Amerikaliklarning ko‘pi “Minnatdorchilik bildirish kuni”ni Massachusetsga kelgan yevropaliklar bilan bog‘laydi. 1621-yilgi qishda ularning deyarli yarmi sovuqdan chiqolmagan. Mustamlakachilar tub aholi bo‘lgan bir qabila bilan do‘stlik aloqalarini o‘rnatgan. Qabila hindulari ularga baliq tutish, ekin ekish va hayvon ovlashni o‘rgatgan. 1621-yilning kuzigacha mustamlakachilar oldinda turgan qishdan chiqib olish uchun yetarli bo‘lgan hosilni yig‘gan. Buni nishonlash uchun ularga yordam bergan hindularni chaqirib, 3 kunlik ziyofat uyushtirgan va shu bilan ularga rahmat aytishgan. Ammo u ziyofatda hozirgidek kurka go‘shti tortilmagan. Uning o‘rniga g‘oz go‘shti pishirilib, jo‘xori va dengiz qisqichbaqasi bilan dasturxonga qo‘yilgan. 1621-yildagi hosil ziyofati dastlabki “Minnatdorchilik bildirish kuni” deb hisoblanadi. Ammo angliyaliklarning keyingi avlodi uchun “Minnatdorchilik bildirish kuni”ning ma’nosi o‘zgargan. Ularniki diniy bayram bo‘lgan. U o‘z ichiga ro‘za tutish, ibodat qilish va Xudoga shukrona aytish bilan o‘tgan. Har yili kuzda har bir mustamlakaning boshlig‘i hosil pishishi, muvaffaqiyatli janglar va yomg‘irlar mavsumiga qarab “Minnatdorchilik bildirish kuni” qachon o‘tkazilishini e’lon qilgan.
1777-yil Saratogadagi jangda britaniyaliklar ustidan qozonilgan g‘alaba munosabati bilan mintaqaviy Kongress 13 ta mustamlakaning bari “Minnatdorchilik bildirish kuni”ni milliy bayram sifatida nishonlashini e’lon qilgan. 19-asrning o‘rtalarigacha ko‘pgina shtatlar bu bayramni nishonlab keldi. Lekin bayram kunlari bir-biridan butunlay farq qilardi.
Faqat mahalliy jurnal muharriri Sara Jozefa Heyl birinchi bo‘lib, “Minnatdorchilik bildirish kuni”ni milliy bayram etib tasdiqlash haqida gapirgan. U bunday bayram odamlarni birlashtirishiga va fuqarolik urushini oldini olishga juda ham ishongan. U hukumatga xat yozib, “Minnatdorchilik bildirish kuni”ni har yili nishonlanadigan an’anaga aylantirishni so‘ragan. Uning urinishlarini Avraam Linkoln yuksak qadrlagan. Chunki u bayram odamlarni birlashtirishiga ishongan. 1863-yil Linkoln noyabrning oxirgi payshanbasini “Minnatdorchilik bildirish kuni” deb belgilagan. 20-asrgacha “Minnatdorchilik bildirish kuni” 6 kunlik ish haftasida ishlayotgan aholi uchun dam olish kuniga aylangan. 1920-yillarda milliy futbol ligasi tashkil qilingan. Paradlar ham “kurka kuni”ning asosiy qismiga aylangan. Do‘konlar esa bayram arafasida rosa gavjum bo‘la boshlagan. 1924-yil bayram munosabati bilan katta paradlar boshlangan. Yildan yilga paradni tomosha qiluvchi nyu-yorkliklar soni oshib borgan.
Hozirda “Minnatdorchilik bildirish kuni” oilaviy bayram hisoblanadi. Zamonaviy hayotda hamma ish bilan ovora bo‘lib yashayotgan bir paytda “Minnatdorchilik bildirish kuni” oila a’zolari bir dastruxon atrofida yig‘ilishiga, diydorlashishiga, birga vaqt o‘tkazishga imkon beradi. Shuningdek, u odamlarga yaqinlari borligi uchun shukr qilib yashashi kerakligini eslatadi.
Ziyodaxon G‘ulomova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!