So’x anklavi O'zbekiston Respublikasining Farg'ona viloyatiga tegishli hudud hisoblanadi. Tumanning ma'muriy markazi - Rovan qishlog'idir. So'x tumani Farg'ona viloyatining mustaqil ma'muriy-hududiy bo'linmasi bo'lib, butunlay boshqa davlat hududi bilan o'ralgan. Ya’ni O'zbekiston uchun ushbu hudud – eksklav bo‘lsa, Qirg'iziston uchun anklavdir.
Uning umumiy maydoni 220 kvadrat kilometr bo'lib, 19 ta aholi yashash punktidan iborat. Aholisi 74,1 ming kishini tashkil etib, uning 99,2 foizini tojik, 0,7 foizini qirg'iz hamda qolgan qismini o'zbek va boshqa millat vakillari tashkil etadi.
So‘xning betakror tabiatini ta’riflash uchun esa kamida shoir yoki rassom bo‘lish kerak. Chunki mazkur hudud benihoya go‘zal manzaralari bilan dunyoga mashhur.
Uzoq yillar davomida O‘zbekiston va qo'shni respublikalar o‘rtasidagi munosabatlar unchalik yaxshi bo‘lmaganligi va chegara nazorati kuchaygani sababli, o‘zbek anklavlarida ijtimoiy-iqtisodiy hayot qiyin ahvolda edi. Bugungi kunda munosabatlar yaxshilanib, eksklavlar aholisining asosiy hududga sayohatlari va boshqa hududlar aholisining anklavlarga safarlari sababli yaqin hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar ochilmoqda.
So‘xning qisqacha tarixi…
So‘x eksklavi 1955-yilda siyosiy xaritada paydo bo‘lgan. Uning paydo bo‘lish sababi borasida aniq ma’lumot mavjud emas, faqatgina mish-mishlar. Ba'zi manbalarga ko'ra, hudud qirg‘iz va o‘zbek Kommunistik Partiyasi rasmiylari o‘rtasidagi qimor oyinida qirgiz rasmiysi tomonidan yutqazib qo‘yilgan deyilsa, boshqalariga ko‘ra kommunistlarning bu hududni o‘zbeklarga berish sababi uzoqni ko‘zlagan siyosiy to‘xtamdir. Chunki hududning asosiy yo‘llari Qirg‘izistonda joylashganiga qaramay O‘zbekiston bilan bog‘langan, qirg‘iz tomoni esa asosan tog‘lardan iborat. So‘x ma’muriy hudud sifatidagi ziddiyatli faoliyatini Sovet davridan so‘ng ham davom ettirdi.
1991-yilda qo‘shni davlatlar mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston-Qirgiziston o‘rtasida o‘zbek tomoniga eksklav uchun qirg‘iz hududidan o‘tuvchi yo‘llar orqali borishga ruxsat etuvchi kelishuv imzolandi.
2001-yil yanvarida O‘zbekiston quvurlar zararlangani vaji bilan Qirg‘izistonga gaz uzatishni to‘xtatib qo‘ydi. Bishkek buni So‘xni Ozbekiston bilan bevosita bog‘lash imkonini beruvchi 20 kv.km.lik hudud ustidagi muzokaralarda ijobiy natijaga erishish uchun bosim deya baholagan edi. Aynan o‘sha yilning fevralida esa davlatlar So‘x chegaralarini aniqlashtirib beruvchi va So‘xni O‘zbekiston bilan bog‘lovchi hudud borasidagi memorandumga imzo chekishgan.
Shundan beri so‘xliklar eksklavga kirib chiqish uchun har ikki mamlakatning bir qancha chegara punktlaridan o‘tishga majburlar. O‘z navbatida qirg‘iz fuqarolari ham mamlakatning sharqiy va g‘arbiy qismlariga o‘tish uchun So‘x hamda minalangan hududlarni bosib o‘tishlariga to‘g‘ri keladi. Bu kabi qiyinchiliklar So‘x va Botkentning iqtisodiy ahvoliga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Ishsizlik darajasi yuqori bo‘lib, aholi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Yoshlarning ko‘pchiligi ish izlab xorijga ketishga majbur. So‘xlik aholini qiynaydigan eng asosiy muammo bu tumanga kirib chiqish qiyinchiliklari va masofaning anchayin uzoq va murakkabligidir. Bir paytlar bu hududga kirib chiqish uchun ikki yo‘l bo‘lgan, biri Rishton ikkinchisi esa Farg‘ona tumani orqalidir.
Biroq 2013-yilda Rishton orqali boriladigan yo‘l yopilib qolgan va bu aholining jiddiy qarshiligiga qaramasdan hali-hanuz ochilgani yo‘q. Hududga faqat bir tomonlama yo‘l orqali kirib-chiqish mumkin. Shu sabab hududning iqtisodiy, ijtimoiy holati ancha murakkablashgan. Bu yerning odamlari Qirg‘iziston tomonidan doimiy bosimda ekanini, savdo-sotiq cheklangan, imkoniyatlar chegaralanganligi aytadi. Ya’ni So‘x aholisi ko‘p jihatdan dunyodan uzilib qolganligi, bu yerga faqat O‘zbekiston va Qirg‘izistonliklar kelishi, ammo xorijlik sayyohlar tashrif buyurishi uchun turizm sohasi yo‘lga qo‘yilmaganligidan nolishadi.
Erta suyungan so‘xliklar dardi
Xabaringiz bo‘lsa, 2019-yil 30-avgust kuni barcha so‘xliklarni quvontirgan mazkur masala o‘z yechimini topgandek bo‘ldi. Ya’ni katta tantana bilan So‘x-Rishton posti ochildi. O‘sha kuni Quvasoy, Vodil, Beshariq va Rishton chegara postlariga xalqaro post maqomi berilgani e'lon qilingandi. Ayniqsa, bu yangilikdan Rishton va So‘x aholisi juda xursand bo‘lgani bejiz emas. Chunki, 10 yildan beri 250 km. yo‘l bosib So‘xga borishiga to‘g‘ri kelardi. Ushbu yo‘l ochilishi bilan esa 250 km. o‘rniga 30 km. yo‘l yurish kifoya qilar va bu savdo-sotiq uchun qulaylik yaratardi. So‘xliklar uchun ham bu voqea katta bayram darajasidagi yangilik bo‘ldi. Afsuski, ularning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Hozirda chegara posti ishlagani yo‘q. Aholi esa hayron. So‘xlik boshqa fuqarolar ham umidsizlikka tushishgan. Ular ko‘p yillardan beri sabrsizlik bilan kutilgan, “ochilib-ochilmagan” chegara posti bo‘yicha dardini kimga aytishni bilmay dog‘da qolishgan. Ikki xalq vakillari Rishton va So‘xni bog‘lab turuvchi Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi yo‘l tez kunlarda ochilishini sabrsizlik bilan kutib turibdi.
Dildora Mamanova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!