$
12014.37 UZS
40.93
₽
146.19 UZS
1.66
€
13280.68 UZS
-1.46
31° Kechasi 18°

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarga tabrik yo‘lladi

21:35 / 29.09.2023

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ustoz va murabbiylarni kelayotgan bayram bilan tabrikladi.

Quyida tabrikning to‘liq matni keltiriladi.

Muhtaram ustoz va murabbiylar! Avvalo, sizlarni, ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlari va faxriylarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Bugun biz mamlakatimizda millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlat barpo etmoqdamiz. Shu maqsadda barcha kuch va imkoniyatlarimizni yoshlarimizning intellektual va jismoniy kamoloti, ularning sifatli ta’lim olib, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun safarbar etmoqdamiz.

Yaqinda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlarimiz ushbu nufuzli tashkilotning “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un va hamohang ekani e’tirof etilgani barchamizni albatta xursand qiladi.

Bu yil yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda ilk bor o‘qituvchi maqomi alohida belgilanib, ta’lim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari qatoriga kiritilgani bejiz emas. Chunki jamiyat hayotida o‘qituvchining o‘rni va ta’siri oshsa – maktabning obro‘si oshadi, ilm-fan, ta’lim va tarbiya sohasining qadri ko‘tariladi. Muallimning obro‘-e’tibori esa bu millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir.

So‘nggi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatimizda ko‘plab yangi bog‘chalar, maktab va oliygohlar barpo etilmoqda. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yangi avlodi yaratilmoqda.

Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. Oxirgi yetti yilda maktabgacha ta’lim bo‘yicha qamrov darajasini 27 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 42 foizga, oliygohlarimiz sonini 77 tadan 212 taga yetkazishga erishganimiz, hech shubhasiz, eng muhim yutug‘imizdir.Ta’lim-tarbiya sohasida qabul qilgan dasturlarimiz asosida keyingi vaqtda 261 ta yangi o‘rta ta’lim muassasasini qurish, 2,5 mingta maktabni kengaytirish hisobidan qo‘shimcha 700 mingta o‘quvchi o‘rni yaratilganini ta’kidlash lozim.

Bu yil xorijdan taklif etilgan 500 nafar chet tili mutaxassisi maktablarimizda ish boshladi. Kelgusi yillarda ularning sonini 3 barobar oshiramiz, 10-11-sinflarda bir qator fanlarni o‘quvchilarning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitishni yo‘lga qo‘yamiz.

Ta’lim sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2 barobar ko‘paytiriladi. Ming nafar tarbiyachi va o‘qituvchilar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuboriladi. O‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi ham takomillashtiriladi. Biz farzandlarimizni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda mamlakatimizda maktab ta’limini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish umummilliy harakatga aylanib bormoqda. Xususan, navoiylik Abdukarim Saksonov, samarqandlik Quyosh Haqberdiyev, Ilhom Rustamov, buxorolik Oybek Namozov, qashqadaryolik Nurbek Ergashev kabi o‘nlab tadbirkorlarimiz o‘z hududlarida yangi maktablar qurgani, ta’lim dargohlarini kapital rekonstruksiya qilib, zamonaviy asosda jihozlab bergani, ohangaronlik oqsoqol shoirimiz Barot ota Isroilov esa hovlisida kutubxona ochib, uni o‘z hisobidan 10 mingta kitob bilan ta’minlab, bu ma’rifat maskanini qishloq o‘quvchilariga sovg‘a qilgani har qancha tahsinga sazovor.

Saflari tobora ko‘payib borayotgan mana shunday insonlar siymosida biz jadid bobolarimizning munosib davomchilarini, ularning ushalayotgan orzu va intilishlarini, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini ko‘ramiz.

Imkoniyatdan foydalanib, bunday fidoyi, saxovatli yurtdoshlarimizga samimiy minnatdorlik bildiraman.

Muhtaram yurtdoshlar!

Taraqqiyotimiz dasturi bo‘lmish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida sizlar bilan birga ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Ana shu ustuvor vazifalarni amalga oshirish, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir yangi avlodni tarbiyalash barchamizdan katta kuch-g‘ayrat, azmu shijoat bilan mehnat qilishni talab etadi.

Mana shunday sharafli vazifani ado etishda men siz, muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va ko‘mak berishga tayyor ekanimni yana bir bor izhor etib, barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, muhtaram ustozlar!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti


Bu ham qiziq

Toşkentda öquv markaziga bosqin uyuştirmoqçi bölgan tört kişi uşlandi

Toşkentda öquv markaziga bosqin uyuştirmoqçi bölgan tört kişi uşlandi

Toşkent şahridagi öquv markazlaridan birida saqlanayotgan katta miqdordagi pul mablağlarini bosqinçilik yöli bilan qölga kir…
09:18 / 13.11.2026
Özbekistonda aholiga ajratilgan 1,1 tonna gazni noqonuniy sotmoqçi bölganlar uşlandi

Özbekistonda aholiga ajratilgan 1,1 tonna gazni noqonuniy sotmoqçi bölganlar uşlandi

Özbekistonning turli hududlarida aholiga ajratilgan suyultirilgan gazni tijoriy narxda sotiş maqsadida noqonuniy saqlaş bila…
14:16 / 13.11.2026
AQŞda tanker bilan töqnaşgan kruiz kemasi Missisipi daryosiga çökib ketdi

AQŞda tanker bilan töqnaşgan kruiz kemasi Missisipi daryosiga çökib ketdi

2026-yil 13-noyabr kuni AQŞning Nyu-Orlean şahrida Missisipi daryosida tanker kemasi kruiz kemasi bilan töqnaşdi. Hodisa oqi…
09:48 / 14.11.2026
Toşkentda öquv markaziga bosqinçilik qilmoqçi bölgan tört kişi uşlandi

Toşkentda öquv markaziga bosqinçilik qilmoqçi bölgan tört kişi uşlandi

Toşkent şahridagi öquv markazlaridan birida saqlanayotgan katta miqdordagi pul mablağlarini bosqinçilik yöli bilan qölga kir…
09:59 / 13.11.2026
GWU prezidentining maslahat kengaşi yiğilişida universitetni rivojlantiriş strategiyasi muhokama qilindi

GWU prezidentining maslahat kengaşi yiğilişida universitetni rivojlantiriş strategiyasi muhokama qilindi

Jorj Vaşington universiteti (GWU) prezidenti Ellen Granberg va universitet Prezidentining maslahat kengaşi a’zolari navbatda…
09:27 / 14.11.2026
Özbekistonda 6 yoşli bolalar uçun bir yillik maktabga tayyorlov majburiy etiladi

Özbekistonda 6 yoşli bolalar uçun bir yillik maktabga tayyorlov majburiy etiladi

Özbekistonda 2027-yildan boşlab 6 yoşli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlov bilan töliq qamrab oliş rejalaştiri…
15:31 / 12.11.2026
Belgorodda dron hujumi oqibatida bir oilaning uç a’zosi halok böldi

Belgorodda dron hujumi oqibatida bir oilaning uç a’zosi halok böldi

Rossiyaning Belgorod viloyati Proletarskiy posyolkasida dron turar joyga hujum qilişi oqibatida bir oilaning uç a’zosi — erk…
14:31 / 14.11.2026
Toşkentda uçta yolğon xabar foş etildi: janjal sahnalaştirilgan, xavf haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan

Toşkentda uçta yolğon xabar foş etildi: janjal sahnalaştirilgan, xavf haqidagi ma’lumotlar tasdiqlanmagan

Toşkent şahrida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, aholi orasida xavotir uyğotgan uçta holat içki işlar organlari tomonidan örga…
15:39 / 12.11.2026
Özbekiston xalqaro investitsiyaviy arbitraj işida ğalaba qozondi

Özbekiston xalqaro investitsiyaviy arbitraj işida ğalaba qozondi

2026-yil 26-oktyabr kuni Investitsiyaviy nizolarni hal etiş böyiça xalqaro markaz (ICSID) arbitraj tribunali Turkiya fuqaros…
09:39 / 14.11.2026
Özbekistonlik model Epsteyn işi böyiça yangi tafsilotlarni oşkor qildi

Özbekistonlik model Epsteyn işi böyiça yangi tafsilotlarni oşkor qildi

Özbekistonlik model Roza (ismi özgartirilgan) 2009-yilda AQŞga borgaç, modellik agentligi tomonidan jinsiy jinoyatlarda aybl…
10:18 / 12.11.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!