Bugun, ya’ni 2-mart kuni O‘zbekiston tarixida muhim sana sifatida qayd etilgan. Chunki 1992-yil, 2-martda O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli vakili sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) a’zoligiga qabul qilindi. O‘zbekistonni tashkilotga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida ovozga qo‘yilmagan holda qabul qilindi.
Bu tarixiy voqea xorijdagi o‘zbeklar tomonidan ham keng nishonlandi. 1992-yil 2-mart kuni Nyu-Yorkda BMT shtab-kvartirasi oldida mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi. Ushbu bayroqni ko‘rish uchun AQShdagi ming-minglab o‘zbeklar Nyu-Yorkka kelishdi. O‘sha kuni BMT binosi oldida O‘zbekiston bayrog‘iga ta’zim bajo keltirayotgan milliy libosdagi ko‘plab erkak va ayollarni ko‘rish mumkin edi.
Undan keyin 1993-yil 24-oktabr kuni Toshkentda Xolid Malik boshchiligida BMT vakolatxonasi ish boshladi.
O‘zbekistonda BMTning o‘ndan ortiq dasturlari, jamg‘armalari va agentliklari, jumladan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Ta’lim, fan va madaniyat muassasalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO), Aholi qatlamlari fondi (YUNFPA), Xalqaro Bolalar tashkiloti (YUNISEF), Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST), BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (YUNDOK), BMTning OIV/OITS bo‘yicha qo‘shma dasturi (YUNAIDS) BMTning Axborot va ijtimoiy aloqalar bo‘yicha bo‘limi, Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy Komissar boshqarmasi, Sanoat Taraqqiyoti Tashkiloti (YUNIDO), BMTning Ko‘ngillilar Dasturi (YUNV) faoliyat olib boradi.
O‘z navbatida BMTning Nyu-York va Jeneva shahridagi qarorgohida O‘zbekistonning doimiy vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatib keladi.
O‘zbekiston BMT bilan xavfsizlik, tahdidlarga qarshi kurashish, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, Afg‘oniston masalasini tinch yo‘l bilan hal etish, ekologik muammolarni bartaraf etish, Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hudud sifatida e’tirof etish, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, ta’lim, fan va madaniyatni rivojlantirish, me’moriy yodgorliklarni asrash va qayta tiklash, ularni umumbashariy obidalar sifatida nufuzini ko‘tarish kabi bir qancha masalalar bo‘yicha hamkorlik olib boradi.
Xususan, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT doirasida 1997-yilda Afg‘oniston muammosi yuzasidan “6+2 guruhi” tashkil etildi, Markaziy Osiyo esa yadro qurolidan xoli hudud, deb e’lon qilindi, Orol muammosi va mintaqaviy ekologik masalalar yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirildi.
Keyingi yillarda BMT va O‘zbekiston hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilgan. 2017-yil 19- sentabrda Shavkat Mirziyoyev AQShda bo‘lib, BMTning 72-sessiyasida nutq so‘zladi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotidagi o‘zgarishlar hamda aniq va asosli manbalarga ega bir nechta tashabbuslarni ilgari surdi.
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) – Yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. BMTni barpo etish haqidagi qaror sobiq SSSR, AQSh, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi kengashida 1943-yilda, Ustavi esa San-Fransisko konferensiyasida 1945-yilda qabul qilindi. BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan, 2000-yilda esa ular soni 189 taga yetdi. Ayni vaqtda esa unga a’zolar soni 193 taga yetgan. BMT davlatlarda oladigan a’zolik badali orqali faoliyatini moliyalashtiradi. O‘zbekiston 2019-yilda 892,232 AQSh dollari to‘lagan.
2000-yil 6-8-sentabrda BMTning 55-sessiyasi doirasida “Ming yillik sammiti” bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!