Manba: Motor.ru / Tarjima: Xabardor.uz. O‘tgan yilning sentyabridan Turkmanistonda hukumatning qora rangli xizmat mashinalari oq ranglilariga almashtirildi. Endilikda fuqarolarga ham qora rangli mashinalarni boshqa rangli mashinaga almashtirish tavsiya etilmoqda.
“Motor” sayti qator mamlakatlarning yo‘l harakati bilan bog‘liq eng g‘aroyib qonun-qoidalarini saralab chiqdi va ularning ayrimlari shunchaki mish-mish ekanligini ham aniqladi.
Avstraliya
Avstraliyada haydovchining mashina ichida kalitni qoldirib yoki oynani ochiq holda qo‘yib mashinadan uch metrdan ortiqroq masofaga uzoqlashishi taqiqlanadi. Bu qoidani buzganlar uchun turli shtatlarda turli miqdorda jarima belgilangan. Masalan, Yangi Janubiy Uelsda buning uchun 99 avstraliya dollari (77 AQSh dollari) miqdorida jarima to‘lansa, Viktoriyada 176 dollar (137 AQSh dollari) to‘lanadi.
Bundan tashqari, Avstraliyada yo‘lda turgan hayvonlarga yo‘l ko‘rsatish taqiqlanadi. Masalan, yo‘lingizda turgan sigirlarga signal chalishga yoki qo‘lingizni oynadan chiqarib ularni haydashga haqqingiz yo‘q. Buning o‘rniga yo‘l chetiga to‘xtab, dvigatelni o‘chirishingiz va jonivorlar yo‘lni bo‘shatishini kutib turishingiz lozim. Viktoriya shtatida ushbu qoidaga amal qilmaganlar 141 dollar jarima to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Buyuk Britaniya
Ilgarilari Londonning Xakni rayonida ishlagan izvoshchilarga bir bog‘ somon va bir qop sulisiz yo‘lga chiqish taqiqlangan. Agarda izvoshchi otiga yem berishiga to‘g‘ri kelib qolsa-yu, yonida yem bo‘lmasa u yo‘lda to‘xtab qolishi mumkin deb hisoblangan. Bu qoida XIX asr boshlarida kiritilgan bo‘lib, 1976 yilga kelibgina bekor qilingan.
Bu qoida haqida hozirgacha gapirib yurishadi. Bu yerda ishlash uchun kelgan haydovchi-migrantlar rostdan ham ushbu qoida amaldami-yo‘qmi, agarda amalda bo‘lsa, jarima miqdori qanchaligini so‘rashadi.
O‘zi bilan somon va suli olib yurish haqidagi gapni Avstraliyada ham eshitish mumkin. Bu yerda qoida yanada qat'iyroq: nafaqat taksichilar, balki barcha fuqarolar yonida yem olib yurishlari lozim. Bu hazilni britaniyaliklar o‘ylab chiqarishgan.
Germaniya
Germaniyadagi yo‘l qoidalarini bema'ni yoki g‘alati deyishga til aylanmaydi. Mahalliy avtoshosselarda mashinani soatiga 60 kilometrdan past haydash va shosseda piyoda yurish taqiqlanganini qanday atash mumkin?
Lekin Germaniyada ham antiqa deyishga munosib qonunlar ham bor. Masalan, mashinani yakshanba yoki bayram kunlari yuvish taqiqlanadi. Xo‘sh, bunisiga nima deysiz?
Bundan tashqari, haydovchi barmog‘i bilan boshqa haydovchiga nojoiz qiliq qilishi ham mumkin emas. Buning uchun jarima daftariga besh ball qo‘yiladi. Ballaringiz miqdori sakkiztaga yetsa, haydovchilik guvohnomangizdan ayrilasiz. Taqqoslash uchun: agar haydovchining qonida 0,5 promille alkogol topilsa, uch ball qo‘yiladi, harholda barmoq bilan qiliq qilishga nisbatan kamroq.
Daniya
Daniyada ham Germaniyadagi kabi g‘alati qoidalarni uchratish mumkin (aslida esa ular insonlar xavfsizligiga xizmat qiladi). Masalan, bu yerda haydovchilar mashinani yurgizishdan oldin signal chalish va avtomobil chiroqlarini o‘chirib-yoqishga majbur. Yoki Avstraliyadagi singari bu yerda ham haydovchilarga jonivorlarni yo‘ldan haydash taqiqlanadi.
Lekin dvigateli ishlab turgan avtomobil ostida bo‘lish taqiqlanganini qanday tushunish mumkin? Bu avtomobil tuzatuvchi ustalar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i. Buning ustiga, mashinani yurgizishdan oldin nafaqat signal chalish va chiroqlarni o‘chirib-yoqish, balki mashina ostida bolalar bor-yo‘qligini ham tekshirish talab qilinadi.
Ispaniya
Ispaniyada ko‘zoynak taqadigan haydovchilar mashinalarida zaxira ko‘zoynak olib yurishlari lozim. Bu qoidani chiqarganlar haydovchi mabodo taqib yurgan ko‘zoynagi sinib qolsa mashinasini biror joyga olib borib urmasin deyishgan bo‘lsa kerak.
Yaxshiyamki, 1997 yilda ko‘zoynakli haydovchilar to‘polon qilishganidan so‘ng bu qoidagi o‘zgartirish kiritildi. Endilikda u qoida emas, shunchaki tavsiyaga aylangan.
Kanada
Monrealda haydovchilarga mashinani garaj oldida boshqa mashinalarga xalaqit beradigan holatda qo‘yish taqiqlangan.
Rossiya
Rossiyada mashina raqami kir bo‘lib ketgani uchun og‘zaki ogohlantirish yoki 500 rubl jarima belgilangan.
Tomskda esa piyodaga loy sachratib ketgan haydovchilar 500 rubl jarima to‘lashadi. Xuddi shunday holat uchun Yaponiyada ham haydovchi jarimaga tortiladi.
Kipr
Bunday qonunlar ustidan miriqib kulish mumkin, lekin ularning haqiqatan ham mavjudmi-yo‘qmi, tekshirib ko‘rish hech kimning xayoliga kelmaydi. Masalan, Kiprda mashina boshqarayotgan paytda suv ichish taqiqlanganligini olaylik.
Aslida Kiprda nafaqat rulda suv ichish, balki ovqatlanish ham taqiqlanadi. Oddiygina “Snikers” yeb ketayotgan haydovchi 85 yevro jarimaga tortilishi mumkin. Bu qoida buzilishi mashina boshqarayotib mobil telefonda so‘zlashishga tenglashtiriladi.
Xitoy
Xitoylik haydovchilar esa piyodalarni “zebra”da o‘tkazib yuborish uchun to‘xtashni ham sharmandalik deb hisoblaydilar.
Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, bu mamlakatda piyodalar o‘tish chizig‘i oldida to‘xtash mumkin emas. Xitoyda qonun haydovchilar tarafida. Piyodalar haydovchidan pul undirish maqsadida ataylabdan yo‘l-transport hodisasini sodir etishlari mumkin deb hisoblanadi.
Lekin piyodalar ham haydovchilardan qolishishmaydi. Mabodo haydovchi kutilmaganda piyodani “zebra”da o‘tkazib yuborsa, unga hech kim minnatdorchilik bildirmaydi. Chunki piyoda uchun bu uyat hisoblanadi.
Xitoyda shuningdek mast haydovchi bilan bir mashinada ketayotgan hushyor yo‘lovchilarni jazolashga oid qonunni ham qabul qilishga urinishgan. Makedoniyada esa bu borada yanada antiqa qonun chiqarilgan – mast odamlar mashinaga o‘tirishlari mumkin emas.
AQSh
Amerikaning ayrim shtat va shaharlaridagi qoidalar esa mutlaqo ajabtovur. Bu yerda harakatlanayotgan avtomobilda ketayotib kitga o‘q uzish taqiqlanadi (Tennesi shtati), ko‘zni bog‘lagan holda mashina haydash mumkin emas (Alabama shtati) va mashinada qopqog‘i yopiq holda ham pivo olib yurishga ruxsat yo‘q (Rod-Aylend shtati). Aytishlaricha, Massachusets shtatida mashinaning orqa o‘rindig‘ida gorillani olib yurish mumkin emas, San-Fransisko shahrida esa mashinani ichki kiyim bilan artish taqiqlanadi.
Bunday qoidalar ro‘yxatini tinimsiz davom ettirish mumkin, lekin haqiqatga yaqinroqlariga to‘xtala qolamiz.
Oksfordda (Missisipi shtati) baland ovozda signal chalish mumkin emas: otlar cho‘chib ketishi mumkin. Sarasota shahrida (Florida) piyodani urib yuborganlik uchun atigi 78 dollar jarima to‘lanadi. Amerikaliklar uchun bu g‘alati tuyuladi, chunki odatda piyodani urib yuborganlik uchun sudyalar bir necha ming dollarlik jarima belgilashadi.
Saudiya Arabistoni
Saudiyada ayollarga mashina minish taqiqlanadi.
Bu taqiq 1990 yilda kuchga kirgan. Lekin ayrim ayollar avtomobil minishga o‘zlarida shijoat topishadi.
Aslini oladigan bo‘lsak, “tennessi kitlari” va “massachusets gorillalari” shunchaki o‘ylab topilgan uydirmalardir. Massachusetsning rasmiy saytida bunday qonun yo‘qligi haqida yozib qo‘yilgan.
Shtatda oddiy mashinada yirik hayvonlarni olib yurish taqiqlanadi. Mashinaning “orqa o‘rindig‘idagi gorilla” haqida hech qanday so‘z yo‘q. Kitlar haqidagi qoida ham shunday: Tennessida harakatlanayotgan transport vositasidan jonivorlarga o‘q uzish taqiqlanadi. Kitlar haqida alohida band yo‘q.
Shunday ekan, xorijga sayohat oldidan u yerning yo‘l harakati qoidalari haqidagi ma'lumotlarni yaxshilab o‘rganing. Yozilganlarning bari ham haqiqat bo‘lib chiqmasligi mumkin.
Qiziqarli ruknlar: POZITIV / AJABTOVUR VOQeALAR / G‘AROYIB KIShILAR
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!