Ishga kirayotgan har bir xodim uchun qancha maosh olishi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Ammo birinchi suhbatning o‘zidayoq ish beruvchidan qancha oylik to‘laysizlar, deb so‘rash o‘rinlimi? Bu savolni qachon bergan ma’qul? “Robert Half” global konsalting firmasi tahlilchilari bu borada bir qancha foydali tavsiyalarni berib o‘tdi. Ularning fikricha, birinchi suhbatning o‘zida pul haqida so‘rash ish beruvchida ijobiy fikr qoldirmaydi...
1. Sabrli bo‘ling
Robert Half’dagilar oylik maosh haqida telefonda suhbatlashayotganda yoki birinchi suhbatda ham gaplashish kerak emas, deb ta’kidlashadi. Negaki, bu bosqichlarda nomzod o‘zining professional mahoratini ko‘rsata olishi kerak. Ishning moliyaviy tomonlarini ikkinchi suhbat vaqtida muhokama qilish mumkin. Suhbat vaqtida bu haqda so‘rashdan avval siz ishga kirmoqchi bo‘lgan kompaniya haqida ma’lumotlarni ko‘proq bilishga harakat qiling. Bu sizning yangi ish joyiga qiziqayotganingizni ko‘rsatadi. Kompaniya haqida gap ketganda tajribali ish beruvchining o‘zi qancha maosh olishingiz to‘g‘risida so‘raydi. Savolga ham darrov javob berib yubormang: bunda aniq summani aytmang.
Summani birinchi bo‘lib o‘zingiz ma’lum qilmang
Nomzod uchun eng yaxshi variant bu – oylik maosh miqdorini ish beruvchining o‘zi taklif qilishidir. Aynan mana shu summa siz va ish beruvchi o‘rtasida muhokama mavzusiga aylanishi mumkin.
Ammo ayrim ish beruvchilar suhbatga kelgan xodimdan birinchi bo‘lib qancha oylik maosh olishni istashi haqida so‘rashga odatlanishgan. Bunday holatlarda siz istayotgan summaning taxminiy miqdorini ma’lum qilishingiz mumkin. Shunda ish beruvchi yanada aniqlik kiritish maqsadida aynan necha pul olishni istayotganingizni so‘raydi. Shunda siz “bu haqda sal keyinroq suhbatlashsak bo‘ladimi? Avvaliga kompaniyangiz va menga taklif qilmoqchi bo‘lgan ish haqida ma’lumot bersangiz. Shunga qarab, oylik maosh miqdori o‘zi ma’lum bo‘lib qolar edi”, qabilida chiroyli javob berish mumkin.
Oylik maosh haqida ma’lumot yig‘ing
Suhbatga borishdan avval o‘rtacha oylik ish haqida ma’lumotga ega bo‘lib oling. Bu haqida tanish-bilishlardan ham so‘rab olish zarar qilmaydi.
Kelishishga harakat qiling
Suhbat vaqtida ish beruvchi sizga mos kelmaydigan, siz kutmagan ish haqi summasini ma’lum qilsa, darrov turib ketib qolmang. Robert Half mutaxassislarining aytishicha, ish beruvchi avvaliga oylik maoshning start miqdorini aytishi mumkin. Siz mana shu boshlang‘ich narx borasida muzokaralar olib borib, yagona bir to‘xtamga kelishingiz mumkin.
Faktlarga suyanish
Har bir pozitsiyangizni fakt va dalillar bilan to‘ldirishga harakat qiling. Agar sizga ko‘ngildagidek oylik maosh taklif qilishmagan bo‘lsa, avvalgi ish joyida erishgan yutuqlaringiz, muvaffaqiyatlaringiz va shunga yarasha to‘langan maosh miqdori haqida so‘zlashingiz mumkin.
Aldashga urinmang
Ish beruvchini boshqa kompaniyalarning sizga taklif qilgan oylik maoshi haqida to‘qima gaplaringiz bilan laqillatishga urinmang. Yolg‘on baribir bir kun yuzaga chiqadi. Ish beruvchi bilan har qanday masalani chin va haqqoniy muhokama qilishga harakat qiling.
Yozma ma’qullash
Oylik maoshingiz to‘g‘ri ko‘rsatilgan shartnomanigina imzolashni tavsiya qilamiz. Ish beruvchi bilan bir to‘xtamga kelganingizdan keyin oylik maosh va sizga yuklatilgan vazifalar qayd etilgan shartnoma, albatta, qo‘lingizga keladi. Unda qandaydir bir tushunarsiz holatlar bo‘lsa, bu haqida ish beruvchiga ma’lum qiling.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!