BBCning yozishicha, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgan.
Makron sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan BMT Bosh assambleyasi sessiyasida rasman Falastinni tan olishi haqida e’lon qilinishini aytgan. Bu bilan Fransiya G7 davlatlari ichida Falastin davlatchiligini tan olgan birinchi mamlakat bo‘ladi.
24-iyul kuni X’dagi postida Makron shunday deb yozgan: “Bugungi kunning dolzarb talabi G‘azodagi urushning tugatilishi va tinch aholining qutqarilishidir. Tinchlikka erishsa bo‘ladi. Zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo aholisiga ommaviy gumanitar yordam berish lozim. Yaqin Sharqda adolatli va barqaror tinchlikka bo‘lgan tarixiy sodiqligimga amal qilgan holda, men Fransiya Falastin davlatini tan olishiga qaror qildim. Biz, shuningdek, HAMASning qurolsizlanishini kafolatlashimiz, G‘azoni xavfsiz hududga aylantirishimiz va qayta tiklashimiz kerak. Falastin davlatini qurib, uning hayotiyligini ta’minlab, Yaqin Sharqdagi barcha davlatlarning xavfsizligiga hissa qo‘shishimiz talab etiladi. Boshqa yo‘l yo‘q”.
Fransiya rahbari Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga uning qarorini tasdiqlovchi maktubni ham ilova qilgan. Makronning bayonotiga javob tariqasida Abbosning o‘rinbosari Husayn Al-Shayx shunday dedi:
“Bu pozitsiya Fransiyaning xalqaro huquqqa sodiqligini tasdiqlaydi. Shuningdek, ushbu qaror Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini va mustaqil davlatimizni barpo etishni qo‘llab-quvvatlashni aks ettiradi”.
Falastin rasmiylari Makronning qarorini olqishlagan bo‘lsa, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu qadam “terrorni mukofotlash” ekanini aytdi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio Makronning bayonotini qat’iyan rad etib, uning qarorini beparvolikka yo‘ydi. Netanyaxu X’da shunday post qoldirdi:
“Biz prezident Makronning Falastin davlatini tan olish qarorini keskin qoralaymiz. Falastin bunday sharoitda Isroilni yo‘q qilishga harakat qiladi, uning yonida tinch yashamaydi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, falastinliklar Isroilnig yonida alohida davlat bo‘lishni emas, balki Isroilning o‘rniga davlat bo‘lishni istaydi”. Bugungi kunda Falastin davlati BMTga a’zo 193 davlatning 140 dan ortig‘i tomonidan tan olingan. Yevropa Ittifoqining bir necha davlatlari, jumladan, Ispaniya va Irlandiya shular jumlasidandir. Ammo Isroilning asosiy hamkori AQSh va uning ittifoqchilari, jumladan, Buyuk Britaniya Falastin davlatini tan olmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!