Avtomobillar tezligini o‘lchaydigan dunyodagi dastlabki radar 1958-yilning 20-noyabr kuni London ko‘chalarida paydo bo‘lgan. Radarning ishlash prinsipi Dopler effektiga asoslangan edi. (Dopler – to‘lqin manbasiga nisbatan kuzatuvchining pozitsiyasiga qarab chastota va to‘lqin uzunligini o‘zgartirish prinsipi.)
Masalan: tez yordam mashinasi yaqinlashganda uning sirena ovozi baland chiqadi uzoqlashganda esa past. Harakatlanuvchi (mashinada) obyektda aks ettirilgan elektromagnit to‘lqin chastotasining o‘zgarishi obekt tezligini hisoblash imkonini beradi.
Sobiq Sovet Ittifoqida birinchi radarlardan 1972-yildan boshlab foydalanilgan. O‘tgan asrning 80-yillariga qadar yorug‘lik indikatorli mexanik radarlardan foydalanilgan. Ya’ni tezlik oshib ketsa, qurilmada yorug‘lik paydo bo‘lgan. Biroq, haydovchi tezlikni qanchaga oshirganini aniqlab bo‘lmagan. Keyinchalik esa yangi radarlar ishlab chiqarilib, oshirilgan tezlik balandligini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Zamonaviy impulsli radarlarning sezgirligi besh yuz metrgacha bo‘lib, bir vaqtning o‘zida ikkita avtomashina tezligini o‘lchashga qodir. Radar soatiga yigirma dan ikki yuz kilometrgacha bo‘lgan tezlikni aniqlaydi, soatiga ikki kilometr tezlikka adashishi mumkin. Harakatlanayotgan mashinaning tezligini o‘lchash uchun radarga bor-yo‘g‘i 0,2 dan 0,4 soniyagacha vaqt kerak bo‘ladi.
Shu o‘rinda qiziq bir ma’lumot: politsiya radarlari tomonidan o‘rnatilgan eng yuqori tezlik soatiga 290 km.ni tashkil etadi. Ushbu qonunbuzarlikni 2010-yilda 37 yoshli shved millatiga mansub shaxs o‘zining Mercedes-Benz SLS AMG markasidagi mashinasida sodir etgan. U mashinasi bilan Bern va Lozanna o‘rtasida shamoldek yelgani uchun 1 million dollar jarima to‘lagan.
Bugungi kunda deyarli har bir haydovchi umrida bir marta bo‘lsa ham radarga tushishi ehtimoli yuqori. Lekin tezlikni oshirmasdan yursak hech qachon radarga tushmaymiz va jarima to‘lashimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘pchilik radarlarni yomon ko‘radi. Ammo bu moslama bizdan faqat pul ishlash maqsadida emas, o‘zimiz va atrofdagilarning xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘yiladi. Shunday ekan 5 daqiqa oldin, 5 daqiqa keyin qoidasiga amal qilgan holda, tezlikni oshirmasdan yuring. Aks holda belgilangan jarimalar cho‘ntagingizni qoqib oladi.
Nozima RAHMATOVA tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!