23–25-sentabr kunlari Toshkentda I O‘zbekiston – Ozarbayjon mediaforumi, 2025-yil 29-sentabr kuni Bokuda II Ozarbayjon – O‘zbekiston mediaforumi o‘tkazildi. 2023-yilda Fuzuliyda Ozarbayjon va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligining I forumi, 2024-yilda esa Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon NNTlari hamkorligining II forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumlarning amaliy natijasi sifatida 2026-yilda ikki qardosh mamlakat ilk bor NNTlar uchun qo‘shma grant tanlovini e’lon qildi. Tanlov yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjonning g‘olib loyihalari O‘zbekistonda, O‘zbekistonning g‘olib loyihalari esa Ozarbayjonda amalga oshiriladi.

O‘zbekistondan Ozarbayjonga sayyohlik safarlari soni ham ortib bormoqda. 2024-yilda mamlakatimizga O‘zbekistonning 46 ming, 2025-yilda 62 ming, 2026-yil yanvar – avgust oylarida esa 44 ming nafar fuqarosi tashrif buyurdi.

Hududlararo hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanayotganini alohida ta’kidlash mumkin. Boku – Toshkent, Ismoiliy – Rishton, Shusha – Xiva, Lankaran – Buxoro, Sheki – Qo‘qon, Bilasuvar – Termiz, Mingechevir – Namangan, Fuzuliy – Guliston, Guba – Jizzax va Beylagan – Shahrisabz shaharlari o‘rtasida birodarlik va sheriklik aloqalari o‘rnatilgan. Yaqin vaqtda Naxchivon va Urganch o‘rtasida ham birodarlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bugun Ozarbayjon va O‘zbekiston shaharlarini birodarlashtirish tashabbuslari xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradigan, mushtarak tarixiy, madaniy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylaydigan, kelajak avlodlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydigan muhim hamkorlik platformalaridan biriga aylangan.

Shunday qilib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik nafaqat ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishi, balki xalqlarimizning mushtarak qadriyatlari, boy madaniy merosi va qardoshlik rishtalarini asrab, kelajakka olib o‘tadigan strategik gumanitar ko‘prikdir.

– Hurmatli Prezident janoblari, Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqaro maydonlarda samarali hamkorlik qilmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi ushbu hamkorlikni qanday baholaysiz va Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari haqida nima deya olasiz?

– Mamlakatlarimizning muhim masalalarni ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shakllarda hal etish borasidagi birgalikdagi faoliyati yuksak e’tirofga loyiq. Ikki qardosh mamlakat – Ozarbayjon va O‘zbekiston barcha masalalarda doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlayotgani faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.

Ozarbayjon va O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorligi alohida ahamiyatga ega. O‘tgan yili Gabalada TDT Davlat rahbarlari kengashining 12-sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot doirasidagi hamkorlikning asosiy masalalari muhokama qilinib, TDTni mustahkamlash, turkiy dunyoda yanada jips birlikni ta’minlash, uning siyosiy, iqtisodiy va harbiy qudratini oshirish, shuningdek, global maydonda ta’sir va kuch markaziga aylantirishga qaratilgan deklaratsiyalar imzolandi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston TDTni nafaqat davlatlararo hamkorlik platformasi, balki mushtarak tariximiz, madaniyatimiz va ma’naviy qadriyatlarimizni kelajakka olib boruvchi muhim tuzilma sifatida qabul qiladi.

Ozarbayjon va O‘zbekistonning TDT doirasida siyosiy muloqot, iqtisodiy aloqalar, transport-logistika imkoniyatlari, ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi turkiy davlatlar o‘rtasidagi integratsiyani yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, transport-logistika sohasidagi hamkorligimiz katta istiqbollarga ega. Ozarbayjonning Janubiy Kavkazda, O‘zbekistonning esa Markaziy Osiyoda joylashgani mamlakatlarimizni Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim strategik yo‘nalishlardagi tabiiy sheriklarga aylantiradi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘l loyihasining O‘rta yo‘lak (Middle Corridor) va TRIPP bilan integratsiyalashuvi butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy va tranzit imkoniyatlarini yaratadi.

Ozarbayjon va O‘zbekiston tomonidan mushtarak turkiy merosni asrash va targ‘ib etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar buyuk ma’naviy boylikni kelajak avlodlarga yetkazishda beqiyos ahamiyatga ega.

Mamlakatlarimiz boshqa turkiy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikka ham katta ahamiyat beradi. O‘zbekistonning 2025-yil may oyida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilishi muhim va quvonarli voqea bo‘ldi. O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, qadimiy davlatchilik an’analari va o‘ziga xos madaniy qadriyatlarini inobatga olganda, uning mazkur jamg‘armaga a’zo bo‘lishi turkiy dunyoning mushtarak merosini asrash va targ‘ib etish sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.

Shunday qilib, mamlakatlarimizning TDT va boshqa turkiy tashkilotlar doirasidagi faol hamkorligi turkiy dunyo integratsiyasini yanada kuchaytirish va xalqaro maydonda uning yagona pozitsiyasini mustahkamlashga xizmat qilishda davom etadi.

Ozarbayjonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlariga kelsak, so‘nggi yillarda bu aloqalar ittifoqchilik, strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida jadal rivojlanganini ta’kidlash lozim. Tarixiy-madaniy yaqinlik va mushtarak ma’naviy qadriyatlar kabi muhim omillar Ozarbayjon bilan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi mavjud aloqalarning mustahkam poydevorini tashkil etadi.

Ozarbayjon Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy muloqotni kengaytirish, iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, transport-kommunikatsiya imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, energetika va gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beradi. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni ilgari surish, hamjihatlikdagi harakatlarni muvofiqlashtirish va qo‘shma tashabbuslarni muhokama qilishda muhim ahamiyatga ega nufuzli platformalardan biridir.

O‘tgan yil noyabr oyida aynan Toshkentda, O‘zbekiston raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasining mazkur formatda to‘la huquqli ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ushbu jarayonda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari rahbarlariga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

Ozarbayjonning ushbu jarayonga faol qo‘shilishi natijasida avval «S5» deb atalgan hamkorlik formati amalda «S6» formatiga aylandi, mintaqaviy muloqot va strategik sheriklik esa yangi mazmun va ko‘lam kasb etdi.

Ozarbayjonning mazkur formatda to‘la huquqli ishtiroki mamlakatimiz Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga berayotgan strategik ahamiyatni namoyon etadi. Maslahat uchrashuvlari doirasidagi muhokamalar mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni yanada mustahkamlash, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash va mintaqaviy rivojlanish uchun muhim tashabbuslarni amalga oshirish imkonini beradi.

Ozarbayjonning ushbu formatdagi ishtiroki mamlakatimizning mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasini ham ko‘rsatadi. Mazkur platforma doirasida yaratilgan muloqot va hamkorlik mexanizmlari nafaqat davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, balki butun Yevroosiyo makonida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shunday qilib, Ozarbayjon va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida shakllanayotgan ko‘p qirrali hamkorlik o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik namunasidir.

Ozarbayjon va O‘zbekiston a’zo yoki ishtirokchi bo‘lgan deyarli barcha xalqaro tashkilot va ko‘p tomonlama platformalar, xususan, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash hamda Qo‘shilmaslik harakati doirasida ham samarali hamkorlik qilmoqda.

– Hurmatli Prezident janoblari, qiziqarli va mazmunli intervyu uchun Sizga minnatdorlik bildiramiz. O‘zbekistonga davlat tashrifingiz arafasida qardosh xalqqa qanday tilaklar bildirgan bo‘lardingiz?

– Ushbu ajoyib imkoniyatdan foydalanib, qardosh O‘zbekiston xalqini mamlakat davlat mustaqilligining yaqinlashib kelayotgan 35 yilligi bilan samimiy tabriklayman hamda chuqur hurmatimni izhor etib, tinchlik, farovonlik, ravnaq va yangi yutuqlar tilayman.


O‘zbekiston


														
														8-oktyabr qanday ob-havo kuzatiladi?

8-oktyabr qanday ob-havo kuzatiladi?

TOSHKENT SHAHRI:Havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kecha…
16:35 / 07.10.2026

														
														Centrum Air yo‘lovchini samolyotdan tushirib yuborish bilan bog‘liq mojaro yuzasidan uzr so‘radi

Centrum Air yo‘lovchini samolyotdan tushirib yuborish bilan bog‘liq mojaro yuzasidan uzr so‘radi

Centrum Air bort kuzatuvchisidan o‘zbek tilida gapirishni so‘ragani ortidan samolyotdan tushirib yuborilgan yo‘lovchi bilan …
16:04 / 07.10.2026

														
														Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qild

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qild

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qild…
16:02 / 07.10.2026

														
														Namanganda 12 nafar bolani olib ketayotgan Damas haydovchisi 2 yilga qamaldi

Namanganda 12 nafar bolani olib ketayotgan Damas haydovchisi 2 yilga qamaldi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida 12 nafar bolani bog‘chaga olib ketayotgan Damas haydovchisi YTH sodir etib, bir bolan…
15:27 / 07.10.2026

														
														“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 61,3 mlrd so‘mlik ijro ishlari davom etmoqda

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 61,3 mlrd so‘mlik ijro ishlari davom etmoqda

“Dok-1 Maks” dori vositasidan jabrlangan 85 nafar fuqaro foydasiga jami 78 mlrd so‘m zarar undirish bo‘yicha ijro ishlari da…
13:18 / 07.10.2026

														
														Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrif bilan boradi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrif bilan boradi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 7–9-oktabr kunl…
11:50 / 07.10.2026

														
														“Shahriston” bekatida metro poyezdi 6 daqiqaga to‘xtab qoldi

“Shahriston” bekatida metro poyezdi 6 daqiqaga to‘xtab qoldi

7-oktyabr kuni Toshkent metropolitenining “Shahriston” bekatida 1985-yilda ishlab chiqarilgan metro poyezdida texnik nosozli…
11:08 / 07.10.2026

														
														Xudoyorxon o‘rdasidagi tadbir ortidan muzey direktori hayfsan oldi

Xudoyorxon o‘rdasidagi tadbir ortidan muzey direktori hayfsan oldi

Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasi hududida Madaniy meros agentligi bilan kelishilmagan ko‘ngilochar tadbir o‘tkazilgani o…
10:30 / 07.10.2026

														
														Tojikiston va Eron o‘rtasida vizasiz rejim to‘liq kuchga kirdi

Tojikiston va Eron o‘rtasida vizasiz rejim to‘liq kuchga kirdi

5-oktyabrdan Tojikiston va Eron fuqarolari uchun o‘zaro vizasiz rejim to‘liq kuchga kirdi. Endilikda ikki davlat fuqarolari …
09:51 / 07.10.2026

														
														Qashqadaryoda maktab direktori 600 dollar pora bilan ushlandi

Qashqadaryoda maktab direktori 600 dollar pora bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida maktab direktori fuqaroning ishga kirishiga ko‘maklashish evaziga 600 AQSH dollari …
09:44 / 07.10.2026

Bu ham qiziq

Farg‘onumanida fuqaro elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 547,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani aniqlandi.

Farg‘onumanida fuqaro elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 547,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani aniqlandi.

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlargaaro R.U. “Yangiboston” MFY hududidagi baliq boqishga mo‘ljallanga…
15:19 / 06.10.2026
Yevroparlamentda Donald Tramp tasvirlangan yalang‘och haykal namoyish etildi

Yevroparlamentda Donald Tramp tasvirlangan yalang‘och haykal namoyish etildi

Fransiyaning Strasburg shahridagi Yevroparlament qarorgohida 6-oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp tasvirlangan yalang…
15:31 / 07.10.2026
Ford Nucleon: yadro reaktorida yuradigan avtomobil nega yaratilmay qoldi?

Ford Nucleon: yadro reaktorida yuradigan avtomobil nega yaratilmay qoldi?

1958-yilda AQSHning Ford kompaniyasi benzin o‘rniga atom energiyasidan foydalanadigan avtomobil — Ford Nucleon konsepsiyasin…
09:27 / 07.10.2026
Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi

Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi o‘yinini o‘tkazdi

7-oktyabr kuni Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. Benin terma jamoasiga qarshi bah…
09:57 / 07.10.2026
8-oktyabr qanday ob-havo kuzatiladi?

8-oktyabr qanday ob-havo kuzatiladi?

TOSHKENT SHAHRI:Havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kecha…
16:35 / 07.10.2026
O‘zbekiston FIFA reytingida necha ball yo‘qotdi?

O‘zbekiston FIFA reytingida necha ball yo‘qotdi?

Kecha, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Janubiy Koreyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazib, 0:2 hisobida…
16:24 / 07.10.2026
Navoiy stipendiyasi sohibi va Penn State LL.M. bitiruvchisi Sharafiddin Eshboyev: O‘zbekiston, Yevropa va AQSh huquqini o‘rgangan huquqshunos

Navoiy stipendiyasi sohibi va Penn State LL.M. bitiruvchisi Sharafiddin Eshboyev: O‘zbekiston, Yevropa va AQSh huquqini o‘rgangan huquqshunos

2024–2025 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent davlat yuridik univers…
17:48 / 06.10.2026
Andijonda 297 mln so‘mlik qalbaki pullarni sotgan fuqaro ushlandi

Andijonda 297 mln so‘mlik qalbaki pullarni sotgan fuqaro ushlandi

Andijon viloyatida 297 million so‘mlik qalbaki pullarni 148 million so‘mga sotayotgan fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat …
09:34 / 07.10.2026
Qashqadaryoda maktab direktori 600 dollar pora bilan ushlandi

Qashqadaryoda maktab direktori 600 dollar pora bilan ushlandi

Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida maktab direktori fuqaroning ishga kirishiga ko‘maklashish evaziga 600 AQSH dollari …
09:44 / 07.10.2026
Centrum Air yo‘lovchini samolyotdan tushirib yuborish bilan bog‘liq mojaro yuzasidan uzr so‘radi

Centrum Air yo‘lovchini samolyotdan tushirib yuborish bilan bog‘liq mojaro yuzasidan uzr so‘radi

Centrum Air bort kuzatuvchisidan o‘zbek tilida gapirishni so‘ragani ortidan samolyotdan tushirib yuborilgan yo‘lovchi bilan …
16:04 / 07.10.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!