Pishloq – bu qadimiy oziq-ovqat mahsulotidir, shuning uchun hech kim uni qachon va kim tomonidan ixtiro qilingan degan savolga hech kim ishonch bilan bitta javob ayta olmaydi. Biroq, ba’zi bir ma’lumotlarga ko‘ra pishloq birinchi marta Afrikada paydo bo‘lgan. Bir yo‘lovchi meshga sut solib yo‘lga chiqadi. Sahrodagi uzun yo‘l tugab yo‘lovchi o‘z manziliga yetib kelganida meshidagi sut qattiq, sarg‘ish moddaga aylanib qolganini ko‘radi. Yo‘lovchi uni yeb ko‘rganida ajoyib ta’mdan hayratda qoladi va ajoyib ixtirosi haqida do‘stlariga so‘zlab berib, ularga ham pishloq ulashadi.
Lekin pishloq paydo bo‘lishi borasida yana bir taxmin bor. Olimlarning fikriga ko‘ra, qadimda odamlar tez aynib qoladigan mahsulotlarni uzoq vaqt saqlash yo‘lini izlashgan. Shunda ular tvorogga aylangan sut maxsuloti bir necha hafta o‘tgach qattiqlashib, pishloqqa aylanib qolishini bilib qolishgan. Mana shundan beri turli xil ta’mdagi pishloqlar tayyorlanmoqda.
Pishloqning qachon paydo bo‘lgani aniq bo‘lmasa-da, lekin birinchi pishloq fabrikasi ishga tushirilgan sana aniq: 1815-yilning 3-fevral kuni Shveysariyada 1-qattiq pishloq ishlab chiqaruvchi fabrika ochilgan.
Ana shundan keyin butun dunyo bo‘ylab pishloq ishlab chiqaruvchi fabrikalar ishga tusha boshlagan.
Lekin mazali pishloq iste’mol qilish uchun, albatta, fabrikada ishlab chiqarilganidan olishingiz shart emas. Chunki uni uyda o‘z qo‘lingiz bilan ham tayyorlashingiz mumkin.
Buning uchun sizga quyidagi mahsulotlar kerak bo‘ladi:
• Sut — 1 litr (2,5 — 6 % yog‘li);
• Tvorog — 1 kg;
• Saryog‘ — 100g;
• Tuxum — 1 ta;
• Iste’mol sodasi — 1 choy qoshiq;
• Tuz — 1 choy qoshiq (to‘ldirmasdan).
Tayyorlanishi:
1. Sut qaynashgacha olib boriladi. So‘ng unga tvorog qo‘shiladi va yana 3 daqiqa qaynatiladi.
2. Hosil bo‘lgan massa doka matoga solinib, zardob chiqarib tashlanadi. Agar zardob tomchilamay qo‘ysa, uni majburlab siqish kerak emas, shu holatning o‘zi yetarli bo‘ladi.
3. Sariyog‘ alohida idishda eritib olinadi, so‘ng unga iste’mol sodasi va tuz qo‘shiladi.
4. Erigan sariyog‘ga siqib olingan tvorog qo‘shiladi va 5 daqiqa davomida past olovda qaynayotgan holida tinmay aralashtirib turiladi.
5. Shu jarayon davomida tuxumni alohida idishda ko‘pirtirib olib, qaynayotgan massaga qo‘shiladi. Massa bir xil tusga kirgach olovdan olinib biroz sovutiladi.
6. Undan keyin esa hosil bo‘lgan massa boshqa idishga solinib, 3-4 soatga sovutgichga qo‘yiladi. Pishloq tayyor!
Shu o‘rinda pishloqning foyda va zararlari haqida ham ma’lumot berishni lozim deb topdik:
Pishloqning foydali xususiyatlari
Dunyo bo‘yicha pishloq navlari juda ham ko‘p.
Ularning har biri o‘zgacha foydali xususiyatlarga ega. Ammo pishloqning ba’zi foydali xususiyatlari barcha pishloq turlarida mavjud.
• Pishloqda mol va baliq go‘shtidan ko‘proq oqsil bor;
• pishloqda organizmimiz uchun foydali bo‘lgan aminokislotalar bor: bular, triptofan, lizin, metionin. Ular kayfiyatni yaxshilab, stresslarga qarshi kurashadi, xolesterinni kamaytirib, jigar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday bebaho aminokislotalarni organizm faqatgina yeguliklar orqali qabul qila oladi;
• pishloq quvvat zaxirasini to‘ldirishi sabab ham, uni jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi insonlarga, homilador ayollarga va bolalarga iste’mol qilish tavsiya qilinadi;
• bir kunda iste’mol qilinadigan 100 gramm pishloq organizm uchun kerak bo‘lgan barcha zarur minerallar va vitaminlar bilan ta’minlaydi.
Pishloqning zararli tomonlari
Pishloq juda yog‘li va yuqori kaloriyali mahsulot bo‘lganligi sabab ham, parhez tutuvchilar ko‘pincha uni iste’mol qilishmaydi. Ammo uni to‘liq inkor etish ham yaramaydi: pishloqdagi kalsiy va oqsillar yog‘lar hisobiga organizmga so‘riladi. Bunda yog‘lilik darajasi kam foizli pishloqlardan tanlash ham mumkin.
Quyidagi holatlarda pishloqni me’yorida iste’mol qilish yoki uni umuman cheklash lozim:
• agarda siz oshqozon gastriti va yarasidan aziyat cheksangiz, unda sho‘r va achchiq ta’mli pishloqlarni iste’mol qilishdan o‘zingizni tiying;
• bunday pishloqlar shuningdek qon bosimi oshgan insonlarga ham tavsiya qilinmyadi;
• sariq rangli ziravorlar solingan pishloqlardan buyrak kasalliklaridan aziyat chekuvchilarga iste’mol qilish tavsiya etlmaydi;
• yurak yetishmovchiligi yoki o‘t pufagida toshlar mavjud bemorlarga pishloq umuman tavsiya qilinmaydi;
• bosh og‘rig‘i yoki migrenda vaqtincha pishloqni cheklash kerak: triptofan aminokislotasi kasallikni xuruj qildirishi mumkin.
Pishloqni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilish yaramaydi. Sog‘lom odamga bir kunda 70-100 gramm pishloq me’yor hisoblanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!