U xodimlarga o‘yinchoq to‘pponcha bilan tahdid qilgan.
Toshkentda bankka bostirib kirib, xodimlarga o‘yinchoq to‘pponcha tirab, pul talab qilgan erkak 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Voqea 2025-yilning aprelida yuz bergan. Niqob taqqan erkak Yunusobod tumanidagi bankda o‘g‘irlik qilishga uringan. Xodim xavf tugmasini bosgach, erkak qochishga harakat qilgan, ammo qo‘lga olingan.
“Ertalab uydan chiqqanimda nabiramning kichkina o‘yinchoq to‘pponchasi cho‘ntagimda qolib ketgan ekan. Ozgina oldi berdim bor edi. Bilmadim nega bu ishni qildim o‘zim ham hayronman. Qarzlar sabab tushkunlikka tushgan edim. Yunusobodga kelib, shu ishni qilib qo‘ydim. Ichkariga kirganimda, o‘zimga o‘zim aytdim, Zokir noto‘g‘ri ish qilyapsan. Keyin, o‘zim chiqib ketdim. Hech kimga tegmadim, pul ham olmadim”, – degan u sudda.
Sudlanuvchining aytishicha, u bank bo‘limida videokuzatuv kamerasi va qo‘riqlash xizmati borligini bilmagan. U qilgan ishi uchun pushaymonligini bildirgan. Bank xodimi jabrlanuvchi sifatida, unga qarshi da’vo arizasi bermaganini aytib, qonunda ko‘zda tutilgan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmi bilan erkak Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, uni umumiy tartibli koloniyasida o‘tattirish belgilangan.
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!