Yigit gilamchasi bilan to‘ppa-to‘g‘ri novvoyning oldiga boribdi. Novvoylarning ishini kuzatib turibdi. Nonlar yopilib bo‘lgach, aravalarga ortibdilar va daryoga qarab jo‘nabdilar. Yigit ham eng keyingi aravaga o‘tirib ular bilan ketibdi. Daryoga yetib borgach, novvoyxonaning egasi nonlarni daryoga irg‘ita boshlabdi va aravalarni bo‘shatib qaytibdi.
Ertalab yigit novvoyxonaga kirib boribdi: qarasa, katta nonvoyxonada yigirmata tandirda non yopilayotgan emish. Novvoyxonada hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul ekan. Novvoyxonaning o‘rtasida baland supa, supaga qiр-qizil gilam to‘shalgan, ko‘rpacha solingan, par yostiqlar qo‘yilgan. Shu supada ellik yoshlarga borgan yo‘g‘on gavdali kishi o‘tiribdi. Bu kishi novvoyxona egasi edi. Yigit salom berib, supaga chiqibdi va novvoyxona egasi bilan ko‘rishibdi. Xo‘jayin darrov yigitga joy ko‘rsatibdi, choy buyuribdi.
Yigitning oldiga issiq nonlardan sindirib qo‘yibdi va nonga taklif qilibdi.
– Keling, uka, – deb gap boshlabdi xo‘jayin.
– Sizning ta’rifingizni eshitib kelgan edim, eshitganlarimning hammasi to‘g‘ri ekan. Eshitishimga qaraganda, siz shu ishni yigirma besh yildan beri qilar ekansiz. Shuncha pulni qayerdan topasiz va nima uchun davlatingizni suvga oqizasiz. Shuni aytib bersangiz, – debdi.
– Ey, ukam, sizga pul kerak bo‘lsa, beray, boshqa narsa kerak bo‘lsa, uni ham ayting, lekin bu voqeadan og‘iz ochmang! – debdi.
– Amaki, men bir maqsadga qadam qo‘yganman, shu maqsadimga albatta yetishim kerak. Maqsadimga yetishimning bir kaliti sizning javobingiz bo‘ladi, shuning uchun meni xursand qilarsiz deb ishonaman.
Novvoyxonaning egasi biroz jim turgach:
– Mening bir shartim bor, shuni bilib kelsangiz, men ham aytaman, bo‘lmasa ovora bo‘lasiz, ukam! – debdi.
– Xo‘p, ayting, u nima shart ekan? – debdi yigit.
– Falon shaharda bir egarchi bor. Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasaydi, egar bitgach, uni birovga ming tangaga sotadi. Egarni olgan odam pulni beradi va o‘n-o‘n besh qadamcha yurib uzoqlashgach, pulga qarab turib egarchining rangi o‘zgaradi, ko‘zlari chaqnab ketadi-da, o‘rnidan irg‘ib turib, egar olganni chaqiradi. Egar olgan qaytib kelgach, undan egarni qaytarib oladi va pulini qaytarib beradi.
– Ha, amaki, nima bo‘ldi?
– Egarning bir joyida chalasi bor ekan.
– Mayli, pul sizda tursin.
– Yo‘q, kerak emas.
Egar olgan hayron qoladi.
Egarchi esa, egarni olib do‘koniga qaytadi-da, egarni to‘nkaning ustiga qo‘yib teshasi bilan urib mayda-mayda qilib tashlaydi. Shu egarchi bir yilda bir dona egar yasar ekan, nima uchun sindiradi: hech bo‘lmasa o‘zining mehnatiga achinsa bo‘lmaydimi? Egarni-ku sindiradi, yana nima uchun yasaydi, baribir yasagan egarini sindiradi. Shuning sababini bilib kelsang! – debdi.
Yigit gilamchaga o‘ltirib egarchining oldiga boribdi. Egarchi egarni bitkazib, pardozlayotgan ekan. Ikki kundan keyin egar tayyor bo‘libdi. Egarchi do‘kon oldidagi peshayvonga chiqib, egarining u yoq-bu yog‘iga qarab zavq bilan o‘z hunaridan xursand bo‘lib o‘ltiribdi.
Do‘konning oldidan o‘tganlardan ba’zilari egarga xaridor bo‘lar, uni qo‘llariga olib ko‘rar va qimmat ekan deb egasiga qaytarib, o‘z yo‘llariga qarab ketishar ekanlar.
Shu ahvolda uch-to‘rt kun o‘tibdi. Yigit ham egarchini kuzatib yura beribdi. Beshinchi kuni bozor kuni bo‘libdi, tushga yaqin bir boyvachcha kelib:
– Qani, ota, egaringiz necha pul? – debdi.
– Ming tanga, mulla, – debdi egarchi.
– Juda qimmat-ku, ota! – desa.
– Moliga ham qarang, uka! – debdi.
– Ming tangaga ko‘p narsa olsa bo‘ladi. Ota, siz bir egarni ming tanga deysiz-a? – debdi.
– Ishqiboz bo‘lsangiz, mehnatni qadrlasangiz olasiz, uka, bo‘lmasa egasiniki, – debdi egarchi.
– Sal keltirib ayting, – debdi xaridor.
– Bo‘lgani shu, mulla, qimmatlik qilsa olmay qo‘ya qoling, – debdi egarchi.
Nihoyat, ko‘p talashganlaridan keyin ishqiboz yigit ming tangaga egarni olibdi. Pulni sanab berib, egarni olib ketibdi. Pulni qo‘liga olishi bilan egarchining ko‘zlari olayib, rangi oqarib ketibdi va o‘rnidan turib boyvachchani chaqiribdi. U qaytib kelgach: “Egarni menga bering, pulingizni olib turing!” – debdi egarchi.
– Nima uchun, ota? – debdi xaridor.
– Bir joyida chalasi bor ekan, tuzatish kerak, – debdi usta.
– Mayli, pul sizda tursin, – desa, – Yo‘q, olib turing, – deb pulni egasiga topshiribdi-yu, egarni do‘koniga olib kirib, tesha bilan mayda-mayda qilib tashlabdi.
Ertasiga yangi egar ishlashga kirishibdi.
Тushga yaqin salom berib yigit do‘konga kelibdi va chol bilan ko‘rishib bo‘lgach:
– Ota, sizning ishlaringizni eshitib ishonmagan edim, kelganimga bir hafta bo‘ldi, ishingizni kuzatib yurdim. Eshitganlarimning hammasi to‘g‘ri ekan, – debdi.
– Bolam, mening to‘g‘rimda nima eshitdingiz? – debdi.
– Falon shahardagi novvoydan eshitgan edim. Ota, bir oy emas, bir yil deganda bir egar yasar ekansiz, sotgandan keyin qaytib olib sindirdingiz, yana shunday egarni yasaysiz, bir kun buni ham sindirasiz-ku, hech bo‘lmasa bir yillik mehnatingizga achinmaysizmi? – debdi yigit.
– Qo‘y, bolam, meni ishdan qoldirma!
– Yo‘q, ota, men qo‘ymayman, aytasiz.
– Uni aytishga vaqtim yo‘q, – debdi usta.
– Keling, otajon, ayta qoling! – debdi yigit.
Nihoyat:
– Mening bir shartim bor, shuni topib kelsang, men ham aytaman, – debdi usta.
– Mayli, ota, ayting! – debdi yigit.
– Bir shaharda Sanobar degan podshoh bor emish, shu Sanobar Gul degan qizni besh-olti yoshlik vaqtida yaxshi ko‘rib, ota-onasini ham rozi qilib olibdi va unga yaxshi enagalar tayin qilibdi. Qizning tarbiyasi uchun hech narsani ayamabdi. Nihoyat qiz voyaga yetgach, to‘y qilib olibdi. Hozir shu bechora Gulni temir qafasga solib qo‘ygan emish. Bu xotinni shunday qiynar ekan, qo‘yib yuborsa bo‘lmasmidi, uni ota-onasi voyaga yetkazib, o‘z munosibiga bersa bo‘lmasmidi? Borib shu sirni bilib kelsang, men ham bu sirlarni aytib beraman, – debdi.
Yigit egarchi bilan xayrlashib, gilamchaga o‘tirib Sanobarshoh shahriga ravona bo‘libdi.
Baland qal’a. Qal’aning ustida soqchi sarbozlar oyboltalarini yelkalariga qo‘yib, o‘q-yoylarini bo‘yinlariga osib yurgan ekanlar. Shaharda o‘n-o‘n besh kun yurib, past-balandni ko‘rib, yaxshi-yomonni ajratib bilib olibdi.
Yigit ko‘p o‘ylab, Sanobarshoh huzuriga kirish chorasini izlabdi. Nihoyat, bir dehqon yordamida podshohning oshxonasiga shogird bo‘lib kiribdi.
Oshxonada astoydil xizmat qilibdi, tez kunda oshpazlik hunarini o‘rganib olibdi. Mehnatini ayamabdi, tirishqoqlik bilan ishlabdi. Oshpazlikdan tashqari suv tashibdi, og‘ir mehnat qiluvchilarga qarashibdi. Mehnatsevarligidan hammaning hurmatiga sazovor bo‘libdi. Uni oshxonadagilar yaxshi ko‘ribdilar. Bora-bora u Sanobarshoh oshpazining yordamchisi bo‘libdi.
Bu vazifada u jonu dili bilan ishlabdi, podshoh yeydigan ovqatlarining deyarli hammasini o‘rganibdi, hatto usta oshpazdan ham mazaliroq ovqat pishiradigan bo‘libdi. Katta oshpaz ovqatlarni yigitga pishirtirib, o‘zi uni kuzatib yurar ekan.
Kunlardan bir kun usta oshpaz o‘rtog‘inikiga to‘yga ketibdi.
Ertasi kuni yigit bor hunarini ishga solib ovqatlarni pishiribdi. Vaqt-vaqtini bilib ovqatlarni podshohga kirgizib turibdi.
Ertasiga katta oshpazning o‘zi ovqat tayyorlabdi.
Тushki ovqatdan keyin Sanobarshoh oshpazni chaqirib undan:
– Kechagi ovqatlarni kim pishirgan edi? – deb so‘rabdi. Qo‘rqib ketgan oshpaz:
– O‘zim, podshohi olam, – debdi.
– Rostini ayt!
– O‘zim pishirdim, – debdi.
– Yolg‘on aytma, kechagi oshpaz boshqa!
– Podshohi olam, bir qoshiq qonimdan o‘tsangiz aytaman, – debdi oshpaz.
– Ayt, o‘tdim! – debdi shoh.
– Shohim, bir yilcha bo‘ldi, yoshgina bir bolani oshxonaga ishga olganmiz, hozir u men bilan ishlaydi, o‘zi juda uddaburon, qo‘l-oyog‘i chaqqongina, tirishqoq, serharakat yigit.
– Ilgari u senga shogird bo‘lgan bo‘lsa, endi sen unga shogird bo‘lishing kerak. Ovqatni u sendan yaxshi qilar ekan, bor, shu yigitni mening oldimga yubor, – debdi. Oshpaz podshohga uch martaba ta’zim qilib chiqib ketibdi. Oshxonaga kelib yigitga:
– Ukam, omading kelgan ekan, shoh seni chaqiryaptilar. Agar seni mening o‘rnimga bosh oshpaz qilib tayinlasalar, meni esingdan chiqarma, ukam, har holda seni oshpazlikka men o‘rgatdim-ku, – debdi.
(…davomi keyingi sonda)
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!