Dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon mutlaq rekord ko'rsatkich qayd etildi. Kecha butun dunyoning 2,6 milliondan ortiq aholisida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan. Ro‘yxatga olingan holatlarning asosiy qismini “omiсron” shtammi tashkil etmoqda.
Bemorlar sonining maksimal o'sishi AQSh hissasiga to‘g‘ri keldi — 885 mingdan ortiq holat. Yevropaning qator mamlakatlarida ham raqamlar keskin oshib bormoqda.
Masalan, 2022-yil 5-yanvar holatiga ko‘ra, Fransiyada 322,8 ming, Buyuk Britaniyada 193,8 ming, Italiyada 189 ming kishi koronavirusni yuqtirib olgan. Ro‘yxatga olingan holatlarning asosiy qismini “omiсron” shtammi tashkil etmoqda.
Shunga qaramay, mutaxassislar epidemiologik vaziyatning og‘irligini infeksiyalar soniga emas, balki kasalxonaga yotqizilganlar miqdoriga qarab baholash kerakligini ta’kidlashmoqda.
Chunki “omiсron” qanchalik tez sur’atlarda tarqalmasin, u tufayli shifoxonaga yotqizilish va o'lim ko'rsatkichlari “delta”ga nisbatan sezilarli darajada past.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti eksperti Abdi Mahmud bu holatni yangi shtamm koronavirusning boshqa variantlari singari o‘pkaga emas, balki faqat yuqori nafas yo‘llariga zarar yetkazishi bilan izohlagan. Bu esa bemorlarda kasallik nisbatan yengilroq alomatlar bilan o‘tishini ta’minlaydi.
Profilaktik choralar har qancha kuchaytirilmasin, bu virus turi chegaralarni tan olayotgani yo‘q. Masalan, Gruziyada “omiсron” bilan ilk kasallanish holati 2021-yil 20-dekabr kuni aniqlangan edi. Ammo oradan qisqa vaqt o'tib, yangi shtammni yuqtirganlar soni 147 nafarga yetgan.
Xitoyda ayni paytda 2022-yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Shunday muhim pallada mamlakatda pandemiyaning yangi to‘lqini avj olsa, hammasi chippakka chiqishi mumkin, deyiladi xabarda.
Shu sababli Xitoy hukumati bu kasallikka qarshi juda keskin choralar ko'rishga majbur bo‘lmoqda. Misol uchun, Yuchjou shahrida 3 kishida koronavirus qayd etilgach, butun hudud bo‘ylab qat’iy lokdaun joriy etilgan.
Endi shaharda ma’lum muddat jamoat transportlari qatnovi to‘xtatilgan, shaxsiy avtomobillardan foydalanishga ham taqiq qo‘yilgan. Aholiga zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik tavsiya etiladi.
Shunday murakkab vaziyatda Fransiyaning Marsel shahridagi Yuqumli kasalliklar instituti olimlari yana bir xavotirli yangilikni e’lon qilishdi.
Qayd etilishicha, ikki oycha avval Kamerunda aniqlangan koronavirusning yangi “IHU” — B.1.640.2 shtammi Fransiya bo‘ylab ham tarqalmoqda. Tadqiqotchilar fikricha, yangi variant 40 dan ortiq mutatsiyani o‘z ichiga olgan. Uning tahdid darajasi hozircha ma’lum emas. Yangi shtamm Fransiya janubi-sharqidagi shaharlarda yashovchi 12 nafar fuqaroda qayd etilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!