Avvalo, shuni aytish kerakki, bulg‘or qalampiri hech ham Bolgariyaniki emas va ular qalampir hisoblanmaydi. Bu sabzavot o‘simligi ituzumdoshlar oilasiga mansub bo‘lib, pomidor hamda baqlajonning uzoq qarindoshidir. Vatani esa Lotin Amerikasi. Aynan u yerning aholisi bu sabzavotni iste’mol qilgan va boshqa maqsadlarda ham foydalangan. Kortes tomonidan hindularning yerlari bosib olingach, barcha boyliklar singari, noodatiy sabzavot ham Yevropaga yo‘l oladi.
Yevropaliklar unga nom qidirishadi va “salat uchun sabzavot”, “shirin qalampir”, “paprika” degan nomlar bilan atashadi. Rossiyaga u Bolgariyadan kirib kelgani uchun “bulg‘or qalampiri” nomini oladi. Biz ham Rossiya ta’sirida shu nomni qabul qilganmiz.
Bulg‘or qalampirining tarkibida juda ko‘p foydali moddalar, jumladan, A, B, C va E guruh vitaminlari ham bor. Bundan tashqari, bu sabzavotning bor-yo‘g‘i 50 grami organizm ehtiyojlarining sutkalik me’yorini qoplaydi. Mahsulotning bor foydasi aynan bandida joylashgan, shuning uchun tozalash vaqtida ehtiyot bo‘lish kerak. Bulg‘or qalampiri, shuningdek, insultning oldini olishda yordam beradi, chunki tarkibidagi B guruh vitaminlari tomirlarning qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Endi yashil, sariq va qizil bulg‘or qalampirining farqini bilib olsak. Birinchidan, yashil rangdagi turi – yetilmagan qizil yoki sariq bulg‘or qalampiridir. Aynan yetilmagani uchun achchiqroq ta’mga ega bo‘ladi va oshqozon bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababga ko‘ra, ularning deyarli farqi yo‘q, hammasi ta’m borasidagi ta’bingiz va vizual idrokingizga bog‘liq. Ko‘pchilik uy bekalari sariq yoki qizil bulg‘or qalampiridan foydalanishni ma’qul ko‘radi, chunki ular yorqinroq va shirinroq. Ularni salatga qo‘shganingizda, chiroyliroq ko‘rinish beradi.
Italiyalik bir guruh olimlar kichikroq tadqiqot o‘tkazishga qaror qilishdi, unda qaysi bulg‘or qalampirini shirin deb o‘ylashlari so‘raldi. Ko‘pchilik sariq bulg‘or qalampiri uchun ovoz bergan, biroq qizil bulg‘or qalampirida shakar miqdori ko‘proq bo‘lar ekan. Ammo, ko‘pchilikka sariq rang yetilganlik belgisiday tuyuladi va uni mazali deb hisoblaydi.
Shuni ham qayd etish kerakki, bulg‘or qalampiri turlaridagi foydali moddalar miqdori birmuncha farqlanadi:
1. Qizil bulg‘or qalampiri tarkibida askorbin kislotasi va A vitamini ko‘proq.
2. Sariq bulg‘or qalampiri ko‘p miqdorda rutinga egaligi bilan maqtana oladi, u tomirlarning mustahkamroq bo‘lishini ta’minlaydi.
3. Yashil bulg‘or qalampiri saraton shishlari yuzaga kelishida profilaktika vazifasini bajaradi.
Turli taomlarni tayyorlayotganda bulg‘or qalamirining rangiga e’tibor qaratish lozim. Salatlar uchun har qaysi turi to‘g‘ri keladi, issiq taomlarga esa qizil va sarig‘ini solgan ma’qul, chunki termik qayta ishlashda yashil bulg‘or qalampiri achchiqroq ta’mga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!