Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi maktabgacha ta’lim tizimiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarining soni sifatining yildan-yilga oshib borayotgani ham buning yorqin misolidir.
2018-yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 34,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yil yarim yilligi yakuniga kelib, davlat MTMlarida yaratilgan o‘rinlar soni maktabgacha yoshdagi bolalarning 40,5 foizini qamrab olishga imkon berdi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 9 ming 770 dan ortiq MTM faoliyat olib bormoqda. O‘tgan yillarga nisbatan maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan bolalar soni ham sezilarli darajada o‘sgan. Xususan, 2019-yil birinchi yarim yilligi natijasiga ko‘ra, 1 million 66 ming 353 nafar bola MTMga boradi. 2030-yilga borib bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni 80,8 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilning 11-yanvar kuni Zomin tumanida ham yana bir “Jajji qadamlar” nomli davlat maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali ravishda tashkil etilgan ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari B. To‘xtamishev, Maktabgacha ta’lim vazirining o‘rinbosari M.Yo‘ldoshev, Zomin tumani hokimi A.Abdug‘aniyev, viloyat va tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirlari, tuman nuroniylari, ota-onalar va tumandagi boshqa maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari ishtirok etdi.
“Jajji qadamlar” maktabgacha ta’lim muassasasi 1981-yil tashkil etilgan bo‘lib, ushbu muassasa bugun zamonaviy binoda o‘z faoliyatini boshladi. Davlat investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan ta’lim maskanida “JQuruvchi” MChJ tomonidan 12 mlrd. so‘mlik qurilish ishlari olib borildi.
Tarbiyalanuvchilar uchun keng, yorug‘ xonalar, zamonaviy sport zali, ochiq suv xavzasi, yozgi ayvonchalar, o‘yin maydonchalari bilan ta’minlangan ushbu maskan 270 nafar tarbiyalanuvchini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Marosim davomida ta’lim muassasasi rahbari N.Ohunovaga quruvchilar tomonidan tashkilotning ramziy kaliti topshirildi va maxsus lentalar qirqildi. Yig‘ilganlarga tuman maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlab kelingan bayram dasturi konserti namoyish etildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!