Sovet Sotsialistik Respubliklari Ittifoqi (SSSR) – o‘z vaqtida dunyoning hududi bo‘yicha eng yirik, iqtisodiy va harbiy qudrati bo‘yicha ikkinchi, aholi soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan mamlakati bo‘lgan. U Yevropa sharqini va Osiyo shimolining uchdan bir qismini egallardi.
SSSR 1922-yilning 30-dekabrida tashkil topgan. Bu Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi (RSFSR)ning Ukraina hamda Belorussiya Sovet Sotsialistik Respubliklari hamda Kavkazaorti Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi bilan birlashgan kunidir. Yuqoridagi Respublikalar 1917-yilgi Oktabr inqilobi hamda Rossiya imperiyasining qulashi oqibatida yuzaga kelgandi.
Boshida SSSR tarkibiga faqatgina shu to‘rtta ittifoqdosh davlatlar kirgan bo‘lsa, keyingi yillarda yana boshqa respubliklalar tashkil etilgan va SSSR tarkibiga kiritilgan.
1956-yildan 1991-yilgacha SSSR tarkibiga 15 ta ittifoqdosh respublika kirgan: Rossiya SFSR, Ukraina SSR, Belarus SSR, O‘zbekiston SSR, Qozog‘iston SSR, Gruziya SSR, Ozarbayjon SSR, Litva SSR, Moldova SSR, Latviya SSR, Qirg‘iziston SSR, Tojikistion SSR, Armaniston SSR, Turkmaniston SSR, Estoniya SSR.
Kuchli iqtisodiy potensialga ega, tabiiy qazilma boyliklari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi, boy madaniy an’analarga ega xalqlarni birlashtirgan yirik va qudratli SSSR o‘z mavjudligining turli davrlarida yutuqlarga ham erishdi, yo‘qotishlarga ham uchradi.
Kimdir SSSRni iliq xotiralar bilan eslasa, kimdir uni yomon ko‘radi. Quyida esa uning yutuq va kamchiliklari bilan tanishib chiqamiz.
Armiya. SSSR dunyodagi eng qudratli ikki mamalakatdan biri edi. Jahon urushlari va AQSh bilan “sovuq urush” armiyani tinimsiz takomillashtirishga majbur qilardi. U 63,9 mingta tank soni bilan hammadan oldinda turardi. Yadro raketasi himoyasi uchun quruqlikda 1200 ta ballistik raketa va dengizda 62 ta atom bombasi bor edi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, qurolli kuchlarining soni 3,7 million kishiga yetardi.
Bandlik. 1929-yilda SSSRda ishsizlik yo‘q edi. Bu esa G‘arbdagi Buyuk Depressiya fonida jozibali ko‘rinardi.
Tenglik. “Quyi” va “yuqori” qatlamning farovonlik darajasi farq qilardi, ammo bir necha o‘n barobarga emas, o‘rta sovet qatlami aholining katta qismini tashkil qilgan. Ma’lumotli ishchi o‘zi mehnat qilayotgan zavod direktoridan ham ko‘proq pul ishlab topishi mumkin edi.
Fan. SSSR qudratli ilm-fanga ega edi. Dunyodagi olimlar va muhandislarnng taxminan yarmi SSSRda mehnat qilardi. SSSR birinchi bo‘lib Yerdan fazoga odamni chiqardi va ikkinchi bo‘lib atom bombasini sinovdan o‘tkazdi.
Dam olish. Sovet odamlarining dam olish huquqi ko‘zbo‘yamachilik emasdi. 1988-yilda 16 200 ta sanatoriy va dam olish uylarida ishchilar, fuqarolar yashash va davolanishi uchun qisman pul to‘lardi.
Tibbiyot. Umumiy va bepul tibbiyot SSSRda 80-yillarning o‘rtalariga kelib rivojlanishning yuqori cho‘qqisiga erishdi. 10 ming aholiga 100 ta shifokor to‘g‘ri kelar, majburiy dispanserizatsiya joriy qilingandi.
Pasayish. Hamma maqtagan ta’lim va tibbiy xizmat XX asr oxirlariga kelib, jahon darajasidan juda orqada qolib ketdi. Mudofaa bo‘yicha liderlikka intilish aholi uchun sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda inqirozga olib keldi: keng ommaga sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarilardi.
To‘xtab qolish. SSSR totalitar mamlakat edi, hukumatning almashmasligi ijtimoiy hayotning qotib qolishiga olib keldi. Stalin 31 yil, Brejnev – 18 yil, Xrushyov – 11 yil boshqargan. SSSRda saylovlar shunchaki rasmiyatchilik edi.
Qamoqxonalar. Faqatgina 1921-yildan 1940-yilgacha taxminan 3 million odam turli muddatga qamalgan. Bir qanchasi o‘limga hukm etilgan.
1930-1931-yillarda 380 mingdan ko‘proq dehqon oilalari quloq qilingan va badarg‘a qilingan. SSSRning tashkil topish vaqtida aholining butun bir guruhlari: tadbirkorlar, rohiblar va boshqalar repressiya qilingan. GULAG sovet tuzumining ramziga aylanib qoldi.
Chegara. SSSR fuqarolari mamalakatiga bog‘lanib qolgan. Chet elga chiqish juda qiyin edi. Ko‘pchilik uchun orzuning chegarasi Bolgariyaga borish bo‘lgan.
Defitsit. Sovet xalqi o‘z tarixi davomida hech qachon farovonlikda yashamagan, garchi shunday yashayotganday ko‘rsatishga harakat qilingan bo‘lsa-da. Nisbatan farovonlik bo‘lgan 70-yillarda yo hojatxona qog‘ozi, yo kolgotkalar defitsit bo‘lar, kolbasa haqida gapirmasa ham bo‘lardi.
Senzura. SSSRda senzura hayotning hamma sohasini, jumladan, OAV, adabiyot, musiqa, kinematografiya, teatr, balet va hatto modani ham qamrab olardi. Yirik yozuvchi va shoirlar – Soljenitsin, Dovlatov, Brodskiy kabilar vatanini tark etishga majbur bo‘lgan. Boshqa respubliklarning ham minglab shoir va yozuvchilari qatag‘onga uchragan.
Sarvinoz Omonova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!