Ba’zi odamlar bilan qiziqarli mavzularda gaplashish ham qiyin kechadi. Siz suhbatdoshingizning yuziga qaraysiz – u esa ko‘zlarini olib qochadi. Natijada noqulaylik his qila boshlaysiz. Sizga gapirayotganida chetga yoki yuzingizning boshqa bir qismiga, masalan, iyagingiz yo labingizga qaraydi. Agar ko‘zingizga nigohi tushsa, birdan olib qochadi.
Bu holatni tushunish uchun ba’zi narsalarga e’tibor berish kerak, jumladan:
• Bu odam boshqalar bilan gaplashayotganida ham ko‘zlarini olib qochadimi yoki faqat siz bilanmi;
• Bu holat alohida mavzularda gaplashganda (shaxsiy hayot, ish, g‘iybatlar) ro‘y beradimi yoki har doimmi;
• Bu odat suhbatdoshning jinsiy mansubligiga bog‘liqmi (masalan, o‘z jinsdoshlari bilan normal muloqot qiladi-yu, qarama-qarshi jins vakilining ko‘ziga tik qarolmaydi);
• Ma’lum bir muddat ko‘zingizga qarashga majbur qiladigan nimadir bormi (hayrat, kulgi, qo‘rquv, ishonchsizlik, g‘azab);
• Bu odam “yopiq”mi yoki muloqotni yoqtiradigan.
Ehtimoliy sabablar:
Suhbatdoshingiz, aynan, siz bilan gaplashayotganda ko‘zingizga tik qarolmasa, quyidagilar bunga sabab bo‘lishi mumkin:
– Siz unga yoqasiz, buni anglab turganidan uyaladi. O‘zining bor kuchi bilan simpatiyasini yashirishga urinadi yoki uni ko‘rsatmoqchi-yu, buni qanday qilishni bilmaydi. Unga murojaat qilganingizda, gaplari chalkashib ketadi va buning uchun o‘zidan jahli chiqadi. Beixtiyor ko‘zlarini olib qochadi, chunki tik qarasa, butkul o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin.
– Siz bu odamga yoqmaysiz. Ba’zida hech qanday sababsiz ham kimnidir yoqtirmaslik mumkin. Ko‘zga tik boqmaslik – bu holatda yoqtirmaslikning yagona belgisi bo‘lmaydi. Odam o‘zini muloqotdan olib qochadi, salomlashgisi kelmaydi, o‘zi birinchi bo‘lib hech qachon murojaat qilmaydi, agar majbur bo‘lsa – istar-istamas gap boshlaydi.
– U sizga ishonmaydi. Ko‘zlarini olib qochish orqali o‘ylari va hissiyotlarini yashirishga intiladi.
– U sizdan uyaladi. Masalan, siz jamoadagi yangi odam bo‘lsangiz, hali ko‘nikolmayotgan bo‘lishi mumkin. Yoki sizdagi jizzakilik, ochiqlik, mahmadonalik kabi xususiyatlar uning uyatchan va yopiq tabiatiga umuman mos kelmayotgandir. Natijada sizni ko‘rishi bilan ongsiz ravishda g‘ujanak bo‘lib olishi va tabiiyki, ko‘zlarini olib qochishi mumkin.
Agar odam deyarli hech kimning ko‘ziga tik qarolmasa, u o‘ziga ishonmaydigan, ta’sirchan va “yopiq” bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!