Jerar Depardye hamda Pyer Rishar ishtirokidagi “Omadsizlar” filmini yaxshi eslasangiz kerak. Unda izquvar sheriklar omadsizlikning jamiki tuzog‘iga birin-ketin tushib chiqib, o‘z maqsadlariga erishadi.
Buni qarangki, hayotda ham omadsiz insonlar tez-tez uchrab turarkan. Ular orasida mashhurlari ham talaygina.
Edvard Vud – eng yomon rejissyor
Bu omadsiz hamda didsiz rejissyor reytingning birinchi pog‘onasidan joy egallagani bejiz emas. Edvard Vud Gollivud tarixiga kirgan eng mashhur insonlardan biri. Ya’ni, unga butun kinematografiya olamining eng yomon rejissyori tamg‘asi urilgan. “Iste’dod” kinodagi faoliyatini 50-yillarda boshlagan. Uning professional rejissyor bo‘lib yetishishiga iste’dodsizligi halal bergan. Vud kam daromad keltirgan bir nechta dahshatli filmlar rejissyori sanaladi.
Edvard rolga ko‘chada ketayotgan har qanday odamni taklif qilishi mumkin edi. U har qanday odam ideal aktyor bo‘lishi mumkin, deb hisoblardi. Uni ko‘proq kino yaratish texnikasi qiziqtirgan. Edvard pulini iqtisod qilish maqsadida boshqa rejissyorlar keraksiz, deb chiqarib tashlagan qismlardan ham behijolat foydalangan.
Edvard Vud 1978-yilda qashshoqlikda vafot etdi. Bu orada uning ismi butun kinematografiya tarixiga kirib ulgurdi. Xususan, uning “Ochiq kosmosdagi 9-reja” filmi eng yomon film nomini olgan.
Yuqumli Meri Mallon
Bu omadsiz ayol atrofdagilarga kulfat keltirib, o‘zi esa gard yuqmay chiqib kelgan. Amerikalik xizmatkor Meri Mallon chinakam kasallik uyasi edi. 1906-yil Nyu-Yorkda dahshatli terlama epidemiyasi tarqaladi. Kasallik shaharning barcha tumanlariga yoyilgan. O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, kasallik sababchisi o‘sha paytda har bir oilaning oshxonasida ishlagan xizmatkor Meri ekanligi ma’lum bo‘ldi. Qizni kasallik yuqtirishda ayblab, bir xonali kameraga qamab qo‘yishdi va u yerda uch yil qamoqda saqlandi.
Turmadan chiqqanidan so‘ng qizga oshxonalarda ishlash taqiqlandi. Biroq qiz ism-familiyasini o‘zgartirib, tug‘ruq kompleksiga ishga kiradi. Birozdan so‘ng bu yerda ham tif kasalligi tarqala boshlaydi. Oqibatda Merini qaytadan turmaga tiqib, umrining oxirigacha o‘sha yerda olib qolishdi. Bu orada epidemiya 40 ming kishini hayotdan olib ketgandi.
“Irkit o‘rdakcha” – Hans Xristian Anderson
Mashhur ertakchi haqida bilmaydigan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. O‘z asarlarida u yangi hayot, ranglar dunyosi, kichik kitobxonlar uchun chinakam baxtdan hikoya qiladi. Biroq ertakchining hayotini ertaknamo kechgan, deb bo‘lmaydi. Mahoratli yozuvchining qarama-qarshi jins vakillari borasida omadi kelmagan va umrining oxirigacha so‘qqabosh o‘tib ketgan.
Andersenning tashqi ko‘rinishi ham orangutannikiga o‘xshardi. Uzun qo‘llar, katta burun. Haqiqiy irkit o‘rdakcha. Gans bolalarni juda yaxshi ko‘rgan, biroq ular yozuvchidan juda qo‘rqishgan. 1872-yilda u o‘zining oxirgi ertagini yozib tugatadi. Andersen inson tishi va ijodkorligi orasida bog‘liqlik borligiga qattiq ishongan va oxirgi tishi tushganidan so‘ng hech narsa yozmagan.
Soyada qolib ketgan Devid Byuik
Devid Byuik bolaligidan ixtirochilik bilan shug‘ullangan. Uning nomiga 13 dan ortiq patent rasmiylashtirilgan. Hayotining ma’lum yillarida u avtomobil va ularning dvigatellari savdosi bilan shug‘ullangan. Natijada Byuik ajoyib avtomobil loyihasini ishlab chiqadi va undan qanday foydalanishni bilmay qoladi. Sherigi “General Motors” bilan birlashib, bu loyihani amalga oshiradi. Devidning o‘zi esa soyada qolib ketadi. Shundan so‘ng ixtirochiga omad qaytib kulib boqmadi.
U inqirozga uchrab, saratondan vafot etadi. Biroq uning familiyasi yashashda davom etdi. Amerikaning eng taniqli avtomobillaridan biri Byuik deb atala boshlandi. Byuikning o‘limidan so‘ng yaratuvchilar uning oilaviy gerbini avtomobil logotipiga aylantirishga qaror qilishgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!