Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda soʻnggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta oʻsish kuzatilib, viloyat koʻplab yoʻnalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylangani taʼkidlandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi esa 6 barobarga oshib, 40 trillion soʻmga yetgan.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlari boʻyicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼati 8,2 foizga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion soʻmni, xizmatlar hajmi 56,3 trillion soʻmni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi 916 million dollarga yetgan.
Davlatimiz rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida Namanganda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni ishga solish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyat rahbariyati oldiga iqtisodiyotni 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni 1,2 milliard dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.
Yil yakunigacha ishsizlikni 3,5 foizga, kambagʻallikni 2,5 foizga tushirish, Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda sunʼiy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Norin tumani misolida bu yil investitsiyani ikki karra, sanoatni 10,4 foizga va eksportni 35 foizga oshirish imkoniyatlari aniqlangani aytildi. Endi ushbu yondashuvni viloyatning barcha tumanlariga tatbiq etish topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bugungi sharoitda eng dolzarb masalalardan biri ekani qayd etildi. Shu bois, viloyatda kam samarali 2,5 ming gektar bogʻlar oʻrnida zamonaviy intensiv bogʻlar tashkil qilish va 8 ming gektar yerni oʻzlashtirish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali qoʻshimcha daromad manbalari va yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Yigʻilishda yirik investitsiya loyihalariga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, “Namangan” erkin iqtisodiy zonasining “Sabzazor” massivida umumiy qiymati 547 million dollarlik 15 ta loyihani toʻliq amalga oshirish uchun qoʻshimcha elektr podstansiyasi qurish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Hozirgacha bu yerda 215 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushgan.
Shuningdek, qiymati 20 million dollar boʻlgan zamonaviy IT-park binosini barpo etish taklifi bildirildi. Ushbu loyiha axborot texnologiyalari sohasiga xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish, hududda raqamli transformatsiya, sunʼiy intellekt, elektron tijorat va startap ekotizimini jadal rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Davlatobod tumanini “Aqlli shahar”ga aylantirish, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli boʻsh obyektlar negizida sunʼiy intellekt ilmiy laboratoriyasi va startaplar klubini tashkil etish tashabbuslari ham muhokama qilindi.
“Namangan – aqlli shahar” yagona raqamli platformasi orqali kommunal xizmatlar, chiqindilarni boshqarish, ekologik monitoring va transport tizimlarini bosqichma-bosqich integratsiya qilish rejalashtirilgani aytildi.
Sanoat va tadbirkorlik boʻyicha qator yangi tashabbuslar koʻrib chiqildi. Jumladan, Chust tumanida quvvati 60 megavatt boʻlgan yashil energiya loyihasini amalga oshirish uchun 24 gektar yer maydoni ajratish taklifi ilgari surildi.
Chortoq tumanida alkogolsiz salqin ichimliklar, sharbatlar va bolalar ozuqasi ishlab chiqarish korxonasi loyihasi taqdim qilindi.
Qishloq xoʻjaligida ham katta zaxiralar borligi taʼkidlandi. 2026-2027-yillarda yangi intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish tashabbuslari doirasida 3948 gektar maydonda bogʻ va tokzorlar tashkil qilish, 1,3 million dona koʻchat ekish, 1,5 ming gektarda tomchilatib sugʻorishni joriy etish rejalashtirilgan.
Parrandachilik sohasida 50 million dollarlik yirik loyiha amalga oshirilishi, uning doirasida 813 million dona tuxum va 2 ming tonna goʻsht ishlab chiqarish quvvati yaratilishi maʼlum qilindi. Bu viloyatning tuxumga boʻlgan ehtiyojini toʻliq taʼminlash, Markaziy Osiyo va arab davlatlariga 42 million dollarlik parranda goʻshti hamda tuxum mahsulotlari eksport qilish imkonini beradi.
Turizmni iqtisodiyotning drayver sohasiga aylantirish masalasi ham muhokamaning markazida boʻldi.
Viloyatni vodiy turizmi markaziga aylantirish maqsadida Pop tumanida Arashan koʻllari atrofida zamonaviy va innovatsion turizm majmuasi, Qamchiq dovoni hududida “Qamchiq Mountain Resort” xalqaro koʻp funksiyali togʻ dam olish zonasi, Chodak qishlogʻi Guliston mahallasida turizm markazi, Kosonsoy tumani Olmazor mahallasida chegaradosh hudud salohiyatidan foydalangan holda yirik turizm maskanini tashkil etish, Yangiqoʻrgʻon tumani Nanay hududida sunʼiy koʻl loyihasini amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, Namangan shahrining eski shahar qismida milliy meʼmorchilik, hunarmandchilik anʼanalari va zamonaviy servisni uygʻunlashtirgan turizm majmuasini tashkil etish, “Chorsu” va “Sardoba” bozorlari negizida zamonaviy “Ekobozor”lar barpo qilish, koʻp qavatli avtoturargohlar qurish takliflari bildirildi. Bu loyihalar shahar iqtisodiyotini faollashtirish, savdo va xizmatlar sohasida yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.
Infratuzilmani yaxshilash boʻyicha ham qator yirik loyihalar koʻrib chiqildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida Namangan shahri kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish, shuningdek, Uchqoʻrgʻon va Uychi tumanlari markazlarini ilk bor markazlashgan oqova suv tarmoqlari bilan taʼminlash loyihalari taqdim etildi. Uychi va Uchqoʻrgʻonda 10 ming kub metrlik yangi oqova suv inshooti, 40 kilometr yangi tarmoq va 28 kilometr taʼmirtalab tarmoqni yangilash orqali 42 ming nafar aholi va 6983 ta xonadon qamrab olinishi belgilangan.
Yangi Namangan shaharchasida qurilish ishlarini jadallashtirish masalasiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Loyiha doirasida 30 ming yangi ish oʻrni yaratish, 25,2 kilometr yoʻlni taʼmirlash, 7,2 kilometr piyodalar yoʻlakchasini, 4,7 kilometr suv tarmogʻini va 7,4 kilometr yashil hududni barpo etish nazarda tutilgan.
Ijtimoiy sohada ham yirik tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, Namangan shahrida 2026-yilda 15 ming oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil qilish, 21 ta taʼlim muassasasidagi boʻsh turgan 42 ming kvadrat metr yer maydonlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻcha qurish uchun ajratish taklif qilindi.
Sogʻliqni saqlash sohasida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya markazining Namangan filialini tashkil etish, onkologiya va radiologiya markazini zamonaviy PET-tomograf apparati bilan jihozlash, koʻp tarmoqli tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish va yuqori texnologiyali operatsiyalarni yoʻlga qoʻyish kabi tashabbuslar koʻrib chiqildi. Bu orqali nafaqat viloyat aholisi, balki qoʻshni hududlardan keluvchi bemorlarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati kengayishi aytildi.
Yigʻilish yakunida Prezidentimiz Namangan viloyatida mavjud salohiyatni toʻliq ishga solish, har bir loyihani aniq natijaga aylantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, eksportbop va yuqori qoʻshilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni kengaytirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!