Inc. nashri 2019-yilda biznes borasida chop etilgan eng sara kitoblarni va 2020-yilda kutilayotgan yangi asarlar ro‘yxatini e’lon qildi. Shuningdek, ro‘yxatdan inDriver va VkusVill kabi kompaniyalari startaplarining tarixi, Alibaba va Amazon kabi jahonga mashhur yirik kompaniyalarning shakllanishi, shuningdek, “sinib qolishga” qarshi kurash qo‘llanmasi, informatsion shovqin, Instagramda samarali ishlashga ko‘maklashuvchi layfxaklar joy olgan.
Jeyson Frayd, Devid Xaynemayer Xensson
“Ishda aqldan ozib qolmang”
Zo‘riqish, charchoq, to‘yib uxlamaslik... Go‘yo bularsiz kompaniya yutug‘ini ta’minlab bo‘lmaydi. Mijozlar zudlik bilan javob qaytarishni talab qiladi, buyurtmachilar shartlarni yo‘l-yo‘lakay o‘zgartiradi. Bunday sharoitda hatto sevimli ishingiz ham asabiylashishga va oqibatda “sinish”ga olib keladi.
Kitob mualliflari qayta ishlash masalasiga inqilobiy yondashuvni ishlab chiqishgan. Bu rahbarga o‘z jamoasi uchun samarali va xotirjam ish sharoitini yaratib berishiga xizmat qiladi. Ularning amaliy tavsiyalari natijasida xodimlarda ishga nisbatan ishtiyoq uyg‘onadi va oilasi hamda do‘stlari uchun qo‘shimcha vaqt paydo bo‘ladi.
“Dunyoni o‘zgartirishga majbur emasligingizni anglaganingizdan so‘ng, yelkangizdan juda og‘ir yuk qulaydi va atrofingizdagilarning hayotini ham ancha yengillashtirasiz. Bor vaqtingizni ishga ajratish majburiyatidan xalos bo‘lasiz. Talab darajasida ertaga ham ishlash mumkin – bugun idoradan o‘z vaqtida keting.”
Yevgeniy Shepin
“VkusVill. Hammasini chappasiga bajarib, chakana savdoda inqilob yasash”
Biznesni o‘z qoidalaring asosida amalga oshirish, guruhingni noldan shakllantirish va byudjetning yillik aylanmasi xususida emas, iste’molchilarning xursandchiliklari borasida qayg‘urish haqida ruhlantiruvchi hikoyalar.
Kitob muallifi 8 yil “VkusVill” kompaniyasida ishlaydi va o‘sha davrdagi yutuqlari, omadsizliklarini beqiyos hayajon bilan ta’riflaydi. Xatolarni to‘g‘ri tushunish istiqbolli jarayonligini uqtiradi. Ishlab chiqarishda xodimlar va xaridorlar uchun qulay sharoit yaratish, teskari aloqa, mahsulot sifati bilan bog‘liq asosiy qoidalarini o‘rtoqlashadi. Kitobda nafaqat sog‘lom ovqatlanish bozori, balki Rossiya chakana savdosining dolzarb muammolari haqida ham so‘z yuritiladi.
“Tajribaliroq bo‘lib qolganingni tushunish juda oddiy. Agar yillar mobaynidagi ish faoliyatingni tahlil qilib, bugun hammasini boshqacha qilgan bo‘lardim, degan fikrga kelsang, demak, sen o‘sgansan”.
Szen Min
“Alibaba va kelajakning aqlli biznesi”
Yil sayin zamonaviy texnologiyalar, raqamli olam rivojlanib bormoqda. An’anaviy biznes vakillari nima qilishlari kerak? Moslashishi kerakmi yoki yangi ish topishlari lozimmi?
Szen Min Alibaba strategiyasini, ichki ish jarayonlarini o‘ta ehtiyotkorlik bilan tahlil qilib chiqadi. Maqsadi sun’iy aqlning biznes-jarayonda qo‘llanilishini, raqiblardan ustunlik va raqamli biznes olamidagi yutuqlarni ishonch bilan ko‘rsatish edi.
“Siz tashqi muhit bilan birga o‘sishingiz kerak, bunda tezlikning ahamiyati yo‘q, asosiysi ijobiy o‘zgarishlarga intilish sizning ajralmas qismingizga aylanib qolishi shart”.
Jon Chember
“Nuqtalarni birlashtirib. Yetakchilik darslari”
Jon Chembers o‘ziga xos boshqaruv prinsiplariga ega bo‘lgan kompaniya yaratishga tayyor bo‘lgan tinib-tinchimas, aqlli yetakchilar uchun haqiqiy qo‘llanma yaratgan.
O‘zgarishlardan va innovatsiyadan qo‘rqmaslik kerak. Menejmentga ijodiy yondashuv imkon kelishini kutayotgan raqobatchilar orasida qolgan firmaga gullab-yashnashda ko‘maklashadi. Chembers – xayolparast. U o‘z maqsadlarini va unga yetishish yo‘llarini yaxshi biladi. Haqiqiy yetakchi o‘z strategiyasiga va jamoasiga ishongan bo‘lishi shart.
“Pasayish davrida insonni yetakchi qilib tarbiyalagan ko‘nikmalar va tabiiy qobiliyat o‘sishga intilish vaqtida ham uni ushlab turadigan faktorga aylana oladi. Yaxshi rahbarlar zarur vaqtda zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar”.
Don Bek
“Amaliyotda spiralsimon o‘sish. Shaxs, tashkilot va insoniyat o‘sishi modeli”
Spiralsimon o‘sish rahbarlarga, menejerlarga bahsli holatlarda xodimlarni to‘g‘ri baholash va samarali biznes strategiyasini yaratishga yordam beradi.
Bu model hayotning barcha sohalarida yangi an’analar va o‘zgarishlarni hisobga oladigan inqilobiy vositadir. Kitob muallifi aynan shaxsiy biznes sharoitida uni qo‘llash orqali nimalarga erishish mumkinligi haqida hikoya qiladi.
“Spiralsimon o‘sish fikrlash darajasi har xil bo‘lgan turli kasb va madaniyat vakillariga aniq talab asosidagi barcha dasturlarga moslashish imkonini berishi bilan ajralib turadi”.
Darya Manelova
“Instagramda pul ishlash”
Instagram kompaniyasida qiziqishlarini to‘laqonli kasbiga aylantirishni, qandaydir yangilikni qo‘llab ko‘rish yoki akkauntni rivojlantirishni istaganlar uchun qo‘llanma.
Keng tarqalgan xatolardan qochish, xaridor izlash, pul topishni boshlash va xususiy uslubni yaratish uchun nima qilish kerak? Darya Manelova o‘zining aniq misollarga asoslangan va biznesning istalgan yo‘nalishiga moslasha oladigan dolzarb axborotlari va layfxaklari bilan o‘rtoqlashgan.
“Instagram – bu hozirda shaxsiy loyihalaringizni rivojlantirishga va pul ishlashga imkon beradigan tizimdir”, deydi u.
Ildar Xusainov
“Qavatlar. Boshqaruv kuchi”
Bu kitob imkoniyatlar doirasini kengaytirib borayotgan yana bir rossiyalik tadbirkor haqida hikoya qiladi. Asar rieltorlik kompaniyasi nafaqat Rossiya bozorlarida yetakchilikka erishdi, balki xalqaro darajaga ham chiqa oldi. Rahbarning shaxsiy hislatlari, orzudagi jamoa, analitika (tahlil) va strategiya – bu yangi yo‘nalish olishga imkon bergan va raqobatchilarni sergak torttirgan biznes-tizim qurish yo‘lidagi kichik bo‘laklar, xolos.
Kitobda ilk ish kunidan boshlab hech kimdan qarzdor emassan, degan aqidaga amal qilinadi. Hamma hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshiriladi. Va kompaniyaga asos solingan davrdan buyon hali biror marta (hatto, rahbarning o‘zi pulsiz qiynalayotgan bo‘lsa ham) hisob-kitobning kechiktirilishiga yo‘l qo‘yilgan emas. Natijada har bir xodimda ishonch shakllangan. Ishonch esa qimmat turadi!”
Fons Trompenaars, Pit Xeyn Keberg
“Boshqaruvning 100 ta modeli va konsepsiyasi”
Eng ahamiyatli va foydali biznes modellar to‘plami. Mualliflar har bir konsepsiyani jiddiy ko‘rib chiqishadi va qulay bo‘lishi uchun ularni turlarga ajratishadi. Ajratishda kompaniya strategiyagami yoki innovatsiyagami, yo xodimlar tanlovigami, nimaga ko‘proq e’tibor qaratilayotganiga ahamiyat berishadi. Barcha jihatlar shundayligicha olib amaliyotda foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘rgazmali chizmalar bilan boyitiladi.
“Strategiya va harbiy san’atning o‘zaro bog‘liqligi tufayli shunday tasavvur hosil bo‘ladiki, strategiyani qo‘llashing bilan ikki tarafdan biri albatta yutishi kerakka o‘xshaydi. Iqtisodiy rivojlanishda bir tarafning yutishi uchun ikkinchi tarafning yutqazishi shart emas. Bu – har kim g‘oliblikni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan o‘yin”.
Vladislav Moiseyev
“Hech narsadan biznes yoxud internet kompaniyani qurish va aqldan ozmaslik yo‘llari”
Agar siz IT yo‘nalishida kompaniyani rivojlantirishni rejalashtirayotgan yoki kelajak texnologiyalari bilan qiziqayotgan bo‘lsangiz, bu kitob siz uchun. Kitobda Rossiyaning IT-bizness vakillari o‘zlarining ishbilarmonlik tajribalari bilan o‘rtoqlashgan. Unda murakkabliklar, umidlar, rejalar va muvaffaqiyatlar haqida ochiq gap boradi. O‘z o‘quvchilarini nafaqat startaplarni boshlashlariga ruhlantiradi, balki aniq sharoitlarda texnologik biznesni qurish umidini ham shakllantiradi.
“Ushbu masalning tadbirkorlik axloqi shunday: huquqshunos yordamisiz bir qadam ham bosmang! Ayniqsa, katta “amakilar” va kompaniyalar bilan munosabatlarda. Huquqshunoslar uchun pulingizni ayamang”.
Rojer Stoun
“Stoun qoidalari: Biznesda, siyosatda va hayotda ulgurish”
Gohida muhim qadamni bosish va g‘oliblikka erishish uchun qattiq choralar ko‘rish shart bo‘ladi. Biznes kompromisslarni yoqtirmaydi, investorlar muvaffaqiyat va foydaning ko‘payishini istashadi. Qanday qilib raqobatchilar bosimiga chidash, yangi texnologiyalar va ijtimoiy o‘zgarishlarga moslashish mumkin?
Amerikalik siyosiy maslahatchi Rojer Stoun muvaffaqiyatning 140 qoidasini shakllantirgan. Biroz hazil bilan, albatta. U ijodkor va obro‘li, maqsad sari dadil yuradigan, hujum qila oladigan va ayni paytda o‘zi ham himoyalana biladigan yetakchilarni tayyorlaydi.
2020-yilda nashr qilinishi kutilayotgan kitoblar
Stiv Anderson “Bezosning maktublari. Amazon rivojiga asos bo‘lgan 14 tamoyil”
Jeff Bezosning aksionerlariga yozgan xatlarini o‘rganib chiqqan Stiv Anderson biznesni noldan boshlash va uni rivojlantirishning 14 tamoyilini ajratib olgan.
Geri Pizano “Ijodiy yaratish”
Yirik kompaniyalar innovatsion fikrlashni davom ettirish va startaplari rivojidan qaytmasliklari haqida kitob. Pizano turg‘unlikdan qochishga ko‘maklashuvchi boshqaruv uslublari haqida hikoya qiladi.
Valera Razgulyayev “Amaliyotda feruza rang boshqaruv”
Feruza rang boshqaruv – bu vertikal boshqaruvning yo‘qligi va har bir xodimning o‘z qobiliyatini namoyon qilish imkoniyati. Bu “Feruza rang”ning Rossiya bozorlaridagi vositalari to‘g‘risidagi birinchi kitob sanaladi.
Deniyel Goulman “Ishda hissiy aql”
Mashhur “Hissiy aql” bestsellerining davomi. Kitob yuqori lavozimga erishish yo‘lidagi yangi tavsiyalar va uslublarni jamlagan.
Pamela Meyer “Agile yo‘l”
Kompaniyani o‘zgarishlarga yana-da moslashuvchan va chidamli qiladigan amaliy ishlar, mashq va masalalar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!