Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi bilan tanishdi.
Yurtimizda qishloq va suv xo‘jaligida energiya sarfi ortib borayotgani hisobga olinib, “yashil” energiya quvvatlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Agrovoltaika usuli bir yerning o‘zida ham mahsulot yetishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda agrovoltaika yo‘nalishida 10 gigavattgacha quvvat yaratish salohiyati mavjud.
Bu yondashuv O‘zbekiston sharoitida, ayniqsa, quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan hududlar uchun samaralidir. Panellar ekinlarga soya berib, tuproq namligini uzoqroq saqlaydi, suv sarfini kamaytiradi. Ekinlar esa yer haroratini me’yorda ushlab, quyosh modullarining samarali ishlashiga yordam beradi.
Majmuada suv tejamkorligiga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar ham joriy etilgan. Xususan, Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Bu usul suvni ekin maydoniga bir me’yorda yetkazib, tuproq namligini saqlash, o‘g‘itni maqsadli berish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Mazkur texnologiya avval respublikadagi fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilib, suv sarfini 40 foizga, o‘g‘it sarfini 35 foizga, qo‘l mehnatini 90 foizga kamaytirish va hosildorlikni 25 foizga oshirish samarasini ko‘rsatgan.
110 gektar maydonni egallagan majmuada intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari uyg‘unlashtirilgan. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan mamlakatimizdagi ilk agromajmualardan biri hisoblanadi.
Hududda 10 mingta quyosh paneli o‘rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlar uchun soya hosil qilishga xizmat qiladi. Baliqchilik hovuzlarida kislorod berish jarayoni elektr energiyasi hisobiga amalga oshiriladi, hovuz suvi esa mineral moddalarga boy holda uzumzor va bog‘larni oziqlantirishga yo‘naltiriladi.
Chorvachilik yo‘nalishida qoramollar quyosh panellari soyasida saqlanadi, bog‘ hududidagi o‘tlar bilan oziqlanadi, organik o‘g‘it esa yer unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Shu tariqa majmuada energiya, suv, ozuqa va o‘g‘it bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga birlashtirilgan.
Bunday tizim qishloq xo‘jaligi, energetika va chorvachilikni o‘zaro bog‘lab, yerdan ikki karra samara olish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. Eng muhimi, bu fermerlar daromadini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Hozirda agromajmuada uzumning eksportbop “Avatar” navi yetishtirilib, zotdor qoramol va qo‘ylar parvarishlanmoqda, intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 100 dan ortiq oilaning daromadi oshirilib, 350 nafar aholi bandligi ta’minlanmoqda. Eksport hajmi 2,5 million dollarni tashkil etadi.
Endilikda nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun noyob bo‘lgan ushbu tajribani respublikaning 13 ta hududida 2 ming gektar maydonda ommalashtirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari majmua faoliyati bilan tanishar ekan, agrodronlar yordamida ekinlarni dorilash va monitoring qilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!