25-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Kun tartibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlarini ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi bo‘yicha ayrim saylov okruglarida takroriy ovoz berishni o‘tkazish masalalari o‘rin oldi.
Markaziy saylov komissiyasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga muvofiq, parlament quyi palatasiga saylov yakunlari ko‘rib chiqildi va 125 saylov okruglarida saylangan deputatlar ro‘yxatga olindi.
Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 42 nafar, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 34 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan – 20 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 18 nafar, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan -11 nafar deputat ro‘yxatga olindi.
Qaror va deputatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Shuni bilan birga, Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkazuvchi saylov okruglari bo‘yicha saylov natijalarini aniqlashga doir barcha bayonnomalar o‘rganib va tahlil qilib chiqilganida, ayrim saylov okruglari bo‘yicha ovozlarni hisoblash jarayonida okrug saylov komissiyalari tomonidan xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Kamchiliklar Saylov kodeksining 95-moddasida ko‘rsatilgan bandlar bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va hisoblash bilan bog‘liq bo‘lib, saylovchilarning ovozlari soni o‘zgarmagan. Kamchiliklar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Shulardan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 25ta saylov okruglarida takroriy ovoz berishni 2020-yil 5-yanvar – yakshanba kuni o‘tkazishga qaror qildi.
Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi.
Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!