Chernobil fojiasidan keyin tug‘ilganlar ham bu haqda eshitgan bo‘lishi aniq. Chunki u insoniyat tarixida sodir bo‘lgan eng mudhish texnogen halokatlardan biri sanaladi. Hozir sayyohlar ko‘p kela boshlagan Chernobil hukumat va butun dunyo ekologlarining bosh og‘rig‘iga aylangan. Hudud go‘yo jimgina turganga, hech kimga xalaqit bermayotganga o‘xshaydi. Lekin bunday emas. Vaqti-vaqti bilan u o‘zi haqida eslatib, odamlarni asabiylashishga majbur qilmoqda. Xo‘sh, bu nima bilan bog‘liq va jiddiy tashvishlanishga arziydimi?
Chernobil AES halokatidan keyin atrof-muhitda nima sodir bo‘ldi?
Ayrimlar, 34 yil oldin sodir bo‘lgan bu halokatdan 50 nafarga yaqin odam hayotdan ko‘z yumganini aytishadi. To‘g‘ri, biroq avariya oqibatlarini bartaraf etishga kirishgan 4000 odam ham qurbon bo‘lib ketdi-ku. Qancha odam jiddiy kasalliklarga yo‘liqdi? Juda ham ko‘p. Ulardan kimlardir hozir ham hayot. Kimlardir bu kasalliklarini o‘z bolalariga “meros” qilib qoldirishga ham ulgurdi.
Tabiat esa eng ko‘p talofatga uchradi. Ehtimol, “Ryejiy les” (hatto, rasmiy manbalarda ham shunday yuritilmoqda) nomini olgan qizimtir-sariq o‘rmonning suratiga ko‘zingiz tushgandir? Yam-yashil bo‘lib yashnab turgan bu o‘rmon halokat sodir bo‘lganidan bir necha o‘n daqiqadan keyin shu tusga kirib qolgan. Chunki bu o‘rmon qarag‘ayzorlardan iborat edi. Qarag‘ayning ignabargi esa havodagi iflosliklarni, ayniqsa, radioaktiv elementlarni tezda o‘ziga tortib olishi bilan mashhur. Radioaktiv elementlar esa portlashdan keyin havoga tonnalab tarqalib ketgan. Aynan portlash tufayli qarag‘ay o‘rmoni o‘ziga xos zang rangiga kirgan. Sal keyinroq, bu o‘rmonning 15 kvardat kilometrlik maydoni kesib, ko‘mib tashlandi. Qolgan daraxtlarning yaproqlari esa oradan yillar o‘tgachgina asl rangiga qaytdi. Bu ignabarglilarning yaproqlarini asta-sekinlik bilan tashlab borishi va 3-5 yildan keyin to‘liq yangilanishi bilan izohlanadi.
Shuningdek, Chernobil fojiasidan keyin atrofdagi barcha hayvonot olami qirilib ketdi. Tasodifan tirik qolganlari ham boshqa hududlarga o‘tib, zaharlanish hududini kengaytirmasligi uchun otib tashlandi. Hayvonlarni otish qo‘shimcha chora edi. Aslida esa shamol radiatsiyani butun dunyoga tarqatib ulgurdi. Bulutlar nafaqat o‘sha davrdagi SSSRning butun g‘arbiy qismini, balki Yevropaning ham katta bo‘lagini qamrab olgandi. Radiatsiya darajasining ko‘tarilishi hatto AQShning sharqiy qirg‘oqlarida ham qayd etildi.
Bo‘lib o‘tgan hodisalar stansiya atrofidagi o‘rmonlarni nafaqat insonlar, balki hayvonlar uchun yaroqsiz holga olib keldi. To‘g‘ri, bu hududda 24 000 yil mobaynida yashash mumkin emas, deb odamlarga tushuntirishdi, biroq hayvonlarni ogohlantirishni unutib qo‘yishdi. Hayvonlar juda tez qaytishdi va faol ko‘paya boshladi.
Chernobil AES atrofidagi hudud nimasi bilan xavfli?
Tushunish lozimki, xavf qaytib kelgan hayvonlardan tashqari yana juda ko‘p omillarda mujassam. Bunday jiddiy avariyalar izsiz yo‘qolib ketmaydi. Bu joyda odam o‘lmayapti, degani avariya aks-sadolari qo‘shni hududlarga tarqalmayapti, degani emas.
Chernobil yong‘inlari
Chernobil AES hududidagi yong‘inlar bir necha hafta mobaynida dunyo OAVning diqqat markazida turdi. Muammo shundaki, yong‘in jarayonida ajralib chiqqan tutun va kul shamol yordamida katta hududga tarqalib ketadi. Agar qurib qolgan o‘simliklar yonganida, bu boshqa gap edi. Qo‘shni shaharlarda SO2’ning biroz ko‘tarilgani qayd etilardi, xolos. Lekin radiatsiya bilan zaharlangan hududdagi o‘simliklarning yonishi butunlay boshqa masala. Oradan 30 yildan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, havoda radioaktiv elementlarning zarralari mavjud va ularning yo‘qolib ketishi uchun juda ham uzoq muddat zarur bo‘ladi. Afsuski, atom fojiasi sodir bo‘lgan hudud hech qachon toza bo‘lmas ekan. Misol uchun, radiy elementining yarim parchalanish davri ming yillar davomida sodir bo‘ladi. Uranning ayrim iztoplari uchun esa – yuz millionlab yillar kerak.
Dunyo poytaxt shaharlarining zararlanish reytingi mavjud. O‘tgan haftada bu reytingda Kiyev yetakchi shaharlar uchtaligida qayd etildi. Chunki Kiyev Chernobilga juda yaqin joylashgan. Hozir manba yo‘q qilindi va vaziyat yaxshilana boshladi.
Atom stansiyalari portlashi ilk marta sodir bo‘lgani yo‘q. Ulardan foydalanishni davom ettirishga arziydimi? Umuman, AESlar qanday ishlaydi?
Zararlangan hududdagi hayvonlarning xavfliligi
Tasavvur qiling, zararlangan hududda sigir yuribdi. Uning ko‘zidan lazer nurlari chiqishi mumkin. O‘ta jiddiy jismoniy o‘zgarishlar kam sodir bo‘ladi. Ammo ikki boshli baliq singari mavjudotlar uchrab turganidan xabaringiz bor. Bunday mutatsiyalar sayyoramizning boshqa joylarida ham uchraydi. Jiddiy o‘zgarishlar sifatida albinos-qushlarning ko‘payishini, kemiruvchilar oilasining kamayishini, sudralib yuruvchilar yashash muddatining qisqarishini misol qilishimiz mumkin.
Umuman, keyingi vaqtlarda jonivorlar populyatsiyasi oshib bormoqda. Gʻalati-a? Ular radiatsiyaga moslashib borishmoqda. Natijada, tashlab ketilgan hududlar ayiq, bo‘ri, to‘rsiq kabi yovvoyi hayvonlar bilan to‘lib bormoqda. Hayvonlar uchun chegaraning o‘zi yo‘q. Oziq izlab, boshqa o‘rmon va mamlakatlarga o‘tib ketishi, ovchining qopqoniga tushib, o‘ljaga aylanishi mumkin. Shu tariqa zararlangan hayvon go‘shti inson taomiga aylanadi. Qushlar ham xuddi shunday o‘zlari bilan juda ko‘p joylarga urug‘larni olib uchadi.
Zararlangan hudud suvi
Zararlangan hududda kichik daryo va yerosti suv manbalari mavjud. Zararli zarralar ularga ham tushgani aniq. Natijada zararli zarralar juda keng hududga tarqaladi va hatto okeanlarga ham yetib boradi. Darvoqe, 2011-yilda Yaponiyada sodir bo‘lgan sunami tufayli zarar ko‘rgan Fukusima-1 atom stansiyasi chiqindilarining o‘zi ham okean uchun yetib ortadi.
Hozir Chernobil AES ishlayaptimi?
Ko‘pchilik uchun kutilmagan ma’lumot bo‘lishi mumkin, garchi, Chernobil AES fojiasi 1986-yilda sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, u yoki bu darajada 2000-yilgacha ishlashda davom etgan. Bunga esa reaktorlarni shunchaki to‘xtatish mumkin emasligi sabab bo‘lgan. Hatto hozir ham Chernobil AES ishlab turibdi, deyish mumkin. Texnik sabablarga ko‘ra hali hamon to‘la konservatsiya qilinmagan va bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.
Shahar hayoti haqida yana 24 000 yil o‘tmaguncha gapirib bo‘lmaydi.
Portlash sodir bo‘lgan to‘rtinchi energoblok ustida hali hamon ikkinchi sarkofag qurilmoqda. Voqea sodir bo‘lgandan keyin qurilgan qoplam allaqachon yemirila boshlangan. Bundan tashqari, reaktorlar va boshqa zararlangan uskunalar konservatsiya qilinmoqda. Yadro yoqilg‘isini ko‘mish uchun maxsus havzalar qazilmoqda. Bu ishlarning hammasi xalqaro fondlar ishtirokida amalga oshirilmoqda. Hududda bevosita yashash va ishlashning imkoni yo‘q. Undan qanday foydalanish borasida jiddiy izlanishlar olib borildi va natijada Chernobilda quyosh elektr stansiyasini joylashtirishga qaror qilindi. 2016-yilda sarkofagdan 200 metr berida 1,6 gektar maydonga 1 megavatt quvvat beruvchi 3800 ta fotoelektr panellari o‘rnatildi. Bu kichik gidroelektrostansiya quvvatiga tenglashib boradi va uncha katta bo‘lmagan aholi punkti yoki taxminan 2000 xonadonni elektr quvvati bilan ta’minlaydi. Bu bilan panellarni o‘rnatish tugab qolmaydi va quvvati oshirib boriladi. Shu tariqa Ukraina butun Yevropada quyoshdan elektr quvvati olish bo‘yicha birinchi raqamli davlatga aylanadi.
Chernobilga qanday borish mumkin?
Agar tasvirlaganlarimiz sizni ishontirolmagan bo‘lsa va o‘z sog‘ligingizni xatarga qo‘yishga tayyor bo‘lsangiz, sayyohlar safiga qo‘shiling. Har yili Chernobilni taxminan 70 ming odam kelib, ko‘rib ketadi. Yo‘l boshlovchilar nurlanmasdan yurish mumkin bo‘lgan hamma yo‘llarni bilishadi. Chap yoki o‘ng tomonga ortiqcha bir qadam qo‘yish hayot qimmatiga barobar bo‘lishi mumkin. Chunki hududning zararlanish darajasi bir xil emas.
Lekin odamlar chin ko‘ngildan ishonib, hisob-kitob qilib yillar davomida qurgan shaharlari qay darajada nozik va mo‘rt ekanligini tushunib yetish mumkin. Katta shahar bor edi, unda odamlar yashardi, endi esa yo‘q. Aniqrog‘i, shahar bor, biroq u yerda yashash mumkin emas. Aholi hamma narsadan voz kechib, ketib qoldi. Bunga esa tinch atomning nazoratdan chiqib ketgani sabab bo‘ldi.
Navfalbek Boltayev tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!