Kecha, 11-fevral kuni Brent neftining 2022-yil apreli uchun yetkazib beriladigan fyucherslari 95 dollardan oshdi. Bu 2014-yil oktabr oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Qayd etilishicha, neft narxi so‘nggi bir necha hafta ichida taklif tanqisligi va talabning tiklanishi sabab o‘sib bormoqda. “Qora oltin” narxining oshishi Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqda geosiyosiy taranglikni keltirib chiqaradi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi kutilayotgani haqidagi xabarlar fonida neft, dollar va yevro ham muttasil ko‘tarilib bormoqda. AQSh Rossiya prezidenti Vladimir Putin allaqachon hujum haqida qaror qabul qilib, bu haqda harbiylarni xabardor qilgan, deb hisoblaydi.
“JP Morgan” banki tahlilchilarining fikricha Ukraina atrofida kuchayib borayotgan keskinlik tufayli Rossiya neftining eksporti ikki baravar qisqaradi va Brent narxi bir barrel uchun 150 dollarga yetishi mumkin.
Shuningdek, 2021-yil avgust oyidan boshlab “OPEK+” 2020-yilda talab keskin pasayganidan so‘ng joriy etilgan neft qazib olish bo‘yicha cheklovlarni yumshatmoqda. 2-fevral kuni “OPEK+” yig‘ilishi ishtirokchilari mart oyida ishlab chiqarish kvotasini kuniga 400 ming barrelga oshirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Ma’lumot uchun, bunga qadar Brent markali neftning bir barrel uchun maksimal narxi 2008-yilning iyulida 147,5 dollarni tashkil etgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!