Nafaqat maxsus ma’lumotga ega bo‘lmagan, balki lotin tilidan o‘tolmagani uchun maktab attestatini ham olomagan Raj Kapur – sinov va xatolar orqali kinematografiyaning sirli olamini zabt etishga qaror qilgan. U yaxshi raqsga tushar, kuylar, turli musiqa asboblarini chalardi. Buni qanday uddalashini so‘rashganida: “Men kinoni juda sevaman” deb jilmayib javob bergandi.
Raj Kapur, shubhasiz, Hind kinosidagi eng murakkab va ko‘p qirrali shaxs edi.
U 1924-yil 14-dekabrda dunyoga kelgan. Raj Kapur kino tarixidagi eng mashhur aktyorlardan biri. Uni hindistonlik Charli Chaplin deb atashadi, ammo bizda Raj Kapurni Chaplindan ko‘ra ko‘proq bilishsa kerak.
Rajning bobosi aktyor edi, otasi esa teatrni boshqargan. Raj va uning ukalari bo‘sh vaqtlarini sahna ortida o‘tkazishgani ajablanarli emas.
Olti yoshdaligida uning to‘rt yoshli ukasi Bindi kalamush dorisidan zaharlanib, ikkinchi ukasi Devi ham ikki hafta o‘tgach pnevmoniyadan vafot etadi. U hech qachon ukalari uchun motam tutishni to‘xtatmadi. Va o‘zini himoya qilish uchun komik aktyor rolini tanladi: “Tez orada men dunyodagi barcha buyuk masxarabozlar tomonidan ishlatiladigan eng tabiiy himoya mexanizmini qabul qildim. Shuni angladimki, odam boshqalarning e’tiboriga tushmaslikka qanchalik ko‘p intilsa, shuncha ko‘p azob chekadi”.
6 yoshida Raj ilk marta sahnaga chiqadi, 11 yoshida filmda debyut qiladi. 24 yoshida Hindistondagi, ehtimol, dunyodagi eng yosh rejissyorga aylanadi. Keyinchalik o‘z kinostudiyasini tashkil qildi. Aktyor, rejissyor, ssenarist, prodyuser, hatto administrator – o‘z kinostudiyasida Raj Kapur istalgan vazifani bajarib ketaverardi. Go‘yo tanasidagi har bir hujayrasi kino yo‘lida mehnat uchun yonib yashardi.
Raj Kapur Gollivud rejissyorlarining ko‘pchiligan ilhomlanardi. Ammo Charli Chaplin hammasidan ustun edi. “Daydi”(“Awara”) filmida ham Kapur Chaplinni ustoz sifatida ko‘rgandi. Chaplinning barcha filmlarini ko‘rib chiqqan Raj keyinroq shunday degandi: “Uning ishlaridagi mitti odam meni ilhomlantirdi; karyeramni boshlaganimda bu mitti odamni mamlakatimizning hamma yerida ko‘rardim – azoblangan, aybsiz tahqirlangan odamni. Chaplim filmlarida meni o‘ziga tortgan narsa – Chaplinning o‘zi edi; darbadar, daydi, oddiy odam. Uning imijidan ham ko‘ra, oddiyligi meni o‘ziga tortardi – insoniy hislarga ega oddiy odamning soddaligi. U kambag‘alligida ham, hayotdan zavq olardi. Bunda menga ta’sir qilgan Chaplin bor-bo‘yicha aks etgandi va u ishongan tafakkur jarayoni namoyon bo‘lgandi. Fikrimcha, uning daydisi barcha zamonlarning eng buyuk personajlaridan biri bo‘lib qoladi”.
Uchinchi rejissyorlik ishi – “Daydi” filmi Kapurni haqiqiy yulduzga aylantirdi. Nafaqat vatanida, butun dunyoda ham.
Kapurning kinodagi asosiy partnyori Nargis edi. Ularning duetidan zavqlanmaslikning iloji yo‘q. Ularni faqatgina suratga olish maydonchasigina bog‘lashiga hech kim ishona olmasdi. Kapurning film suratga olish uchun pullari yetmaganida Nargis yordam berib turardi. U Rajga yoqqani kabi oq libosda yurardi. Uzoq yillar davomida Nargis ishdagi ishqning jiddiy munosabatlarga aylanishini kutib yashadi. Ammo Kapur bilan 16ta filmda suratga tushgach, tomoshabinlar ularning juftligidan bezor bo‘lganini, tanaffus qilish kerakligini rasman e’lon qilib, kutilmaganda hammasini tashlab ketdi.
Nargis istaganiga erishdi: oilali bo‘ldi, farzand ko‘rdi – faqat boshqa aktyor bilan. Bir o‘g‘il va ikki qizni dunyoga keltirgach, kinodan butunlay chiqib ketdi.
Kapur g‘azabda edi. Besh nafar farzandi bo‘lishiga qaramay, uni xotiniga xiyonat qilganlikda gumon qilishardi. Kinoda esa Nargisdek “juft” boshqa nasib etmadi. U nafaqat go‘zal va maftunkor, balki iste’dodli ham edi. “Krishna – bolalarimning onasi, Nargis – filmlarimning” – derdi Kapur.
Toshkent, 60-yillar. Toshkentning bosh arxitektori Mitxat Bulatov Raj Kapurga shaharni ko'rsatmoqda
Ko‘pchilik Raj Kapurning Toshkentga tashrif buyurgani haqida bilmasa kerak. U o‘tgan asrning 60-80-yillarida Toshkentda o‘tkaziladigan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari Xalqaro kinofestivalida bir necha bor mehmon bo‘lgandi.
Raj 80ta filmda suratga tushgan, o‘zi 10ta film suratga olgan. 40 yillik faoliyati davomida u barcha aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Faqat bir sovrin hali berilmagandi: Hindistonning kinematografiya bo‘yicha oliy mukofoti. Otasiga vafotidan keyin bu sovringa loyiq ko‘rilgan. Endi navbat Rajga kelgandi. Biroq 63 yoshli hind kinosi qiroli allaqachon kasal edi. Uning ismi sahnadan e’lon qilingach, o‘rnidan turolmadi: mukofot zalning o‘zida topshirildi. Keyingi daqiqada aktyor hushini yo‘qotdi. Va bir oydan keyin bu olamni tark etdi.
Raj Kapurning quyidagi gaplari uni yana-da yaxshiroq anglashimizga, shuningdek, hayotiy saboqlar olishimizga yordam beradi:
“Bu dunyoda muhabbatdan boshqa narsa yo‘q. Uni qanchalik ko‘proq bersang va tarqatsang, shunchalik ko‘payaveradi. Qanchalik ko‘p qabul qilsang, shunchalik kuchayadi. Qanchalik ko‘p muhabbat bersang, shuncha yaxshiroq va kuchliroq bo‘lasan. Muhabbatning ko‘p shakllari bor. Uni kichraytirganingda, xudbinona muhabbatga yalanadi. Xudbinona muhabbat foyda keltirishi mumkin, ammo ahamiyatini yo‘qotadi”.
“Munosabatlarda bo‘lish ajoyib holat. Sevish yaxshi, ammo yolg‘iz bo‘lish ham yomon emas. Buning bir qancha afzalliklari bor: juda ko‘p vaqtingni o‘zingga sarflay olasan; munosabatlarda bo‘lganingda ehtimol qilolmaydigan ishlaringni bajarasan; do‘stlaring bilan ko‘proq ko‘ngilxushlik qilasan; juda ko‘p fillar ko‘rasan va video-o‘yinlar o‘ynaysan. Shunday ekan, bunday hayot tarzi ham yaxshi”
“Mashhur bo‘lgach, o‘zgaruvchan bo‘lib qolasiz, qandaydir parallel olamda – illyuziyalar olamida yashashni boshlaysiz. Do‘stlaringizga, oilangizga vaqtingiz qolmaydi. Tushunarsiz narsalar eng muhim narsalarga aylanadi. Adashib qolish juda oson”.
“Ko‘nglingda qandaydir orzu ulg‘ayayotganini his etishning o‘zi bir olam zavq bag‘ishlaydi. Agar u seni bir lahza tinch qo‘ymasa, bilginki, shu sening taqdiringga bitilgan ORZUdir. Undan kechish haqida emas, balki erishish haqida o‘ylash kerak. Bilasizmi, men faqat va faqat mehnat bilan shuhrat topdim. Hatto hayotimdagi omadsizliklarni bartaraf etish uchun ham tinimsiz mehnat qilganman va bundan aslo pushaymon emasman”.
Sarvinoz OMONOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!